ABDU

ABDU Muhammad (1849, Tanta sh. yaqinidagi Shabshir el-hissa qishlog’i — 1905.11.7) — misrlik ilohiyotchi, jamoat arbobi. Qohiradagi al-Azhar dorilfununida tahsil olgan (1869-77). Diniy falsafiy qarashlari Jamoliddin Afg’oniy g’oyalari ta’sirida shakllangan. Milliy ozodlik kurashida ishtirok etganligi uchun hibsga olinib, so’ngra Misrdan chiqarib yuborilgan (1883— 88); 1884 yilda Parijda al-Afg’oniy bilan birgalikda «Al-Urvat al-vusqo» («Mustahkam birlik») yashirin jamiyatini tuzdi, bu jamiyat musulmon ziyolilari orasida katta ta’siri bo’lgan shu nomdagi gazetani nashr etgan. 1889 y. Misrga qaytib keldi; qozilik, al-Azhar dorilfununida mudarrislik qildi. 1898 y. «Almanar» jurnaliga asos soldi. 1899 yildan umrining oxirigacha Misr muftiysi bo’ldi. Abdu ijtihod huquqini ilgari surib, Islom aqidalarini oqilona talqin etish, ba’zi urf-odat va taqiqlarni yengillashtirish tarafdori bo’lib chiqdi. Jumladan Abduning musulmonlarga odam va hayvonlarni tasvirlashga, banklarga omonatlar qo’yib ulardan foiz olishga, yevropacha bosh kiyim kiyishga ruxsat beruvchi va shu kabi fatvolari juda mashhur bo’lib ketdi. Aabu «Qur’on tafsiri», «Risolat at-tavhid» («yakkaxudolik to’g’risida risola»), shuningdek shariat va ta’lim tizimini isloh qilishga oid 30 ga yaqin kitob muallifidir.