ZUYEV VLADIMIR ILICH

ZUYEV VLADIMIR ILICH (1930.27.7, Rossiya Federatsiyasi Orenburg viloyati) — sabzavotshunos olim, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1990), qishloq xo’jalik fanlari Doktori (1971), professor (1972), Rossiya Federatsiyasi agrar ta’lim akademiyasi akademik (1995). Toshkent qishloq xo’jaligi institutini tugatgan (1955). Toshkent qishloq xo’jaligi institutida sabzavotchilik kafedrasi assistenti, dotsent (1955-69), o’quv ishlari bo’yicha (1969-76) va ilmiy ishlar bo’yicha prorektor (1980-86), sabzavotchilik kafedrasi mudiri (1977-1992). 1992 yildan Toshkent agrar universiteti sabzavotchilik kafedrasida professor. Ilmiy ishlari O’zbekistonda sabzavot-poliz va kartoshka yetishtirish, sabzavot va poliz ekinlari selektsiyasi va urug’chiligi masalalariga bag’ishlangan. Oliy o’quv yurtlari uchun sabzavotchilik bo’yicha darsliklar yaratgan. Respublikada rayonlashtirilgan 1 tarvuz, 1 qovun, 4 bodring navini (2 tasi issiqxonalarda yetishtirishga mo’ljallangan) yaratgan. As: sho’r yerlarda sabzavot va kartoshka yetishtirish, T., 1961; Ovotshevodstvo, T., 1980.