Rifey
Rifey (lotincha Ri phaei montes — Rifey tog’lari; qadimgi geograflar Ural tog’larini ba’zan shunday ataganlar) — kechki pjembriyga mansub yirik stratigrafik bo’linma. Geologik yoshi 1650— 570 million yil bo’lgan, kam o’zgarishga uchragan tog’ jinslaridan iborat; kembriy davri bilan almashgan. Rifey 1945 yil rus geologi N.S. Shatskiy tomonidan Janubiy Uralda aniqlangan. Taxminan yuqori proterozoyga muvofiq keladi. Rifey tarkibida 4 ta bo’linma mavjud: quyi, o’rta, yuqori va vend. So’nggi bo’linmaga mustaqil majmua sifatida qaraladi va ko’pincha terminal Rifey, yoki vendomi deb ataladi. Shu 4 bo’linmaning har biri tarkibida Rifey yotqiziqlarini bo’limlarga ajratish va korrelyatsiya qilishda asos bo’ladigan ko’k-yashil suvo’tlar qoldiqlari (stromatolitlar)ning o’ziga xos majmuini ko’rish mumkin. Rifeyning dengiz va quruqlikdagi yotqiziklari barcha materikda tarqalgan. Platformalar Rifeyda paleozoydagiga nisbatan kichiroq maydonni egallagan. Ular yassi quruqlikdan iborat bo’lib, ustidagi qadimgi jinslar yuvilib ketgan. Nuragan jinslar esa bukilmalarda to’plana borgan. Geosinklinal sistemalarning tashqi bukilmalarida qumtoshli jinslar bilan birga gilli karbonatli, ba’zan flish (Tyanshanda) yotqiziqlari vujudga kelgan. Okean tubidagi yer pusti ichki bukilmalarida suv osti vulkan mahsulotlari yig’ilgan. Rifey oxirida keng maydonlarda motsslar yotqizilgan. Rifeyda arid (quruq) ikdim bo’lganligi uchun qizil yotqiziqlar to’plangan. Biroq yuqori Rifeyning 2-yarmida va terminal Rifeyda ko’p o’lkalarda muzlik yotqiziqlari uchraydi. Rifeyning kabonatli jinslarida ko’plab stromatolitlar mavjud. Qatlamlarni ajratishda mikrofitolitlar muhim ahamiyatga ega. Rifey cho’kindilarida stratigrafik ahamiyatga ega bo’lgan akritarxlar mavjud. Rifeyda umurtqasizlarning dastlabki tiplari paydo bo’lib, erta paleozoyda ravnaq topgan. Rifeyning yuqori qismida skeletsiz ko’p hujayrali hayvonlar uchraydi. Halqali chuvalchanglar yaxshi namoyon bo’lgan. Foydali qazilmalardan Rifey cho’kindilarida temir rudasi, fosforitlar, ayrim joylarda qo’rg’oshin-rux, Ekvatorial Afrikada mis, kobalt va uran rudalari mavjud. Sibir platformasida terminal Rifeyda gazkondensatlar va neft uyumlari aniqlangan.