1861 yilning 25 oktabrida general-leytenant Debu boshchiligidagi rus qo’shini xonlikning Yangiqo’rg’on qal’asini vayron qilib tashladi. Keyinchalik 1862 yilda polkovnik Kalpokovskiy 4 ta rota, 2 yuzlik va 4 zambarak qo’shin bilan Marki nomidagi Qo’qon istehkomini egalladi. General-leytenant Debu 550 piyoda, 300 kazak va 10 zambarak bilan Dinqo’rg’on qal’asini bosib oldi. 1863 yil 4 iyunda polkovnik Chernyayev o’z qo’l ostidagi 87-Sibir batalonining 3,5 o’qchi rotalari, 9-g’arbiy Sibir kazaklari artilleriyasining 1-vzvodi piyoda tog’ batareyasi va Sibir kazaklari polka bilan Avliyootani urushib oldi.

O’sha yili 18 iyundan 1 iyulgacha podpolkovnik Lerxni 2 ta rotasi, 1,2 yuzlik, 2 ta tog’ zambarak va 1 raketa moslamasi bilan Qorabura dovonidan oshib Qo’qon askarlarini qirib tashladi va qora-qirg’iz qabilalarini bo’ysundir. 1864 yilning 12 iyunida 412 rota, 10 zambarak, 6 mortira va 2 raketa moslamasi bilan polkovnik Verevskiy Turkistonga hujum qildi. Bu jangda mahalliy xalq vakillaridan ko’p kishilar halok bo’ldi. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, chor qo’mondoni agar shahar taslim bo’lmasa, Ahmad Yassaviy maqbarasiga to’p otilishi va vayron qilinishini ma’lum qilgan. Shundan keyingina himoyachilar urushni to’xtatishga majbur bo’lganlar. Turkistonni Rus davlati tomonidan egallanishi Toshkent va umuman Qo’qon xonligi uchun katta xavf tug’dirdi. Qo’ldan ketgan joylarni qaytarib olish va Chor hukumati askarlarining yurishini to’xtatish uchun Qo’qonda tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Chunonchi, xonlikning hamma joylaridagi qo’shin to’planib, harbiy qurollar bilan ta’minlandi. So’ngra Qo’qon xoni Saidxon va lashkarboshi Alimqul askarlar bilan Toshkentga jo’nadi. Bu yerda ham harbiy tayyorgarlikka zo’r e’tibor berilib, Alimqul ko’p qo’shin bilan Chimkentga yo’l oladi. Chunki bu vaqtda Chernyayev boshchiligidagi rus otryadining Avliyootadan Chimkent tomon yo’lga chiqqanligi haqida xabar olingan edi. Shundan keyin qo’shinlar va askarlar tong otar paytida yo’lga otlanib, har bir mahalla oldida xalqdan “duoi fotiha” olib shahardan chiqib ketgan. Bularni xalq yaxshi niyat va yig’i-sig’i bilan kuzatib qolgan.