ZULFIYA

ZULFIYA (taxallusi; to’liq ism sharifi Zulfiya Isroilova) (1915.1.3— Toshkent — 1996.1.8) — shoira, jurnalist, tarjimon, jamoat arbobi. O’zbekiston xalq shoirasi (1965). Mehnat Qahramoni (1984). Shoir Hamid Olimjonnit rafiqasi. Xotin-qizlar pedagogika bilim yurtini tugatgach (1931-34), O’zbekiston Fanlar qo’mitasi qoshidagi til va adabiyot instituti aspiranturasiga o’qishga kirgan (1935). So’ng yoshlar va o’smirlar adabiyoti nashriyotida muharrir (1938-40), O’zbekiston davlat nashriyotida bo’lim mudiri (1941— 50), «O’zbekiston xotin-qizlari» jurnalida bo’lim mudiri (1950-53), bosh muharrir (1954-85) bo’lib ishlagan. Zulfiyaning ilk she’ri 1931 yilda «Ishchi» gazetasida bosilgan. Dastlab 1932 yil «Hayot varaqalari» she’rlar to’plami nashr etilgan. Shundan keyin uning «Temiroy» (1934), «She’rlar», «Qizlar qo’shig’i» (1939) she’riy kitoblari e’lon qilingan. Zulfiya she’riy ijodining nurlanishi «Uni Farhod der edilar» (1943), «Hijron kunlarida» (1944) va «Hulkar» (1947) to’plamlari bilan bog’liq. Ayniqsa, H. Olimjonning bevaqt vafotidan keyin (1944) yozilgan, ruhiy silsilalar va qalb iztiroblari bilan to’la she’rlar Zulfiya ijodida jiddiy o’zgarishlar sodir bo’lganidan darak berdi. Zulfiya shaxsiy fojiasi tasviri orqali 2-jahon urushidan katta talafot va yo’qotishlar bilan chiqqan xalqning dard va alamlarini ifodaladi. 40-yillar oxirida e’lon qilingan Sovet davlatining san’at va adabiyot to’g’risidagi qarorlari o’zbek adabiyotiga ham katta zarar keltirdi. Zulfiya Badbin kayfiyatlar — pessimistik kechinmalar kuychisi sifatida ta’na toshlari ostida qoldi. Shundan keyin u, boshqa qalamkash birodarlari singari, «davr g’oyalari» ni ifodalovchi she’rlar yozishga o’tdi. Lekin ko’p o’tmay, o’zbek ayollari hayotini yaxshi biluvchi shoira va jurnalist sifatida dugonalari haqida she’r va publisistik maqolalar yozdi, ularni ijtimoiy faollikka chaqirdi, insoniy haq-huquqlarining poymol bo’lmasligi uchun kurashdi. 50-yillarning 2 yarmida Zulfiya Osiyo va Afrika yozuvchilarining tinchlik va xalqaro birdamlik shiori ostida o’tgan harakatida faol qatnashib, jahonning ko’pgina mamlakatlarida bo’ldi. Hindiston, Misr, Yaponiya va qo’shni respublikalarga qilgan safari shoira ijodida chuqur iz qoldirdi. «Mushoira», «O’g’lim, sira bo’lmaydi urush», «Qozog’iston o’lanlari», «Men chizolmagan surat» singari she’rlari Zulfiyaga shuhrat keltirdi. Zulfiya she’rlarida tasvir etilayotgan hayot ko’lami kengayib, uning ijodiga xorijiy xalqlar hayoti manzaralari ham kirib keldi. 70-yillardan boshlab Zulfiya ijodidagi milliy hayot tasvirida yangi ranglar kamalagi paydo bo’ldi, haqqoniylik va his-hayajon kuchaydi. «O’ylar» (1965) she’riy guldastasi bilan boshlangan voqelikni falsafiy idrok etish tamoyili «Visol» (1972), «Yillar, yillar…»(1975) she’riy kitoblarida davom etib, Zulfiya ijodida chinakam badiiy yuksalish davri boshlanganini namoyish etdi. U yana doston janriga qaytib, ustoz Oybekning so’nggi safariga bag’ishlangan «Quyoshli qalam» (1970) dostonini yaratdi. Ayni paytda shoira bolalarga bag’ishlangan turkum she’rlar ham yozdi («Lolaqizg’aldoq», 1975). Zulfiya hayotining muhim bir qismini Hamid Olimjonning adabiy merosini o’rganish va nashr etish ishiga bag’ishladi. Ana shu jarayonning uzviy qismi sifatida u shoirning «Semurg’ yoki Parizod va Bunyod» dostoni asosida qo’g’irchoq teatri uchun «Semurg'» pyesasi (S. Somova bilan hamkorlikda) hamda «Zaynab va omon» operasi librettosini yozdi. A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov. N. A. Nekrasov, M. Voqif, L. Ukrainka, M. Dilboziy, S. Kaputikyan, E. Ognesvet, Mustay Karim, Amrita Pritam, E. Bagryana va boshqalarning asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Zulfiya asarlari ko’plab chet tillarda, shuningdek, qardosh turkiy xalqlar tillarida nashr etilgan. Zulfiya xalqaro Javaharlal Neru (1968), «Nilufar» (1971) mukofotlari hamda Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti (1970) laureati. Shuningdek, u Bolgariyaning «Kirill va Mefodiy» (1972) ordeniga sazovor bo’lgan. O’zbekiston hukumati atoqli shoiraning madaniyatimiz taraqqiyotidagi katta xizmatlarini e’tiborga olib, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etdi. Toshkentdagi ko’chalardan biriga Zulfiya nomi berilgan. As: tanlangan asarlar [3 jildli], T., 1985. Ad.: Sultonova M., Ijod sahifalari, T., 1975; Zulfiya [bibliografiya], T., 1977; Sultonova M., Zulfiya, T., 1985; Ibrohimov M., Quyoshli she’riyat ijodkori, T., 1986; ehtirom [nashrga tayyorlov-chilar: Rahima Shomansurova, Ra’no Rahmo-Nova], T., 1995. Naim Karimov.