O’ZBEKISTON LIBERAL-DEMOKRATIK PARTIYASI

O’ZBEKISTON LIBERAL-DEMOKRATIK PARTIYASI (O’zLiDeP), tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O’zbekiston Liberal demokratik partiyasi — O’zbekistondagi siyosiy partiyalardan biri. 2003 yil 15 noyab.r da partiyaning ta’sis s’yezdi va siyosiy Kengashining birinchi Majlisi bo’lib o’tdi. Unda partiyaning siyosiy kengashi, Ijroiya qo’mitasi saylanib, ustav va dasturi tasdiqlandi. 2003 yil 3 dekabrda O’zLiDeP O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tgan. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar kengroq faoliyat ko’rsatishi uchun yangi imkoniyatlarni ochish, mamlakatning manfaatlari va uning taraqqiyotining strategik istiqbollariga javob beradigan, bozor iqtisodiyoti, huquqiy davlat printsiplariga asoslangan demokratik davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratish, xalqning, avvalo, yoshlarning ongiga demokratik qadriyatlarni yetkazish va joriy etish bilan bog’liq harakat dasturini amalga oshirishga kuch va imkoniyatlarni safarbar qilish partiyaning asosiy maqsadi hisoblanadi. 3 yilda kamida 1 marta chaqiriladigan S’yezd partiyaning oliy rahbar organidir. Siyosiy kengash, siyosiy kengashning Ijroiya qo’mitasi, Markaziy nazorat- taftish komissiyasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, shuningdek, tuman (shahar)lar Kengashlari partiya boshqaruvining rahbar organlaridir. Partiya tashkilotining Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar Kengashlari, tuman va shahar Kengashlari faoliyat yuritadi. Partiyaning 7000 dan ortiq boshlang’ich tashkiloti bo’lib, partiya a’zolari soni 144628 kishidan iborat (2005 yil mart). O’zLiDeP siyosiy kengashi Ijroiya qo’mitasi raisi M.M. Teshaboev. O’z LiDEPning 41 a’zosi O’zbekiston Respublikasi parlamentining Qonunchilik palatasi deputati va 33 a’zosi senator hisoblanadi. Partiya siyosiy kengashi Ijroiya qo’mitasi a’zosi A.X.Shodmonov O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O’zLiDeP fraktsiyasining rahbari etib saylangan. «XXI asr» haftalik gazetasi (2003 yil 15 noyabrda ta’sis etilgan) O’zLiDeP nashridir.