Kavkaz, Volgabo’yi, Sibir va O’rta Osiyo ustidan hukmronlik qilish rus podsholarining azaliy orzusi edi. Rossiya podshohi Ivan Grozniy ana shu orzuni amalga oshirishni boshlab berdi. U XVI asr ikkinchi yarmida Qozon, Ashtarxon va Sibir xonliklarini bosib oldi.

Rus davlati endi afsonaviy boyliklar makoni deb shuhrat topgan O’rta Osiyo mintaqasiga ko’z olaytirib, bu yerdagi mavjud xonliklar haqida keng ko’lamda josuslik ma’lumotlarini to’play boshladi. Bu holat “Moskva savdo kompaniyasi” deb atalgan tashkilotning vakili Antoji Jenkinson boshchiligidagi elchilarning faoliyatida yaqqol namoyon bo’ldi. Antoni Jenkinson Richard va Robert Jonsonlar bilan birgalikda 1558 yilning aprelidan to 1559 yilning 2 sentabrigacha Buxoroda bo’ldi, u yerda Abdullaxon II bilan uchrashdi. Shayboniylar sulolasining salohiyatli va mashhur vakillaridan hisoblangan Abdullaxon rus podshosining elchisi bilan bo’lgan suhbatda Rossiya, Angliya va Turkiy davlatlarining harbiy qudrati, qurol-aslahasi haqida ma’lumot olishga qiziqqan bo’lsa, Jenkisnson va uning hamrohlari Buxoroning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy ahvoli va xalqaro aloqalari haqida imkon qadar ko’proq ma’lumot to’plashga intildilar. Rus davlati bundan keyin ham zo’r berib O’rta Osiyo xonliklari haqida ma’lumot yig’ishda davom etdi. 1620 yilda Ivan Xohlov, 1660 yilda B.A va S.I.Pazuxinlar, 1675 yili esa V.A.Daudov boshchiligidagi elchilarini O’rta Osiyo xonliklariga jo’natdi. Ular Buxoro, Xiva, Urganch va Balxda bo’lishib, o’zbek xonliklarining iqtisodiy-siyosiy va harbiy ahvoli bilan yaqindan tanishdilar. Manbalarda XVII asrda Buxoro va Xiva xonliklarida Rossiyaning 9 elchisi bo’lganligi qayd etilgan.

XVII asr boshlarida rus kazaklari Urganchga xurujlar uyushtirganlar. Rus kazaklarining Urganchga hujum qilib katta o’ljalik bo’lishgani, mahalliy xalqning ularga qarshi kurashgani xususida tarixiy manbalarda ishonchli ma’lumotlar bor. Urganchning rus kazaklari tarafidan bosqin etilishi va Xorazm xalqining tajovuzkorlarga qarshi olib borgan kurashi mashhur tarixchi olim Abulg’ozixonning “Shajarai turk” asarida yoritilgan. Jumladan, mazkur asarda shunday deyiladi: “Yoyiq teganda yurug’on o’rusning qozoqindin ming kishi saratonning avvalgi kuni g’ofil kelib, Urganchning qal’asiga kirdi. Shaharda ra’iyatdin o’zga kishi yo’q erdi. Xonning o’rdasi kishi chopturdilar. Yetti kunda xon keldi. [Kazaklar] Urganchda ra’iyatdin ming kishini o’ltirdi va ming qiz bilan juvonni oldi. Ming arobagaa yaxshi mollardan yukladi. Bo’z va bo’yog’li, palos va to’n, to’shak-yastuq mundog’ nimarsalarni barchasini o’tga yoqdi. Bularni saranjom qilguncha yetti kun bo’ldi. Andin so’ng [kazaklar] Urganchdin chiqib daryo labiga yurudi. Arab Muhammadxon oldiga borib o’r qazdi va jang qildi. Ikki kun urushtilar, uchinchi kuni jibni zo’r qilib olib, taqi bosib o’tdi. O’rus piyoda, bizning xalq otlig’ ikki farsang yer yuzunda yana o’r qazib jang qildilar. O’rus yuklagan suvini tamom qildi… o’rus qon icha boshladi. Beshinchi kuni qonni ham tavosutti. O’zbek har yerdan to’p-to’q bo’lib chopdi. O’rusni o’ldurib-o’ldurib qaytdi. Ul arobadan chiqib urushar erdi. Axir arobaning ichindan chiqa bilmadi. Ojiz bo’ldi. Yettilanchi kuni barcha ittifoq birlan choptilar. Arobaga kelgandan so’ng otdin tushib ko’ran ichiga kirib qilichni qo’ya berdilar. Xalq o’ljaga yuzburg’onda o’rus qochib daryo labiga borib Tuq qal’asining quyisida yag’ochdin qal’a solib baliq olib yedida o’lturdi. Arab Muhammadxon borib qabadi. Taqi o’n besh kunda oldi”.

Shunday qilib, rus kazaklarining dastlabki talonchilik qutqusi barbod bo’ldi. Keyin Urganchga bostirib kirgan Ataman Nechayev kazaklarining taqdiri ham shunday bo’ldi. Abulg’ozixon yozadi: “Biz dunyoga kelgan yilning avval bahorinda (1603 yil) o’n yetti kishi o’rusg’a savdog’a ketar erdi. Qo’sh Yoyiq teganda ming qozoq o’rus bor ekandi. Yo’lda anga uchray qolur. Ikkisini o’lturur, saqlag’an kishilardin Urganchning xabarin so’rar. Aning birisi turkistonlik ekandur. Ul aytur, Urganchning shahrinda sipohdin bir kishi yo’q edi. Sipohning yaqin o’lturgani otlig’a bir kunlik yo’q edi. Sipohning yaqin o’lturgani otlig’a bir kunlik yo’l. Shaharda tanho ra’iyat turur. Bir tarafi cho’l. Agar cho’l yo’lindin yuz ming lashkar borsa, shaharga kirganda ko’rar. Andin ilgari ko’rmas. Yot yurtli kishi ancha qo’lindan va tilindan kelgan sa’y birlan xushomadni qildi. O’rus muning so’zina firifta bo’lib turkistonlini boshchi qilib, ming kishi kelib Urganchning Mirzo darvozasindin kiribdi…

Otamiz [Arab Muhammadxon] o’rusdin bir kishi qo’ymay qirib ekandur”. XVIII asr boshida esa ana shunday xuruj keng miqyosda amalga oshdi. Bu xuruj Rossiyaning birinchi imperatori Pyotr I davriga boshlandi.

1713 yilda Ashtarxonga kelgan mang’ishloqlik Turkman savdogi Xo’ja Nafas knyaz Mixail Samonov bilan uchrashadi. Ular tezda o’zaro til topishib ketishadi. Turkman savdogari undan katta va’dalar oladi, Eronning G’ilon viloyati hukmdori bo’lgan, lekin ayrim sabablarga ko’ra Rossiyaga qochib kelib nasroniy diniga o’tgan bu kimsa Xo’ja Nadasni Sankt-Peterburgga taklif qiladi. Xo’ja Nafas bu shaharda cho’qintirilgan yana bir musulmon-knyaz Bekovich-Cherkasskiy bilan tanishadi. Xo’ja Nafas unga Amudaryo sohili oltin qumlarga boyligi haqida gapiradi. U Rossiya uchun oltinning naqadar zarurligini yaxshi anglagani uchun bu haqda Pyotr I ga axborot beradi. Shuning uchun Pyotr I Xo’ja Nafasni shaxsan o’z huzuriga chaqirtiradi. Xo’ja Nafas u bilan qilgan suhbatida qadim zamonlarda Amudaryo Kaspiy dengiziga kelib qo’yilganini, ammo, keyinchalik mahalliy aholi daryoni to’g’on bilan to’sganini va qurigan o’zan ham oltinga boyligini aytadi. Xo’ja Nafasning ma’lumotlarini aynan shu vaqtda Sankt-Peterburgga kelgan Sibir gubernatori Matvey Gagarin ham tasdiqlaydi va Yorkent shahri yaqini Sirdaryo sohilidan olib kelingan oltin namunalarini unga ko’rsatadi. Pyotr I endi maxfiy reja tuzib, bu oltinlarga ega bo’lish uchun ekspeditsiya jo’natishga qaror qiladi. Kapitan Ivan Buxgolts rahbarligidagi birinchi ekspeditsiya Sibir orqali Tobolskdan Irtish daryosi bo’ylab Yorkentga borishi kerak edi. Bu guruh 1715 yilning boshlarida yo’lga chiqib, Yamishchev qo’liga yetib boradi va u yerda istehkom quradi. Ammo, bu yerlarda yashayotgan qalmoq qabilalari ajnabiylarning qal’asiga har tarafdan hujumlar uyushtiravergach, Buxgolts orqali chekinishga majbur bo’ladi. O’rta Osiyo orqali o’tishi kerak bo’lgan ikkinchi ekspeditsiya esa Xiva xonligiga borishi, unga rus gvardiyasini taklif etishi hamda Amudaryoni eski oqimiga burish imkoniyatlarini aniqlashi, so’ng esa Buxoroga o’tib, amirning ham Rossiya panohi ostiga o’tishi ta’minlashi lozim edi.

Bu ekspeditsiya podsho gvardiyasi Preobrjensk polka poruchigi Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy rahbar qilib tayinlandi.

Mavzuga oid hujjat

Pyotr I ning Bekovich-Cherkasskiyga yo’riqnomasi
 
1. Amudaryo bir vaqtlari Kaspiy dengiziga qo’yilgan joyda 1000 chaqirimni qamraydigan harbiy istehkom qurilsin. Amudaryo oqimini va to’g’onlarini sinchkovlik bilan o’rganib, imkoni bo’lsa eski yo’lga burib yuborilsin. Suvni Orol dengiziga yo’naltiradigan to’g’onlar buzilsin. Bu ishlarni bajarishga qancha kishi kerakligi aniqlansin.
2. Xiva xonligining rus davlati tobeligiga o’tishiga erishilsin hamda bizning manfaatlarimizga xizmat qilish sharti ko’tarsa, harbiy qism qoldirilsin. Agar xon rozi bo’lsa va sharoiti ko’tarsa, harbiy qismni o’zi ta’minlasin. Bordiyu, buni qila olmasa, harbiy qismni bir yil davomida ta’minlash kafolati berilsin, keyingi yillardagi xarajatlar esa uning zimmasiga yuklatilsin.
3. Agar Xiva xoni rozilik bildirsa, u vaqtda xon kishilariga ikki rusni qo’shsin va ular Sirdaryo suvi bo’ylab oltin borligini aniqlash uchun Yorkentga jo’natilsin. Shuningdek, xondan savdogarlarimizning Amudaryo bo’ylab Hindistonga borishlari uchun kemalar berishi so’ralsin. Savdogarlar ketayotganlarida quruqlik va suv yo’llarini, daryo va ko’llarini, ayniqsa Hindistonga boradigan yo’lni yaxshi o’rgansinlar va ma’lumotlar to’plasinlar. Agar savdogarlar Hindistonga Kaspiy dengizi orqali boradigan yo’l mavjudligini eshitsalar, u vaqtda shu yo’l bilan orqaga qaytsinlar va ko’rganlarini qog’ozga tushirsinlar.
4. Xiva xonidan Buxoro xonligining rus davlati tobeligiga o’tishga xohishi, bor-yo’qligi aniqlansin. Bordiyu bunday istak bo’lmasa, do’stlik munosabatlari o’rnatishga erishilsin.
5. Ko’rsatilgan topshiriqlarni amalga oshirish uchun 4000 kishidan iborat muntazam qo’shin va kerakli kemalar ajratilsin. Bundan tashqari, Yoyiq kazaklaridan 1500, eshkakchilardan 500 va otliqlardan 100 kishi berilsin. Ular savdo karvonlarini muhofaza qilish niqobi ostida Ashtarxondan harbiy qal’a va shahar quriladigan joyga, ya’ni Kaspiyning sharqiy qirg’og’iga yuborilsin. Qo’shin komandirlari barcha joylardagi tub aholiga nisbatan xushmuomalada bo’lsinlar. Shaharni qurish uchun zarur bo’lgan asbob va cho’kichlar berilsin.
6. Dengiz ofitserlaridan poruchik Kojin va navigatorlardan 50 yoki ko’proq kishi harbiy qismga qo’shilsin. Kojin savdogarlar niqobida ish yuritishi, navigatorlar esa Yorkentga yuborilishi lozim.

Pyotr I ning harbiy istehkomlar qurish va shu yo’l bilan Kaspiy dengizining sharqiy qirg’oqlarida rus davlatining ta’sirini o’rnatish haqidagi ko’rsatmasini bajarish uchun u 69 kemada Kaspiy dengizi bo’ylab yo’lga chiqdi. Tikqarag’an degan joydan Manqishloqqa kelib, bu yerda Avliyo Pyotr nomida harbiy istehkom qurdi. Ikkinchi qal’a Krasnovodskda barpo etildi.

1717 yil ko’klamida Bekovich-Cherkasskiy o’z qo’shinining bir qismini yo’l bo’yiga qo’yib, o’zi qolgan askarlari bilan kemada Kaspiy dengizi orqali Guryevga keldi.

Qalmoqlar xoni Ayuka Bekovich-Cherkasskiyni Xivadagi vaziyatdan ogoh qiladi: “Mening Xiva xonligiga borib kelgan odamimning guvohligiga ko’ra, 2000 kishidan iborat xivaliklar, qoraqalpoqlar va qozoqlar birlashib, chegara joylarda turibdilar. Ular yo’llardagi quduqlarni ko’mganlar hamda jang qilish niyatidalar. Yo’llarda jazirama issiq oqibatida o’t yo’qligidan rus askarlari og’ir ahvolga tushib qolmasinlar. Vaziyatni batafsil tushuntirish uchun 7 kishini yubormoqdaman”.

Bekovich-Cherkasskiy 3000 dan ortiq qo’shin bilan 1717 yil may oyining oxiri – iyunning boshlarida Guryevdan chiqib, Xiva tomon yurdi. Emba daryosi irmog’ini kechib o’tdi, ikki kundan keyin esa Bagachat degan joyga kelib qo’ndi. So’ngra Dukchon, Mansulmas, Childon, San Durali va Yangisuv singari quduqli manzillarni bosib o’tdi. Biroq, jazirama issiq va o’tlar qovjirab ketganligi sababli qo’shindagi ot va tuyalarni boqish g’oyatda og’ir kichadi. Bekovich-Cherkasskiy Yangisuvga kelgach, tinchlik va do’stlik elchisi sifatida borayotganligini ma’lum qilish uchun Sherg’ozixon huzuriga Mixail Karetovni jo’natdi. Shundan keyin qo’shin yo’lda davom etib, Shershik qudug’i va Qoraqumobod arig’i orqali Oqko’l arig’i bo’yiga keldi. Ko’p o’tmay uning huzuriga Xiva xoni Sherg’ozi nomidan ikki kishi va Karetovning bir odami keldi. Ular on nomidan Bekovich-Cherkasskiyga ot, to’n va turli matolardan iborat sovg’a-salomlarni topshirdi.

O’z navbatida u ham Xiva elchilariga diplomatik mulozamatlar ko’rsatadi. So’ng qo’shini bilan Xivaga yurishini davom ettiradi. Poytaxtgacha to’rt kunlik masofaga yetishganda Xiva qo’shini ekspeditsiya bilan to’qnashadi. Uch kun davom etgan jang ruslarning harbiy ustunligini ko’rsatadi. Sherg’ozixon bosqinchilarni qurol kuchi bilan yengib bo’lmasligini anglaydi. Xiva hukmdori ruslar huzuriga o’z elchisini yuborib muzokaralar boshlaydi.

Bekovich-Cherkasskiy o’z navbatida Xiva hukmdoriga o’zining rus davlatinign elchisi ekanligini va qoraqalpoqlar hujumlaridan saqlanish uchun qo’shin bilan kelganligini ma’lum qildi. Oradan ko’p vaqt o’tmay, rus elchilari xonning lashkarboshisi Qulunbek va Nazarxo’ja ismli kishi bilan birga keldilar. Qisqasi, har ikki tomon bir-birlari hujum qilmaslikka ahd qildilar. Sherg’ozixon Eshonxo’ja orqali Bekovich-Cherkasskiyni o’z huzuriga taklif etdi. Nihoyat bunga rozilik bildirgan Bekovich-Cherkasskiy knyaz Mixail Samonov, brigadier Grigoriy Volkov, 700 askar va boshqa kishilar bilan xon huzuriga yo’l oladi. U Pyotr I yorlig’ini, qimmatli egar-jabduq o’ralgan ot, movut, har biri 5 gazdan bo’lgan turli gazlamalar, kallaqand, kumush idishlardan iborat sovg’alarni xonga topshirdi.

Sherg’ozixon do’stona suhbatlar va mehmondorchiliklar uyushtirib kapitan-poruchikni yaqindan tanish, maqsadini anglashga urinadi. Asli Vatani Qabarda bo’lgan Iskandarbek knyaz Golitsinning qizi Mariyaga uylangach, nasroniy diniga o’tgan. Cho’qintirish marosimida Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy nomini olgan. Xorijga o’qishga yuborilgan. So’ngra poruchik unvonida Preobrajensk leyb-gvardiya polkiga xizmatga tayinlangan. Podshoning yaqin va ishonchli mulozimiga aylangan. Xivaga yaqinlashganda rafiqasi Mariya va qizlarining Volgada cho’kib o’lgani haqida xabar olgach, dunyoqarashi o’zgargan. U Ollohning qahriga uchraganini sezib, yana musulmonlikka qaytgan. Sherg’ozixon aniqlagan ma’lumotlar asosida Iskandarbekka aylangan. So’ng ularni qirib tashlaydi. Xiva xonining tabirkorligi tufayli birinchi rus ekspeditsiyasi barbod bo’ladi. Rossiyaning Xivaga elchilik niqobida qo’shin yuborgani bu vaqtda Buxoroda katta bezovtalik uyg’otgan edi. Shuning uchun Buxoro xoni Abulfayzxon 1716 yilda Xonquli to’pchiboshi boshliq 61 kishidan iborat elchilarni Peterburgga jo’natadi.

Elchilar 1716 yilning 22 fevralida Ashtarxonga yetib keldi va komendant M.Chirikovga o’zining ishonch qog’ozini va Abulfayzxonning maktubini topshirdi.

Ayni vaqtda Prussiyada turgan Pyotr I ning Peterburgga qaytishini, keyin esa yo’llarning ochilishini kutgan Xonquli to’pchiboshi 1717 yilning may oyigacha Moskvada qoldi. Uni zodagonlar, amaldorlar va boy-ayonlar ovuntirib turdilar, bazmlariga olib borishdi. Elchiga Rossiyaning boyligi va qudratini namoyish qilishga urinishdi. 17171 yilning 26 iyunida esa uni Peterburgga izzat-ikrom bilan kuzatib qo’yishdi.

Abulfayzxon Pyotr I ga yozgan maktubida ikki davlat orasida do’stlik munosabatlarini o’rnatish va o’zaro savdo-sotiq ishlarini rivojlantirish istagini bildirgan edi. Buxoro xoni o’z maktubida Ashtarxonda ayrim musulmonlarning tuhmatga uchrab, begunoh hibsga olinganligini ta’kidlab, ularning ozod qilinishini iltimos qilgan.

1717 yilning 3 iyulida Rossiya hukumatining topshirig’iga ko’ra, Tashqi ishlar mahkamasi xodimi Pyotr Kurbatov Xonquli to’pchiboshining huzurida bo’ldi. Ammo, elchi Buxoro xonining yorliq va maktubini shaxsan Pyotr I ga topshirish lozimligini aytib, podshoning Rossiyaga qaytishini kutdi.

1717 yilning 10 oktabrida Sankt-Peterburgga qaytgan Pyotr I Buxoro elchisini 26 oktabrda qabul qildi. Shohlarga xos odat bo’yicha Pyotr I elchidan Buxoro xonining salomatligini surishtirdi. Shundan keyin Buxorodan keltirilgan sovg’a-salomlar topshirildi. Xonquli to’pchiboshi Abulfayzxonning ishonch yorlig’ini topshirgach, asir etilgan buxoroliklarning ozod etilishini iltimos qildi.

Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasi halokatidan so’ng o’z rejasidan qaytmagan Pyotr I endi o’z nigohini Buxoroga qaratadi. Shuning uchun podsho va uning vazirlari, xususan, zobitlar elchiga zo’r qiziqish bilan qaradilar. Ular Xonquli to’pchiboshi qachonlardir Orenburg garnizoni kaprali Andrey Rodikov bo’lganini eshitishgan edi. Asir tushib qolgan bu zobit Xivada qul tariqasida sotilgani, Buxoro shahzodasi Abulfayz uni o’z xizmatiga olib, armiyada katta lavozimga qo’ygani tarixini ham bilishardi. Andrey Rodikov o’z darajasiga ko’ra, generaldan ham yuqori unvondagi Buxoro amaldori ekani ham bu qiziqishni oshirgan edi. Sobiq kapral endi Xonquli to’pchiboshi nomida qirq yildan so’ng o’z vatani o’zga yurtning elchisi sifatida turardi. Pyotr I Buxoro elchisi bilan qilgan shaxsiy suhbati uning butun tarixini bilib oldi va unga hurmati oshdi.

Xonquli to’pchiboshi Abulfayzxonning topshiriqlarini bajarib bo’lgach, Buxoroga qaytib ketishi oldidan xotini va qizi Peterburgda umrbod qolmoqchi ekanini podshoga aytganida Pyotr I elchining bu iltimosini qondirgani ham bejiz bo’lmagan. O’z burchiga sodiq bu rus zobitining Buxoro xoniga sadoqati podshoni ajablantirdi.

Pyotr I Rossiyaning Buxoro bilan yaxshi munosabatda bo’lishi siyosiy maqsadlarda qo’l kelishini yaxshi anglar edi. Shuning uchun u Abulfayzxonga yozgan javob maktubida o’zaro savdo-sotiq aloqalarini yo’lga qo’yishdan mamnunligini bildirdi va bundan buyon Buxoro savdogarlaridan boj-xiroj olinmasligini xabar qildi.

Buxoro xonining Rossiyadagi asirlarni ozod qilish haqidagi iltimosi ham ijobat topdi: “O’ta xavfli jinoyat sodir etib, o’lim jazosiga loyiq bo’lgan” buxorolik ikki kishi umrbod surgun qilindi, boshqalari ozod etildilar. Pyotr I Abulfayzxonning Buxoroga “idrokli odam”ni elchi qilib yuborish to’g’risidagi iltimosiga alohida e’tibor bilan qaradi. Chunki Buxoro xoni Abulfayzning Pyotr I dan o’z elchisini yuborishni iltimos qilishi rus hukumatining manfaatlariga to’la mos kelar edi. Buxoroga borishga hozirlik ko’rayotgan Florio Beneveni boshchiligidagi elchilik jamoasining taraddudi Abulfayzxon iltimosiga javob bo’ldi.

Rus podshosi Pyotr I huzurida yuqori lavozimda turgan F.Beneveni asli italiyalik bo’lib, “fors va turk tillarini yaxshi bilar, o’ziga topshirilgan elchilik vazifasini bajara oladigan darajada boy tajribaga ega” odam edi.

F.Beneveni boshliq elchilarni jo’natish bilan shaxsan Pyotr I hamda uning eng yaqin yordamchilari: kantsler G.Golovkin va uning o’rinbosari P.Shafirovlar shug’ullanganligi uchun Buxoro xoni Abulfayzxon ham bu tashrifga o’ta qiziqish bilan qaradi.

Florio Beneveni elchiligining maqsad vazifalari 1718 yilning 13 iyulida imzolangan maxfiy yo’riqnomada ochiq-oydin ko’rsatib berilgan. Yetti moddadan iborat ushbu yo’riqnomada F.Beneveniga o’z safari chog’ida iqtisodiy va geografik ahamiyatga molik yerlarni buxoroliklarga sezdirmasdan eslab qolish, Kaspiyga quyiladigan katta-kichik daryolar va mavjud kemalar, shaharlar va istehkomlar haqida ma’lumot to’plash topshirilgan edi. Bu topshiriqlar ichida uning ham Buxoroda Eron elchilariga ko’rsatiladigan darajada izzat-ikrom bilan kutib olinishiga erishish lozimligi alohida uqtirilgan edi. Bundan tashqari. F.Beneveni Buxoro xonligining qit’alari va qo’shinlarining umumiy soni, armiyasining tuzilishi va ahvoli, boshqarish usuli, Buxoroning Eron, Xiva va Turkiya bilan munosabatlari haqida to’la ma’lumot to’plashi hamda Rossiya va Buxoro davlati o’rtasida savdo-sotiqni rivojlantirishda mavjud imkoniyatlarni aniqlash bilan birga, O’rta Osiyo daryolaridagi oltin zaxiralari haqida ma’lumotlar to’plashi ham lozim edi. F.Beneveniga Buxoro xoniga soqchilik uchun rus gvardiyasini taklif etish va bu ishning oson kechishi uchun Xonquli to’pchiboshining ko’nglini topishi alohida uqtirilgan.