AHOLINING MILLIY TARKIBI – muayyan hudud yoki mamlakatda yashovchi aholining millatlar bo’yicha tarkibi. Aholining milliy tarkibi haqidagi ma’lumotlar aholi ro’yxati o’tkazish va statistik ro’yxat olib borish yo’li bilan aniqlanadi. Etnik statistika rivojlanmagan davlatlar, regionlarda esa aholining til birligiga, diniga qarab millatlarga, etnik guruhlarga ajratiladi. Dunyo aholisining milliy tarkibini aniq bilish juda mushkul, chunki dunyoning ko’p qismlarida assimilyatsiya (qorishish) va konsolidatsiya (milliy jipslashish) jarayonlari keng tarqalgan. Ayrim mamlakatlarda o’tkazilgan ro’yxatlarda milliy tarkibi nisbatan to’la yoritiladi. Ba’zi hollarda esa millatlar haqida ma’lumot to’la ko’rsatilmaydi. Shuningdek, davlatlar bo’yicha qabul qilingan etnik terminologiyada ham farq mavjud. Masalan, ingliz, frantsuz, ispan tilida so’zlashuvchi ko’pgina mamlakatlarda «millat» tushunchasi doimo «davlat» tushunchasi bilan tenglashtiriladi va «millat» atamasi davlatga mansublik — fuqarolikni bildiradi. Shuning uchun ko’p manbalarda etnik guruhlar — xalqlar haqida ma’lumotlar uchraydi. Dunyoda qariyb 3 ming xalq ro’yxatga olingan va ular turli qit’alarda istiqomat qiladi. Yevropa mamlakatlari Aholining milliy tarkibi bo’yicha 3 guruhga bo’linadi: 1) bir millatli davlatlar. Bu davlatlarning har birida asosiy millat 90% va undan ortiqroq qismni tashkil etadi. Bu guruhga Polsha, Germaniya, Vengriya, Daniya, Shvetsiya kabi 20 dan ortiq mamlakat kiradi; 2) ko’p millatli davlatlar. Bu davlatlarga Buyuk Britaniya, Ispaniya, Shveytsariya kabi mamlakatlar kiradi. Ularda asosiy millat bilan birga boshqa millatlar ham istiqomat qiladi va aholi tarkibida salmoqli o’rinni egallaydi; 3) oraliq davlatlar. Bunday davlatlarda milliy masalaga oid muammolar to’la hal qilinmagan. Oz sonli xalqlar va millatlarni majburan assimilyatsiya qilish siyosati amalga oshiriladi (Ispaniya, Irlandiya). Osiyo ko’p millatliligi bo’yicha boshqa qit’alardan ajralib turadi. Bu qit’ada bir millatli davlatlar juda kam. Ularga Yaponiya, Koreya va ayrim Arab davlatlari — Yaman, Saudiya Arabistoni, Iordaniyani kiritish mumkin. Ayrim xalqlar bir necha davlatlar tarkibida qolib ketgan. Masalan, afg’onlar (Afg’oniston bilan Pokistonda), panjoblar (Pokiston bilan Hindistonda), kurdlar va boshqalar. Afrika qitasi Aholining milliy tarkibiga ko’ra 3 etnik oblastga bo’linadi: 1) shimol va shimoliy- Sharqiy Afrika. Bu rayonlarda o’zaro yaqin arablar va barbarlar yashaydi; 2) Sharqiy va G’arbiy Sudan. Bu yerlarda fulbe, volof, gvineyaliklar, gurlar, xausa, ibo kabi xalqlar yashaydi; 3) tropik va Janubiy Afrikada madaniyati, urf-odati va tili o’zaro yaqin bo’lgan bantu xalqlari yashaydi. Amerika qitasi aholisining milliy tarkibida ko’pchilikni (95%) Yevropadan ko’chib borgan xalqlar va ularning aralashuvidan vujudga kelgan guruhlar yashaydi. U yerda millatlar qaysi davlatda yashasa, shu davlat nomi bilan ataladi (amerikaliklar, kubaliklar va hokazolar). Avstraliya va Okeaniya aholisini etnik tarkibga ko’ra ikki qismga ajratish mumkin: 1) Avstraliya va yangi Zelandiyada inglizlar va yangi zelandiyalik inglizlar istiqomat qiladi. 2) Polineziya, Melaneziya va Mikroneziya orollarida aholi etnik qabila-qabila bo’lib yashaydi. Bu xalqlar umumiy nom bilan papuaslar deb ham ataladi. O’zbekiston ham ko’p millatli davlat. Respublikada 120 dan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi. Asosiy millat — o’zbeklar (aholining 71,4%); shuningdek ruslar (8,3%), tojiklar (4,7%), qozoqlar (4,1%), tatarlar (2,4%), qoraqalpoqpar (2,1%) ham yashaydi (1989). Mamlakat Burseva.