Aftidan, Pyotr I Kaspiy dengizi va Ustyurt orqali Xiva xonligi va umuman o’zbek xonliklarini egallashni mushkulligini anglagan bo’lsa kerakki, Rossiyani birinchi navbatda Qozog’iston yerlarida egaligini ta’minlashga da’vat etgan. “Sharq bilan aloqada, – degan u, – Qozog’iston tasarrufi kalit va darvozadir. Shuning uchun millionlab pul sarflansa ham Qozog’istonni bo’ysundirish yoki hech bo’lmasa u yerda Rossiya ta’sirini o’rnatish zarurdir”. Pyotr I ning bu orzusi o’limidan ko’p o’tmay zamon taqozosiga ko’ra juda osonlik bilan amalga oshib bordi. Chunonchi, XVIII asrning birinchi choragida va keyingi yillarda qozoq sultonlarining o’zaro urushlari, ayniqsa, qalmoqlarning tajovuzlari ahvolni g’oyatda yomonlashishiga olib keldi. Shu bois qozoqlarning ayrim yuqori tabaqa vakillari Rus davlati tobeligiga o’tishga va bu bilan o’zlarini xavfsizligini ta’minlashga qattiq harakat qildilar. 1720 yilning 30 sentabrida Abulxayrxonning Sayqul Qaydagulov va Qutlumbet Kashkayev boshchiligidagi elchilari Ufaga kelib, rus ma’muriyatiga O’rta va Kichik Juz qozoqlarini Rus davlati tobeligiga olish haqidagi so’rovini topshirdi. Rus hukumati buni bajonidil qabul qilib, shuni ta’kidlab o’tdiki, qozoqlarni tobelikka olinishi Xiva xonligi va boshqa joylarni bo’ysundirilishini osonlashtiradi. Ayni paytda u savdoni rivojlanishida muhim o’rin egallashi uqdirib o’tildi.

1731 yil 19 fevralda imperator Anna Ivanovva Kichik Juz qozoqlarni ixtiyoriy ravishda rus davlati tobeligiga o’tkazilishi haqidagi yorliqqa imzo chekdi. 1731-1740 yillarda O’rta Juz qozoqlari ham Rus davlati tobeligiga olindi. Bu vaqtlarda Xiva xonligida taxt uchun kurashlar shu darajada qizib fojeali oqibatlarga olib keldiki, pirovardida o’zbeklardan xonlikka nomzod topolmay qozoq sultonlaridan biri bo’lmish Elbars (1728-1740) taxtga o’tqazilgi. Yuqorida qayd qilingan Abulxayrxon bundan foydalanmoqchi bo’lib Xiva xonligini ham Rus davlati tobeligiga o’tkazishga qattiq kirishdi. Bunga erishmoq uchun o’z o’g’li Nurillaxonni Elbars huzuriga yubordi. Ammo, xonlikdagi Rossiyaga qarshi kuchlar bunga yo’l qo’ymadi. Xiva qo’shinlarini Elbars boshchiligida Xurosonga qilgan tajovuziga javoban Eron shohi Nodir Xivaga qarshi yo’lga otlandi. Xonqada Eron askarlari qamalga olingan Elbarsni o’ldirib g’alabaga erishdilar. Bu yerda urush ketayotganda yuqori tabaqa vakillari Abulxayrxonni olib kelishib xonlik taxtiga o’tkazdilar. U Nodirshohni kelayotganligini eshitib Xivadan qochishga ulgurdi.

Shu tariqa Rus davlati qozoq juzlari orasida salmoqli o’rinni egallagan Abulxayrxonning tashabbusi va harakatlari natijasida Kichik va O’rta Juzlarda o’z hukmronligini o’rnatish imkoniga ega bo’ldi. Natijada Rus davlati nodir tabiiy boyliklarni, bepoyon yerlarni, karvon yo’llarini va boshqa ko’p daromad manbalarini qo’lga kiritdi. Shundan keyin u joylarda rus shaharlari va boshqa turar joylar, sanoat korxonalari va turli konlar yuzaga keldi. Bular Rus davlatini har jihatdan qudratini oshib borishini ta’minladi. Bu borada Orenburg shahrini barpo etilishi muhim o’rin egalladi. XVIII asrni 30-yillarida Qozog’iston yerlarini o’zlashtirish va savdoni rivojlantirish uchun Yoyiq (Ural) daryoiga quyiladigan Or daryosi bo’yida harbiy qal’a qurishga kirishildi. 1734 yilni bahorida hukumat K.K.Krillov boshchiligida Orenburg ekspeditsiyasini tashkil qildi. K.K.Krillovga harbiy qal’a qurish bilan bir qatorda o’zbek xonliklari bilan aloqalarni rivojlantirish hamda o’zbek savdogarlariga imtiyozlar berish singari vazifalar yuklatildi. Xullas, rus hukumati Orenburg shahrini Turkiston o’lkasi bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarini ko’prigini sifatida bunyod etadigan bo’ldi. U o’zining ko’rsatmasida Toshkent, Turkiston, Xo’jand, Xiva va Buxoro bilan aloqani yuqori darajaga ko’tarishga alohida ahamiyat bergan.

Birinchi navbatda u yerdan Buxoroga savdo karvonini yuborish rejalashtirildi. Hatto o’zbeklarga Orenburgda doimiy yashash uchun ruxsat berildi.

1735 yilni 15 avgustida Orenburgning birinchi poydevori qo’yildi. Bu voqeada toshkentlik savdogarlar ham qatnashganligi ma’lumdir.

Orenburgning tabiiy sharoiti va joylanishini noqulayligi tufayli uni Krasnaya Gora degan joyga ko’chirishga qaror qilindi. Bu ish 1739-1741 yillarda amalga oshirildi. Shuningdek Orenburgning yaqin va uzoq atroflarida Guberlin, Ozer, Buzuluq, Bars, Krasn-Samarsk, Tobin, Cheborko’l, Krasno-Ufim, Yeldyats, Kubov, Miassk, Kivilton, Qalmoq-bordi, Serdnati, Berd, Krilov, Karaul, Verxniy, Sorochiy, Toltskiy, Vozdvijenskiy, Tanalts, Iletsk, Yoyiq va Troitsk kabi qal’alar paydo bo’ldi. 1744 yilga kelib Orenburg guberniyasi tashkil topib u Kama daryosi, Kaspiy dengizi, G’arbiy Sibir va qozoq dashtlari o’rtasidagi bepoyon yerlarni qamradi. Bu joylarda yuzaga kelgan shaharlar va harbiy istehkomlar Turkistonni kelajakda bosib olinishida muhim tayanch bo’ldi. Ayni bir paytda Orenburg Rossiyaning Turkiston va boshqa Sharq mamlakatlari bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni rivojlanishida muhim markazlardan biri hisoblandi. Rus davlati faqat Yoyiq emas, balki Sibir tomonidan ham Qozog’istonda o’z mavqeini mustahkamlaydigan va harbiy yurishlarni uyushtirishni ta’minlaydigan tayanch nuqtalari bunyod etdi. Masalan, Omsk (1715), Jelezinsk, Petropavlovsk, Semipalatinchk (1718), Ustkamepogorsk (1720) va boshqa qal’alar va shaharlar qurildi. Jami 60 dan ortiq katta-kichik harbiy istehkomlar yuzaga kelgan. Xullas, Rus davlati qanchalik vaqtlarning o’tishi bilan Qozog’istonda shunchalik ko’p o’z mavqeini mustahkamlab o’zbek xonliklarga xavf tug’dirib bordi.