1360-1370 yillarda Turkistondagi vaziyat

Milodiy 1358 yilda Turkiston (Movarounnahr) hukmdori Amir Qozog’on o’ldirilgandan keyin boshboshdoqlik avj olib ketdi. Tarixchi Xondamirning xabar berishicha, mamlakat parchalanib o’nga yaqin bekliklarga bo’linib ketgan, hukmdorlar o’zaro nizolar, janglar bilan ovora, birlashishni o’ylamasdilar. Shu sababdan Mo’g’uliston xoni Tugluq Temurxon 1360-1361 yillarda yagona hokimi yo’q yurtimizga bosqin uyushtirganda unga bas keladigan kuch topilmadi. Amir Temur ana shunday vaziyatda tarix maydoniga kirib keldi. Xudo kelajakda ulug’ saltanat barpo qilishni uning ko’ngliga jo etgan edi. Buning uchun mamlakatni birlashtirish lozim bo’lardi. U o’zboshimcha amirlar boshini bir joyga qovushtira oldi. Og’ir kurashlardan keyin milodiy 1370 yilda Amir Temur davlat boshiga keldi. Turkiston tarixida 1370 yil 9 apreldan boshlab mutlaqo yangi sahifalar boshlandi.