Zomin va Buyuk Ipak yo’li

Zomin tarixi O’rta Osiyoning boshqa ko’plab qadimiy shaharlari kabi savdo-sotiq, shahar va qishloqlar, dehqonlar va chorvadorlar orasidagi ichki hamda xalqaro mahsulotlar almanuvidan tortib, yirik transit aloqalar bilan chambarchas bog’liq bo’lgan.

O’zaro tovar almashinuv va savdo-sotiq shaharlar tizimining shakllanishi, taraqqiy etishi, turli mamlakatlar bilan o’zaro bog’lanish rivojida katta rol o’ynadi. Xalqaro savdo yo’llari ko’rinmas, ammo mustahkam rishtalar bilan ko’plab mamlakatlarni Yaponiya va Xitoydan tortib, O’rta Yer dengizigacha, Rus va Oltin O’rdadan to Hind ummoniyu Shimoliy Afrikaga qadar o’lkalarni bog’lagan edi.

Sharqda ham, Ovro’pada ham savdogarlar aholining eng tashabbuskor, jasur, epchil, ishbilarmon va ziyoli toifalaridan biri hisoblangan. Ular qiyinchiliklardan qo’rqmaydigan, har qanday muhit va siyosiy vaziytaga oson moslasha biladigan tadbirkor insonlar edi. Ularning xizmatidan siyosiy arboblar va ruhoniylar tez-tez foydalanib turishgan. Zero, savdogarlar ma’lum ma’noda diplomat ham bo’lganlar, tez-tez tinchlikparvarlik tadbirlarida qatnashganlar, aholi bilan muloqotda bo’lishgan va o’z shaharlarining gullab-yashnashida fidoyilik ko’rsatganlar.

Bu karvon yo’llaridan noyob tovar-mollari bilan butun jahonga o’z shaharlarini ko’z-ko’z qilgan savdogarlar o’tishar edi. Shu bilan birga, ular bu yerlardan yirik shaharlarda mohirona ishlangan sifatsiz soxta mahsulotlarning ommaviy ravishda tarqalishiga to’sqinlik qilishardi. Yana bu yo’llardan jahongir qo’shinlar ham, tinch aholi ham harakatlanar edi: me’moriy ko’rinishini va, hatto, nomini yo’qotgan shaharlar, asosan aholi uchun yangi turar joylar qurishni istagan, keyinchalik “Navkent”-Yangiqo’rg’on, Yangiqishloq… nomli shahar va qishloqlarga asos solgan hunarmandlar ham bor edi.

Undan tashqari, karvon yo’llari bo’ylab olimlar va shoirlar, qo’shiqchi-yu, musiqachilar, turli dinlarni tarqatuvchi yoki diniy siquvga olinib, yuz yurtidan bosh olib ketgan ma’naviyat targ’ibotchilari ham kezinishar edi.

Bir so’z bilan aytganda, savdo yo’llari mahsulotlar ayirboshlashda, ilmiy va texnik yutuqlar almashinuvida, madaniyat hamda dinning Yevroosiyo sarhadlarida tarqalishida misli ko’rilmagan darajada xizmat qilgan.

Savdo yo’nalishidagi yo’llar qadim o’troq dehqon madaniyatiga ega old Osiyo, Xitoy, Hindiston kabi yirik davlatlar tomonidan cho’zilgan. Bu davlatlarning poytaxtlari tomon noyob va nodir tovarlar tashilgan. Shuningdek, mazkur yo’llar dashtu biyobon va tog’li hududlarni vohalar bilan ham chambarchas bog’lagan. Bejizga shahar zodagonlarinign uylaridagi kabi ko’chmanchilarning mozor qo’rg’onlaridagi qabrlarda ham nafis ipak matoli kiyimlar, xitoy ko’zgulari, rim va suriya shishalari hamda qizil lokli idish-tovoqlar uchramagan. Ana shuning uchun savdo yo’llari yoqasida turgan aholi joylari, dehqonchilik va chorvachilik madaniyatlari hududlarida kesishgan punktlarni tadqiq etish muhim ahamiyatga ega.

Dastavval qadimda noyob va maxsus tovarlar, asl metal va zeb-ziynatlar ortilgan karvonlar o’tadigan bir qancha turg’un yo’llar ajratib olindi. Olimlar savdo aloqalari tizimiga qarab, ularning turli yo’nalishlar bo’yicha tarqalishini aniqladilar. Masalan, “lojuvard yo’li”, “nefrit yo’li”, “suvsar yo’li”, “oltin yo’li” va hokazolar.

O’rta Osiyo haqidagi ilmiy adabiyotlarda asosiy urg’u tarixning ilk davrlaridagi chekka hududlarga berilgan va barcha dastlabki yo’llar janub mamlakatlari orqali Afg’oniston, Hindiston va Eronga o’tgani e’tirof etilgan. Biroq tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, O’rta Osiyoning janubiy hududlari allaqachonlar tsivilizatsiya shakllangan shahar muzofotlari tarkibiga kirgan. Miloddan avvalgi I ming yillik o’rtalarida Sug’diyona (u paytlarda Ustrushona Sug’diyona tarkibida edi), Xorazm va Baqtriyadan ahamoniylar imperiyasiga oltin, qimmatbaho toshlar, qurilish ashyolari va tuz yetkazib berilgan.

Shuningdek, shimoliy ko’chmanchi chorvador qabilalarda ham Sibirdan tortib to Qora dengizga qadar oldi-berdi qilish imkoniyati bo’lgan.

Tadqiqotlar ilk savdo yo’llari ahamoniylar imperiyasining g’allaga boy Baqtriya shahridan o’tganini va u, o’z navbatida, Sug’d va Ustrushona bilan chambarchas bog’langanini ko’rsatdi. O’rta Osiyoni zabt etish davrida Sug’d qo’zg’olonini bostirishga majbur bo’lgan makedoniyalik Aleksandr mashhur yo’lboshchilarga tayanib, ilk savdo yo’llaridan foydalangan holda Aleksandriya Esxata, ya’ni Chekka Aleksandriya (Xo’jand tumani)dan qisqa yo’l orqali Sug’dga o’tgan. A.Gritsina tomonidan o’rganilgan o’sha davr yodgorliklari muallifga Zomin va Xovos tumanlari chegarasidagi yo’l hududi, avvalboshda hozirgi Zomin-Savat yo’llaridan anchayin shimolga qarab cho’zilgani, u yunonlarga qarshi qo’zg’olonda ishtirok etgan ustrushonaliklarning makedoniyaliklar tomonidan tor-mor etilgan turar joy manzillari orqali o’tgani haqida xulosa qilish imkonini berdi. Keyingi yo’l esa, bir oz janubga qarab cho’zilgan bo’lib, u shimoliy Turkiston tizmasi yoqalab, Yaksart (Sirdaryo) vodiysini bog’laydigan g’oyatda qulay yo’l edi.

Arxeologlar tomonidan Zomindan sharqda joylashgan G’onchi shahrida miloddan avvalgi V-IV asrlarga mansub qishloqlar qoldiqlari va sopol idishlar bo’laklari, shimoli-sharqda esa miloddan avvalgi IV-III asrlarga tegishli ovullar topilgani bejizga emas, albatta. Miloddan avvalgi III-II asrlardagi sug’d atvoriga mos ellin sopol buyumlari, allaqachon Zominning ilk qatlamlarida topilgan edi. Olimlarning fikricha, aynan o’sha paytlarda ayrim xususiy savdo yo’llari o’rniga Xitoydan Ovro’pa shaharlariga qadar ulkan transqit’alararo yo’l tushgan. Ana shu yo’l orqali Sharq mamlakatlaridan G’arbga qarab qordek oppoq chinnilar, kumush, oltin, gilamlar, nafis matolar, qurol-yarog’, sovutlar, turli xil taqinchoqlar va boshqa noyob buyumlar ortilgan karvonlar o’tgan.

Nozik, shaffof, g’oyatda mustahkam va yorqin ranglarga bo’yalgan ipak Sharqning mashhur va doimiy transit savdo mahsulotlaridan biriga aylandi.

Ipak, ayniqsa, yollanma askarlar bilan naqd pul o’rnida hisob-kitob qilishda xizmat qilgan, u yana imperatorlar, mansabdorlar, zodagon ayollar va suyuqoyoq xotinlarga sovg’a tariqasida ham berilgan, ba’zi mamlakatlarda ipak eng dabdabali va madaniy kiyimlardan hisoblangan. Undagi Latif va jonli bo’yoqlar, naqshlar Sharqda Koinot ramzini ifodalagan. Ipakni uzuk orasidan o’tkazib, uning sifatini aniqlashgan. Ipak orqali po’lat shamshirning keskirligi ham tekshirilgan, tig’ havoga itqitilgan ipak durrani bir necha bo’lakka bo’lib tashlashi lozim edi. G’arb bozorlarida tarozining bir pallasiga ipak, ikkinchi pallasiga esa oltin yoki kumush qo’yilgan.

Ipak, nafaqat Rim va Vizantiyada, balki Xitoy imperiyasida ham g’oyatda qadrlangan va shuhrat qozongan. Uni Eron sosoniy shahanshohlari, turk xoqonlari, Sug’d, Ustrushona, Choch va Tohariston aslzodalari ham xush ko’rganlar.

Ana shu sabab, XIX asrda Fridrix fon Rixtgofendan tortib barcha shaqshunos-tadqiqotchilar mazkur yo’llarni yagona atama bilan Buyuk Ipak yo’li deb nomlaganlar.

Ipak yetishtirish va uning savdosi haqidagi rivoyatlar og’izdan-og’izga ko’chib yurgan. Rivoyatlarga qaraganda, Xitoy imperatorlari tut ipak qurti pillasidan tayyorlanadigan ipakni ishlab chiqarish texnologiyasini qattiq sir tutishgan. Buyuk Xitoy devori chegarasidan tashqariga ipak qurtini olib chiqib ketishga uringan har qanday odam qatl etilgan. Lekin shunga qaramay, ipak tayyorlash sirini fosh qilishga bo’lgan qiziqish kundan-kunga ortib borar edi. Roviylarning so’zlariga qaraganda, uddaburon budda rohiblari pillani bambukdan tayyorlangan maxsus, g’ovak aso ichiga joylashgan va Osmonosti imperiyasi sarhadlarida kezinib yurgan bir talay sayohatchi karvonlar orasida g’oyib bo’lishgan.

Yana boshqa bir rivoyatda naql qilinishicha, ko’chmanchilar sardoriga turmushga chiqqan xitoylik malika begona yurtda nafis matodan mosuvo bo’lishdan qo’rqib, ipak pillasini o’zining dabdabali soch turmagi orasiga joylab, Xitoydan olib chiqib ketgan. Biroq hozirgi kunda ilm-fan rivoyat ixlosmandlarining hafsalasini pir qilishga majbur. Qadimgi rimliklar, allaqachonlar Xitoyning ipak tayyorlash usulidan boxabar bo’lganlar, yana ular ba’zida ipakni “daraxtdagi o’rgimchak tolasi”, deb ham atashgan. Ipak ilk o’rta asrlarda imperiyaning eng g’arbiy chegaralari va Sharqiy Turkistonda tayyorlangan. Savdo-sotiq gullagan davrlarda uni Eron sosoniylari va O’rta Osiyoning yirik markazlari o’zlashtirib oladilar. Undan tashqari, ipakka bosilgan sug’d ba sosoniy naqshlari shunchalik shuhrat qozonadiki, hatto Osmonosti imperiyasi hududlariga qadar tarqaladi. Ipak tayyorlashda mohir hunarmand-kosiblar sosoniy va sug’d ustalariga taqlid qila boshlaydilar.

Buyuk Ipak yo’li turli mamlakatlar xalqlarini iqtisodiy jihatdan bog’lovchi, turli xo’jalik shakllari va uzoq muddatli xizmati bilan boshqa savdo yo’llaridan yaqqol ajralib turgan.

Manbalarda yozishicha, miloddan avvalgi III asrlardayoq Xitoyning g’arbdagi qo’shnilar bilan aloqalarni kuchaytirish, mustahkamlashga urinishlar kuzatilgan. Shi-tzi xitoy solnomasida Xitoy jun ko’chmanchi qabilalari va “yerlarida ziyoratchilar xitoy matolari, ko’zgu va bambuk mahsulotlarini uchratgan” Baqtriya bilan savdo-sotiq ishlari, ayniqsa, qo’shnilar bilan ipakni g’allaga ayirboshlangani haqida yozilgan.

Lekin Ipak yo’lining rasmiy chizmalari bevosita Xan davlati hukumatining siyosati bilan bog’liq bo’lgan. Bu paytda Xitoy chegaralarida ko’chmanchi xalqlar o’rtasida o’zaro nizolar avj oladi. Ana shu kurashlarda xun qabilalarining qo’li baland keladi. Miloddan avvalgi II asrlarda yuechjilarga o’lpon to’lovchi xunlar qo’shni ko’chmanchi yuechjilarni tor-mor keltiradi, shundan so’ng yuechjilar xunlardan qochib O’rta Osiyoga yopirilib kirib kela boshlaydi. Ularning bir qismi Choch, Ustrushona va Sug’dga o’tgan bo’lsa, qolgan qismi janubga qarab yo’l oladi va miloddan avvalgi 110 yilga kelib, ellin davlati sanalmish Yunon-Baqtriyani yer bilan yakson qiladi.

Xunlarning kuch-qudratidan qattiq tashvishga tushgan Xitoy imperatori miloddan avvalgi 138 yilda ittifoqchi topish maqsadida diplomatik topshiriq bilan o’z amaldorlaridan biri Chjan Tsyanni yuechjilar oldiga jo’natadi. Afsuski, elchi xunlarga asir tushadi, ularga xizmat qiladi, o’sha yerda uylanadi va faqat o’n yil o’tib, unga nisbatan nazorat susaygani hamon Farg’onaga qochadi. Elchi u yerdan Kangyuyga yuboriladi va shundan keyingina yuechjilar tomonga o’tib oladi. Shu tariqa topshiriq 12 yil davom etadi. Lekin yuechjilar xunlarga qarshi kurashishdan qat’iy bosh tortadilar. Bir yil besamar o’tkazilgan muzokaralardan keyin Chjan Tsyan boshqa yo’l orqali Xitoyga qaytishga ahd qiladi, biroq u yana xunlarga asir tushadi va faqat bir yildan so’ng, mamlakatdagi g’alayonlar sabab qochishga muvaffaq bo’ladi. Garchi unga ittifoqchilarga ega bo’lish nasib etmagan bo’lsa-da, topshiriq g’oyatda muvaffaqiyatli yakunlangani tan olinadi. Bu elchilik safari natijasida rasmiy Xitoy uchun savdo munosabatlarida nihoyatda muhim bo’lgan, gullab-yashnayotgan “G’arbiy o’lka”lar kashf etiladi.

Miloddan avvalgi 119 yilda imperator U-di O’rta Osiyo mamlakatlari bilan savdo-sotiq aloqalarini yo’lga qo’yish maqsadida yana Chjan Tsyan boshchiligidagi elchilardan iborat guruhni o’sha o’lkalarga jo’natadi. Chjan Tsyan usun ko’chmanchilari hududiga o’tadi va u yerdan elchilarni boshqa o’lkalarga yuboradi. Shundan so’ng, turli mamlakatlardan Xitoyga elchilar oqib kela boshlaydi, bunda Ligan (xitoyliklar Rimni shunday atashgan) yurtlariga qadar muntazam ravishda karvonlar qatnovi yo’lga qo’yiladi. Albatta, mazkur yo’l yagona emasdi, zero karvonlar o’z savdo qiziqishlariga mos yo’ldan yurardi: kimdir markazdan markazga, kimir maxsus tovarlar xarid qilish uchun, kimdir siyosiy maqsadlarda diplomat elchilar guruhini kuzatib borar edi. Siyosiy beqarorlik va jo’g’rofiy shart-sharoitlarning tez-tez o’zgarishi sabab, yo’llar turg’un emasdi. Masalan, Samarqanddan Nasafga qarab ikkita yo’l bo’lgan: biri-mavsumiy, qisqa, ammo mashaqqatli, ikkinchisi esa, anchayin uzun, lekin behavotir va barqaror.

Shaharlar orasida joylashgan yo’llarda karvonlar o’tadigan muqim markazlar bo’lgan. Ularning orasida Sug’d poytaxtidan Xitoyga qarab to’rt kunlik yo’l bo’lgan Zomin ham bor. U Ustrushonada ham ichki, ham xalqaro savdo aloqalarida muhim markaz vazifasini o’tagan. U yerda xorij savdogarlarining karvonlari to’xtab o’tgan hamda turli yo’nalishlarga qarab yo’l olgan, buyum-tovarlar qayta taqsimlangan.

Yuqorida aytib o’tilganidek, ushbu yo’llar qadim davrlarda, Xan davlati paytlaridayoq mavjud bo’lgan. Bu yo’llar qadim xitoy manbalarida ham qayd etilgan. Unda asosiy yo’l Xitoydan Niyu orqali Xotan Yorkent, Balx tomonga, “Iosha-shuy (Yaksart-Sirdaryo)” daryosi bo’ylab cho’zilgan shimoliy yo’l esa Dovon (Farg’ona)dan Kanyuy, u yerdan Sirdaryo va Amudaryoning quyi qismida joylashgan Yantzi va Yantsay tomon cho’zilgan. Ehtimol, ana shu paytda makedoniyalik Aleksandrga ko’rsatilgan – Dovondan Xo’jand, Xovos orqali Zominga o’tadigan yo’l shakllana boshlagan, aynan o’sha yerdan miloddan avvalgi birinchi asrlarga taalluqli ashyolar topilgan. Tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, miloddan avvalgi II asrning oxiriga kelib, Ustrushona, Xo’jand va Farg’onaning qadimiy yo’llari zanjir halqasi kabi Buyuk Ipak yo’lining ajralmas tarkibiy qismiga aylandi.

Milodning birinchi ming yilligidayoq Buyuk Ipa yo’li serqatnov yo’l bo’lgan. Birinchi ming yillikning yarmiga kelib sug’dlar, buxoroliklar, ustrushonaliklar va chochliklar mazkur yo’ldan sharqqa qarab, Sharqiy Turkistonga qadar asta-sekinlik bilan harakatlana boshlaydilar (bu paytga kelib, yirik sug’d qarorgohlari Xitoy imperiya chegarasigacha yetgan edi). Lekin ularning yo’liga g’ov bo’lib, shimolda ko’chmanchilar, janubda esa Eron turardi. Quruqlikda G’arb bilan savdo qiluvchi asosiy yo’llar Eronga qarashli edi. Ammo V, ayniqsa, VI asrlarga kelib vaziyat butkul o’zgaradi. O’rta Osiyoga ko’chmanchilar qabilasi – eftaliylar bostirib kiradi. Eron sosoniylari bilan ba’zi bir yerlarini qaytarib olish maqsadida olib borilgan kurash, o’z navbatida, Farg’ona va Ustrushona orqali o’tgan savdo yo’llarini yanada jonlantirib yubordi. Eftaliylar davlatida tanazzulga yuz tutgan antik (qadimgi) imperiyaning mayda yer-mulk egalari erkinlikka ega bo’lishadi. Ularning ichida bir qator mayda yer mulklarini o’z ichiga olgan Ustrushona ham bor edi. Xitoyliklar uni Sharqiy Tsao deb atashardi. Unga Zarafshonning yuqori oqimidagi tog’li hududlar, garchi o’z hukmdori orqali alohida boshqarilsada Buttam, Turkiston tizmasining shimoliy tarmoqlari, g’arbdagi bepoyon Qatvan cho’lidan tog’oldi hududlargacha, u yog’i sharqdan Sirdaryo bo’ylarigacha bo’lgan hududlar kirar edi.

VI asrning ikkinchi yarmiga kelib, vaziyat keskin o’zgaradi. Bir necha kunlik shiddatli janglardan keyin, “Shohnoma asarining muallifi ta’sirchan ifodalanganidek, muhorabalarda to’kilgan qondan “Gulizarriyun qirmizi rangga kirdi” (asarda Sirdaryo nazarda tutilgan – Yu.B.). Hokimiyatga ulkan ko’chmanchilar imperiyasi – Turk xoqonligiga asos solgan yangi ko’chmanchilar qabilasi keldi. Eftalitlarni tor-mor qilgan turklar Buyuk Ipak yo’lining katta qismini qo’lga kiritdi. Ular muhoraba paytida qo’lga kiritilgan o’ljalardan tashqari, Xitoydan o’lpon sifatida katta miqdorda turli qimmatbaho buyumlar, eng asosiysi, ipak olishadi. Turklarda ipakni G’arbga, birinchi o’rinda Vizantiyaga sotish ishtiyoqi kuchli edi.

567 yilda turk xoqoni Istami G’arb bilan savdo-sotiqni yo’lga qo’yish maqsadida, sug’d savdogari Maniax boshchiligidagi elchilarni ikki marta sosoniylar shohi Xusrav I oldiga jo’natadi. O’sha paytda G’arbga eltuvchi yo’llarning bir qismi shohga qarashli edi. Lekin barchasi besamar ketdi. Xusrav I elchilarni xushlamaygina qabul qildi va turklar bilan hamkorlik qilishni rad etdi. Elchilar tomonidan sovg’a tariqasida olib kelingan ipak Eron poytaxti maydonida namoyishkorona tarzda yoqib yuborildi. Buning ajablanarli joyi yo’q edi. Birinchidan, savdo-sotiqning asosiy yo’llari qo’lida bo’lgan eronliklar uni boy berishni istamas edilar. Ikkinchidan, bu paytda sosoniylar davlati o’ziga chegaradosh bo’lgan eronliklar uni boy berishni istamas edilar. Ikkinchidan, bu paytda sosoniylar davlati o’ziga chegaradosh bo’lgan, kun sayin qudrati oshib borayotgan Vizantiya bilan yaxshi munosabatda emasdi. Eron chegarasida mamlakatga xavf solib turgan Vizantiya yollanma armiyasiga maosh, asosan ipak savdosidan keladigan daromaddan to’lanar edi. Harbiy a’yonlar esa, maoshning bir qismini ipak bilan olishardi.

Rad javobini olgan turklar Eron bilan jangga tayyorgarlik ko’ra boshlaydi. Shu bilan bir paytda, Maniax boshchiligida bir guruh elchilar shimol tomondan sosoniylar imperiyasi chegaralarini aylanib o’tib, Vizantiyaga qarab yo’l olishadi. Elchilar guruhi Xorazm orqali Kaspiy dengizidan shimolga, Kavkaz orqali yurishadi. Xoqonning sovg’alari qimmatbaho ipak matolardan iborat edi. Savdo-sotiq, shuningdek, harbiy hamkorlikka qiziqish bildirgan imperator Yustin II javob tariqasida lashkarboshi Zemarx boshchiligida elchilarni jo’natadi, ular bosib o’tgan yo’l 568 yilda yunon tarixchisi Menandr tomonidan qalamga olingan. Alaloqibat, harbiy-savdo ittifoqi tuziladi, tarixchilarning yozishicha, vizantiyalik savdogar va zodagonlar Eronni chetlab o’tib, turklar orqali qimmatbaho Xitoy tovarlariga ega chiqish maqsadida, ular bilan bevosita aloqa bog’lashga urinishadi. Lekin, allaqachonlar yo’llarni o’z qo’lida ushlab turgan xoqonlik tarkibidagi sug’dlar ham savdo-sotiqdan g’oyatda manfaatdor edilar. Undan tashqari, ipak sug’d hunarmandchiligi markazlarida ham tayyorlana boshlagandi.

Eng qizig’i, xoqonning Vizantiya elchilariga qo’ygan shartida temir sotib olish taklifi ham bo’lgan. O’sha davrlarda Ustrushona O’rta Osiyodagi temir ishlab chiqarish markazlaridan biri edi. Ma’lumki, ikki tomonda ham bir qator savdo elchilar guruhi bo’lgan. O’rta Osiyo shaharlarida o’tkazilgan arxeologik qazilma ishlarida Vizantiya buyumlari, kumush idishlar va oltin tangalar uchragan. O’rta Osiyolik savdogarlar faqatgina o’lkalararo savdo-sotiq bilan shug’ullanishmagan. Xitoy solnomalarida yozilishicha, ular Xitoyga oltin, kumush, mis, jez, xushbo’y suyuqliklar, dorivor o’tlar, novshadil, sug’d ipagi, turli xil mato va boshqa ko’plab tovarlar olib borishgan.

O’rta Osiyodagi Buyuk Ipak yo’lining eng asosiy yo’nalishlaridagi yo’llardan biri Sug’dga Ustrushonadan Choch yoki Xo’jand orqali o’tgan. Uning eng faol tarmog’i Samarqanddan tog’lar oralab, pastqam adirlar orqali Zominga, u yerdan tekislik bo’ylab Sirdaryoga qarab cho’zilgan.

Asosiy savdo va diplomatik yo’llar, ularning tarmoqlari, shoxobchalari yo’nalishlarini o’rganish va aniqlash bevosita IX-X asrlarda arab tilida ijod qilgan geograflar mehnati bilan bog’liq. Lekin ularning tahlillari shuni ko’rsatadiki, ilk geograflar – Qudama ibn Ja’far, al-Ya’buqiy va Ibn Xo’rdodbeh o’z izlanishlarida arab davridan avvalgi geograf sayyohlarning rasmiy hujjatlaridan foydalanishgan.

Qudama ibn Ja’far aslzoda bo’lib, Barsadan edi. Xalifa saroyidagi pochta boshlig’i lavozimi unga hujjatlar bilan ishlash imkonini beradi. Adabiyotga bo’lgan muhabbat esa, uning bir qator asarlar yozishiga turtki bo’ladi. Uning “Kotib mahorati va xarajat haqida kitob” nomli asaridan bir qismigina saqlanib qolgan, xolos. Asarda pochta marshrutlari (yo’llari), viloyatlar tavsifi, ularning yer tuzilmasi, yo’llar, manzilgohlar, masofa va obodonchilikka oid qiziqarli bo’lim bor.

Qudama Movarounnahrga ta’rif berganda Samarqanddan Zomingacha bo’lgan yo’lni keltirib o’tadi. Poytaxtdan sharqqa qarab to’rt farsaxlik (bir farsax – 7-8 kilometrga teng – Yu.B.) yo’lda Sug’d tumani markazi Buzmajon, Barkat shaharchasi joylashgan. Keyin Ustrushonaga qarashli asosiy yo’llar boshlangan. Tog’lar orasida joylashgan Xushufag’n (“ezgu ibodatxonali shaharcha”) shaharchasiga Barkatdan Qatvan dashti va adirlari orqali tushgan yo’l bilan borilgan. U noma’lum muqaddas ibodatxona nomi bilan atalgan. Bizning taxminimizcha, u Sangzor daryosining o’ng qirg’og’idagi tog’lar oralig’ida, hozirgi Avliyo qishlog’i hududida joylashgan bo’lishi kerak. Mazkur hududning chekka qishlog’ida olib borilgan tadqiqotlar vaqtida tepalikda o’rta asrlarga mansub qishloq hamda uning tevarak-atrofidagi muqaddas buloqqa duch kelingan. Hozirgi Avliyo qishlog’i masjidning qadimiy qismi katta qiziqish uyg’otdi. Undagi tosh-tepali g’orda, Muhammad payg’ambar (s.a.v.) safdoshlaridan birining g’ayridinlar bilan bo’lgan janglarda kesilgan bir barmog’i ko’milgani bois muqaddas sanalib, bu yerga masjid qurilgan ekan. Masjidning yonida chog’roqqina qadimiy qabriston bor. Mazkur sajdagoh bu yerni islomdan avvalgi davr bilan bog’lab turadi.

Qishloq hududida o’rta asrlardan oldin va o’rta asrlardagi kulollik buyumlari, turli tangalar ham uchragan. Bularning barchasi qadimiy Xushufag’n muqaddas Aviyo masjidi hududida joylashganligini taxmin qilishga imkon beradi. Manbalarga ko’ra, aynan shu yerdan tog’ bo’ylab o’tgan besh farsax yo’l Burnamad qishlog’iga olib kelgan. Hozirgi kunda bu yerda Ravot qishlog’i joylashgan. Ta’rifga ko’ra, mazkur joy “orqa tomonini tog’larga, yuzi esa tekislikka qaragan” Burnamad qishlog’iga to’g’ri kelmoqda. Qishloqning janubi-g’arbiy tomonidagi tog’ yonbag’rida harbiy inshootlarga ega anchayin katta shahar ham bo’lgan. Biroq, qazilma ishlari shuni ko’rsatadiki, shahar, asosan mo’g’ullardan keyin, temuriylar davridan oldin mavjud bo’lgani bois, u yosh sanalib, Qudama davridagi Burnamad emasligini ko’rsatdi. Hozirda qishloq ichkarisida atrofi mudofaa devorlari bilan o’ralgan bir qishloq makoni mavjud bo’lib, u hali tadqiq etilmagan. Shuningdek, ilk o’rta asrlarga mansub xarobalar Ravotning shimoli-sharqiy hududida ham uchraydi. Shu sabab, Burnamad bilan bog’liq izlanishlar shu yerdan davom ettirilishi lozim.

Burnamaddan yo’lga chiqqan karvonlar dashtu tekisliklardan o’tib, to’rt farsax yo’l bosgandan so’ng, Ustrushonaning yirik shahri Zominga yetib kelganlar. Tadqiqotlar ko’hna yo’l tog’ etagi bo’ylab, yon-atrofida mustahkam qo’rg’onlar, tuzilishidan karvonsaroylarni eslatuvchi manzillar, osmon uzra qad rostlab turgan yirik qal’alar joylashgan hozirgi – Peshag’or qishlog’i bo’ylab yo’l ayirg’ich o’tganini ko’rsatmoqda.

Qadimgi manbalarda keltirilishicha, Zomin Choch va Farg’onaga olib boruvchi transit yo’llar ayirg’ichi vazifasini o’tagan. Qudamaning ta’kidlashicha, Farg’ona yo’li bo’ylab, Zomindan ikki farsax narida joylashgan Sabot qishlog’idagi yo’l ham ayrilgan. Asosiy yo’l Farg’onaga – sharqqa qarab cho’zilgan. Bu yerdan uch farsax narida Kurkat (“katta qishloq”), undan keyin esa Gulikandoz (“katta qishloqlar orasida eng kattasi”) joylashgan. Undan keyin esa, yo’l “Shosh daryosi” (Sirdaryo) bo’ylab Xo’jandga olib borgan.

Ikkinchi yo’l Sabotdan yetti farsax uzoqlikda joylashgan Ustrushonaning poytaxti Bunjikatga yo’nalgan. “Ulardan ikkisi tekislik bo’ylab, so’ngra vodiy hamda tog’ yonbag’ridagi qishloqqa qarab o’ng va chap tomonga yo’nalgan. Yo’l ikki o’zan bo’ylab oquvchi suvga ro’para bo’ladi. U shahar tomondan oqib keladi”.

Shu tarzda, ilk o’rta asrlardagi asosiy yo’l Turkiston tizmasining tog’ etagi bo’ylab Samarqanddan Zominga, qisman pastak tepaliklar, so’ngra cho’lu biyobon orqali Zomin va Sabotdan o’tgan.

Mazkur yo’lga Qudamaning zamondoshi, eronlik zardushtiy odamning nabirasi, xalifa Mu’tasimning nadim – “hamtovoqlaridan” biri, amaldor, al-Jabal viloyati pochta boshlig’i Ibn Xo’rdodbeh ta’rif bergan. Qudama tomonidan yozilgan “Yo’llar va mamlakatlar” asarining asosiy qismi yo’llar haqidagi ma’lumotlarga bag’ishlangan. Asarda Samarqanddan Zomingacha bo’lgan yo’l tilga olinib, unda shunday deyiladi: “Zominga kelganda yo’l Shoshga – turklarga va Farg’ona tomonga qarab ayriladi. Kim Shoshga borishni istasa, cho’lu biyobon orqali Xovosga qarab yetti farsax, undan keyin “Shosh daryosi” qirg’og’i bo’ylab yurishi va Banokentga o’tishi kerak edi”.

Qudamaning boshqa bir zamondoshi al-Ya’qubiy mashhur sayohatchi sifatida nom qozongan edi. U sayohat davomida o’z hamrohlaridan ularning yurti, xalqi, urf-odatlari, kasb-hunarlari va oziq-ovqatlari haqida so’rab-surishtirardi. Uning yozib qoldirgan asari turli mamlakatlar va xalqlar haqidagi hikoyalardan iborat bo’lgan. Uning yozishicha, Ustrushona to’rt yuzta qal’a, bir nechta katta shaharga (ularning orasida Zomin ham tilga olingan) ega bepoyon hudud bo’lgan. Samarqanddan afshinlar boshqaruvidagi Ustrushona mamlakatiga qarab besh kunlik yo’l bosilgan (ehtimol, poytaxt nazarda tutilgan – Yu.B.).

O’rta Osiyolik arxeologlarning izlanishlari, Ustrushona haqiqatan ham qal’a va qo’rg’onlar mamlakati bo’lganligini ko’rsatdi. Uning asosiy iqtisodiy hayoti O’ratepa-Zomin tekisligi bilan chambarchas bog’liq edi. U, hatto Zarafshon daryosining yuqori qismi uchun iqtisodiy-madaniy markazga ham aylanadi. Ta’kidlash lozimki, aynan o’sha paytda Minkda temir rudasini qazib olish hamda ishlov berish punktlari ish boshlaydi va bu, shubhasiz, Ustrushonani keyingi yuz yilliklarga mashhur qiladi.

Turkiston tog’ tizmasidagi konlardan Xitoyga jo’natiladigan noyob mahsulot – novshadil olinardi. Buttamning tog’li hududlari ham o’zining polimetall konlari bilan mashhur edi. Bu yerga savdogarlar turli xil tovarlari bilan tashrif buyurishar, olib-sotarlar esa xom ashyo, chorvachilik mahsulotlarini xarid qilish uchun kelishardi.

Savdo-sotiqning eng gullagan davri rivojlangan o’rta asrlarda sodir bo’lgan. IX-X asrlarda Sharq arab-fors jo’g’rofiy adabiyotlarida savdo yo’llari va shaharlar tavsifi anchayin keng yoritilgan.

Amudaryodan Sharqqa qarab cho’zilgan barcha O’rta Osiyo yerlarini Movarounnahr, deb atagan arablar, ushbu gullab-yashnayotgan o’laning yirik shaharlar, rivojlangan hunarmandchiligi, bozorlari va mo’l-ko’l tovarlarini ko’klarga ko’tarib tasvirlashgan. Shuningdek, bu yerdagi mehmondo’stlik, aholining badavlatligi, xilma-xil oziq-ovqat mahsulotlari ham bu maqtovlardan chetda qolmagan.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, bu paytda Sharqda badavlat savdogar islom madaniyati targ’ibotchisi sanalgan, musulmon savdo-sotig’i esa, o’z uyida beka edi. U jahon bozorida yetakchi o’rinni egallay bildi, dunyoning to’rt tomoniga karvonu kemalar qatnay boshladi.

Shu o’rinda, X asr manbalarida keltirilgan Ustrushonaning savdo yo’llari va shaharlariga kengroq to’xtalsak. Turli davrlardagi manbalarning tahliliy taqqosi savdo aloqalarida shaharlar rolining o’zgarishi va yo’llar siljishi sur’atini ochib berishi mumkin.

Tahliliy taqqosni, avvalgidek, o’sha davrda ikki daryo oralig’ida eng yirik iqtisodiy-madaniy punkt hisoblangan Samarqanddan boshlasak. X asr o’rtalarida yashagan al-Istahriy shunday deb yozadi: “Samarqand, bu – Movarounnahrning savdo markazi, savdogarlar jamuljam bo’ladigan joy. Movarounnahrga asosiy daromad keltiruvchi buyumlarning katta qismi Samarqandga kelib tushadi va shu yerdan boshqa hududlarga tarqaladi”.

Samarqanddan Ustrushonaga faqat bir yo’l orqali borilmas edi. Birinchi kungi yo’l hududi Samarqanddan Barkat tomon cho’zilgan bo’lib, avvalgi eski yo’l bilan uyg’un edi. Ikkinchi kunga kelib esa, bo’linish boshlanardi. Barkatdan yarim kun yo’l yurilsa, mustahkam qal’a “Abu Ahmad Raboti”ga borilardi. Kimda-kim Ustrushona orqali qisqa yo’l bilan Shosh yoki cho’ldagi turklarga bormoqchi bo’lsa, shimolga – Qatvandiz istehkomiga yo xohishiga ko’ra, Xarakana shahriga qarab burilardi. Bu yerdan Dizakka (Jizzax) bir kunlik yo’l edi. Dizak “tekislikdagi shahar bo’lib, unda rabotlar (shahar tashqarisidagi qo’rg’onlar – karvonsaroylar), xonalar (shahardagi karvonsaroylar) va buloqlar bor. U ko’pldan-ko’p bog’u rog’lari va shirin suvlari bilan g’oyatda yoqimli”, deya ta’rif berishgan. Dizak (Jizzax)dan cho’lda joylashgan Husayn va Humayd quduqlari orqali Shoshga, keyin esa, “Shosh daryosi”-Sirdaryo tomon yurilgan.

Ikkinchi yo’l, aftidan, sharqqa-Sa’d rabotiga tog’lar oralab emas, balki muqaddas Xushufag’n butxonasi turgan shahar orqali shimoliy tog’larni aylanib, Ahmad rabotini yonlab o’tgan. Mazkur yo’l anchayin uzun, yam-yashil adirlar ichra cho’zilgan bo’lib, tunu kun qatnaydigan yirik karvonlar uchun g’oyatda qulay edi. Sa’d rabotidan yana Burnamadga kirib borilar hamda tekisliklar va transit yo’llar ayrilish joyining yirik markazi bo’lgan Zominga yurilar edi.

Al-Istahriyning ta’kidlashicha, Zomin yirikligi jihatidan Ustrushonada ikkinchi shahar bo’lgan, shuningdek, u Sarsanda nomi bilan ham atalgan.

Shaharning nomlanishidagi chalkashlikka, nazarimizda X asr oxirlarida yashagan Ibn Havkal tomonidan aniqlik kiritilgan. Uning qayd etishicha, Zomin Farg’onadan Sug’dga qadar cho’zilgan katta yo’lda joylashgan va ushbu shahar Sarsanda degan yana boshqa bir nom bilan ham atalgan. Uning old tomonidan yotgan eski shahar xarobaga aylangan edi. Garchi Sarsanda mudofaa devorlariga ega bo’lmasa-da, lekin u yerga bozor, jome masjidlari ko’chirilgan, shuningdek, aholi ham ko’ch-ko’roni bilan ko’chib o’tgan. Ana shu tariqa, ushbu shahar X asrda allaqanday sabablarga ko’ra, ehtimol gidroirrigatsiya tufaylidir, eski Zominning yoniga – yangi joyga qarab surilgan. Ibn Havqalning ta’kidlashicha, bu shaharning ijtimoiy holatiga hech qanday salbiy ta’sir ko’rsatmagan. U Sug’ddan shaqqa qarab harakatlanayotgan karbonlar va sayohatchilar uchun to’xtab o’tish bekati vazifasini o’tagan.

O’sha davrdagi faol savdo-sotiq yaxshi yo’llar, shinam bekatlar, shahar ichi va tashqarisida joylashgan rabot va qasrlar, deb ataluvchi maxsus karvonsaroylarni talab etardi. Ularning turli yerlardagi joylashuvi bino hamda bezagi bilan farqlanib turar edi. Aga aksar hashamdor xujralarga ega shahar karvonsaroylari savdogarlar uchun uzoq muddatli qo’noqqa mo’ljallangan bo’lsa, shahar tashqarisidagi rabotlar, karvonlarni qaroqchilardan himoya qila biladigan o’ziga xos qal’a edi. Lekin ba’zida davlat markazlashuvi sharoitlarida, shahar tashqarisida ham maxsus karvonsaroylar qad rostlagan. Tabiiyki, shahar barcha karvonlarni o’ziga sig’dira olmasdi, so’nggilari esa doim ham belgilangan vaqtgacha, darvoza berkilgunga qadar shaharga kirishga ulgurolmasdi. Bunday karvonlar tunash uchun shahar tashqarisida qolardi. Bizning nazdimizda, ana shunday karvonsaroylardan biri Zomindan g’arb tomonda joylashgan To’rtko’ltepa o’rnida bo’lgan. Hozirda mazkur qiziqarli inshootning qazilma ishlari A.Gritsina tomonidan o’rganilmoqda.

Savdoning jadal rivojlanishi ayni vaqtda asosiy karvon yo’llaridan chetda bo’lgan chekka viloyatlar va cho’l-dasht ko’chmanchilarini ham ayiroshlash sohasiga jalb qilish imkonini berdi. Ustrushonaning arxeologik tadqiqotlari o’sha davrda mavjud bo’lgan, ammo geograflar tomonidan ta’riflanmagan yo’llarning ham bo’lganini ko’rsatdi. Ana shunday yo’llardan biri Samarqand bilan bog’lanmagan holda, Buxorodan shimoli-sharqqa-mashhur ibodatxonalar markazi Nurota tomonga olib borardi. Bu yerdan karvonlar shimoliy tog’larni aylanib o’tib, Ustrushonaga, undan keyin Sirdaryo vodiysidan Shoshga yoki shimol bo’ylab O’trorga yurishgan. Ushbu yo’l yoqasida karvonlar uchun qulayliklar yaratgan, Nurota tog’larida joylashgan bir qator qal’a va rabotlar faoliyat ko’rsatganligi aniqlandi. Ana shunday rabotlar Mirzacho’ldan sharqqa qarab yurilganda ham qayd etilgan: ularning ko’pchiligi quduqlar yoki sarbadorlarga ega edi.

Ana shunday Ustrushona karvonsaroylaridan biri – Qumtepa esa Forishdan 9 km shimoli-g’arbda Uxumsoy havzasida bunyod etilgandi. Ikkinchisi, Uzunquduq nomli karvonsaroy bo’lib, shimoli-sharqda Xonbandisoy yoqasida, undan sharqroqda esa eng yirik karvonsaroy – Kaltepa joylashgan bo’lgan. U Tuzkon ko’lidan 15 km g’arbroqda, Xonbanditog’ dovonidan shimolroqda Ilonchisoy bo’ylarida aniqlangan. Bu yerga shimoldan Nurotani aylanib o’tib, dovon orqali shimoliy Sug’ddan Ustrushonaga qarab karvonlar kelardi.

Kaltepa – mumtoz karvonsaroy-rabot bo’lib, 82×82 m (aftidan 100×100 gaz) o’lchamdagi bu yirik inshoot chorburchak devor bilan o’ralgan. Ichki tomonida devor perimetri bo’ylab sayohatchilar va buyumlar uchun xonalar, markazda hovli – sahn joylashgan. Rabotdan 30 m janubi-g’arbda ichimlik suvi saqlanadigan gumbazli sardoba bor. Janub tomonga qarab 800-1000 metr yurilsa, karvondagi tuya va boshqa jonzotlarning suv ichishi uchun ikkinchi sardoba joylashgan.

Bu mavzedan shimoli-sharqqa qarab 4 farsax, 27 km yurilsa, Aydarko’l sohilida Mirzacho’l yo’li yoqasida joylashgan, uncha katta bo’lmagan o’lchamlari 30×30 metrga teng chorburchak shaklidagi Navoyli karvonsaroyiga chiqilgan. Mazkur yo’lning bir tarmog’i Jizzax orqali Zominga olib borgan.

Yana Zominga qaytsak. Arxeologik yodgorliklar majmuasi va ularning o’zaro bog’lanish tizimlari tahlili o’sha davrda Zomin faqatgina Buyuk Ipak yo’lidagi shahar bo’libgina qolmaganligini ko’rsatdi. U boshqa Ustrushona markazlari bo’ylab o’tgan mahalliy ichki karvon yo’llari bilan ham chambarchas bog’liq bo’lgan. Olimlarning ta’kidlashicha, o’sha paytda Movarounnahrdagi mahalliy savdo-sotiq tashqi savdo kabi muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Zomin yo’llaridan biri Ustrushona poytaxti – Bunjikatga olib boradi. Qiziq tomoni, geograflarning ta’rifiga ko’ra, Zomin yo’li Sabot orqali o’tgan bo’lsa-da, Bunjikat darvozalaridan biri Zomin nomi bilan atalgan. Yo’lning bir qismi O’ratepaga olib borgan. Shimoli-g’arbdan ikki kunlik yo’l esa Jizzax va Xarakanadan o’tgan. Shuningdek, Buttam va Panjikentga qarab tog’li yo’l ham bo’lgan. Bu bejiz emasdi, zero, u vaqtlarda Ustrushonada temir qazish ishlari avji pallada edi. Bu birinchi o’rinda, qurol-yarog’ga ishlov berish bilan bog’liq edi. O’sha davr zamondoshining so’zlariga qaraganda, mazkur yarog’lardan Xurosonda foydalanishgan. Shuningdek, u bilan Bag’doddan Iroqqa qadar barcha askarlar qurollantirilgan. Buttam tog’larida oltin, kumush va novshadil konlari bisyor bo’lib, ulardan olingan mahsulotlar ko’plab mamlakatlarga eksport qilingan.

Shu bois Ustrushonaning mahalliy savdo aloqalari xalqaro savdo tizimidagi tovarlarning shakllanishiga katta ta’sir ko’rsatgan. Manbalarda Ustrushona tomonidan muntazam ravishda savdo yarmarkalari uyushtirilib turilgani bot-bot ta’kidlab o’tilgani tasodif emas, albatta. Ana shunday yarmarkalar har oyning birinchi sanasida Marsmandada o’tkazilar, u yerga eng chekka hududlardan sotuvchi va xaridorlar to’planar edi.

Buyum-tovarlarning asosiy qismi Sharq va Janubning ichki bozorlariga qarab oqar, shuningdek, IX-X asrlarda soni keskin ko’paygan sarvdo karvonlari xizmatida foydalanish uchun sotilar edi. Shu sababli, yo’llarning o’zi ham, bir tomondan barqarorlashib borsa, boshqa tomondan o’zgarib ham turardi. Sharqiy yo’llarning asosiy yo’nalishlari turg’un edi. Bular – Xo’jand, Farg’ona, Shosh va shimoliy cho’l-dasht hududlariga olib boradigan yo’llar edi. Hokimiyatning markazlashishi va savdo-sotiq ustidan qat’iy nazoratning o’rnatilishi, davlatning savdogarlar yo’qotgan tovarlarning badalini to’lashi, talonchiliklarning qisqarishi, yo’llarning xavfsiz va osuda bo’lishiga olib keldi, biroq shunga qaramay, savdogarlar asosiy yo’llardan ko’ra qisqa yo’ldan yurishni afzal ko’rishardi. Biz yuqorida Jizzax va dasht hududlari orqali Samarqanddan Shoshga to’g’ridan-to’g’ri yo’l bo’lganligini ta’kidlab o’tgan edik. Zomindan chiqadigan yo’l yo’nalishari ham to’g’rilana boshlaydi. Sabot orqali Xo’jand va Farg’onaga olib boruvchi yo’l bilan bir qatorda, Xovos orqali yuriladigan yo’l ham jonlanadi. Bu haqida X asr oxirida yashab o’tgan Ibn Havqal shunday deb yozadi: “Kimda-kim Xovos yo’li bo’ylab Zomindan Xo’jandga borish istagida bo’lsa, u Kurkat orqali yo’l bosib o’tishi lozim edi”. U orqali Shoshdan Banokatga olib boradigan yo’l ham o’tgan. Dastlab yo’l Sharqqa-“Shosh daryosi qirg’og’i bandargohi” tomon, daryodan o’tilganidan so’ng, qirg’oq yoqalab Banokatga 9 farsax yo’l bosilgan. Demak, bu davrda Xovos orqali Banokatga to’g’ridan-to’g’ri yo’l tushgan. A.Gritsinaning arxeologik tadqiqotlari o’sha davrda Banokat qarshisidagi Sirdaryoning chap qirg’og’ida bugungi kungacha saqlanib qolgan anchayin yirik punkt – mashhur Nurota joylashgani va rivoj topib borganini ko’rsatdi. XIV asrda yashagan Abul Fidaning ma’lum qilishicha, Zomindan Xovos orqali Banokatga olib boruvchi yo’l yoqasida Xushkent shaharchasi faoliyat ko’rsatgan. A.Gritsina yuqorida qayd etilgan Nurota o’rnida, aynan Xushkent shahri joylashganini e’tirod etadi. Shosh va undan keyin dashtu biyobonga olib boruvchi mazkur yo’l 7 farsaxni tashkil etardi. Yuqorida ta’kidlab o’tilgan barcha tarixiy voqeliklar o’rta asr Zominini Ustrushonaning poytaxti shahridan keyingi ikkinchi yirik shahar sifatida taraqqiy etib borganini ko’rsatdi.