O’ZBEKISTON KONSERVATORIYASI

O’ZBEKISTON KONSERVATORIYASI, O’zbekiston davlat konservatoriyasi — musiqa san’ati sohasida Respublikada etakchi ta’lim muassasasi. 1936 yil Oliy musiqa maktabi (1934) negizida Toshkent konservatoriyasi sifatida tashkil topgan. 1976-2002 yillarda Muxtor Ashrafiy nomida, 2002 yildan hoz.irgi nomda. O’zbekiston konservatoriyasida 5 fakultet, 24 kafedra, bakalavriat, magistratura, assistentstajyorlik, Aspirantura va malaka oshirish bosqichlari, iqtidorli bolalar akademik liseyi mavjud. 1000 dan ziyod talaba va o’quvchilar kompozisiya, musiqashunoslik, xor va opera-simfonik dirijyorligi, Yevropa klassik, milliy va estrada yo’nalishidagi ijrochilik (sozandalik va xonandalik turlari), zamonaviy texnologiyalar (musiqiy ovoz rejissyorligi), musiqiy pedagogika, tanqid va jurnalistika kabi ixtisosliklar bo’yicha ta’lim olmoqda (2005). Shuningdek, uning tarkibida musiqali teatrstudiya, simfonik, o’zbek xalq, puflama va estrada cholg’ulari orkestr va ansambllari (masalan, Faxriddin Sodiqov nomidagi «maqom» ansambli, bigbend, torli kvartetlar va boshqalar), xor jamoalari, «milliy cholg’ular» muzeyi va ilmiy ishlab chiqarish laboratoriya, ixtisoslashgan ilmiy tekshirish markazi, «musiqa» nashriyoti, fonoteka, kutubxona, «Xalq musiqa ijodiyoti» laboratoriya, ovoz yozish studiyalari faoliyat ko’rsatmoqda. O’zbekiston konservatoriyasida turli yillarda K.Lisovskiy, V.Uspenskiy, Ya.Pekker, M.Ashrafiy, A.Kozlovskiy, B. Zeydman, N.Yablonovskiy, Ham. Rahimov, N.Hoshimov, Il.Akbarov, I.Rajabov, F. Sodiqov, F.Karomatli, F.Mamadaliyev, M.Reyson, A.Gekkelman, V.Po’latov va boshqalar dars bergan. Konservatoriyada 2004-2005 o’quv yilida 50 professor (S.Qobulova, T. Alimatov, Z.Haqnazarov, Q.Muhiddinov, O.Yusupova, F.Yanov-Yanovskiy, A.Odilov, T.G’afurbekov, R.Yunusov va boshqalar), 70 dan ziyod dosent ishladi. O’zbekiston konservatoriyasida o’quv jarayonining muhim bosqichi — ijodiy faoliyatidir. Konservatoriya jamoasi yiliga 300 dan ziyod turli kontsert o’tkazmoqda. Kontsertijrochilik faoliyatiga 38 ta O’zbekiston xalq artisti, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist va boshqalar faxriy unvonlarga ega mutaxassislar, shuningdek, 80 dan ziyod xalqaro va respublika tanlov laureatlari o’z hissalarini qo’shmoqda. Konservatoriyaning ilmiy-uslubiy faoliyati, asosan, o’zbek mumtoz va zamonaviy musiqa, Markaziy Osiyo va jahon xalqlari musiqa ijodi, musiqa nazariyasi va tarixi, ijrochilik masalalari bilan bog’liq. 2002 yilda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov tashabbusi bilan qurilgan yangi binosi (bosh me’mor V.Spivak, me’morlar A.Kalislomov, R.Shokirov va boshqalar, rassomlar o.Xabibulin, V.Gan, R. Xudoyberganov va boshqalar) eng zamonaviy uskunalar va cholg’ular bilan ta’minlangan. Umumiy hajmi 35.180 kvadrat metr, 305 auditoriyasi, 4 kontsert zali, 4 ovoz yozish studiyasi, sport zallari va boshqalar mavjud. Dilora Murodova.