ASALARI KASALLIKLARI

ASALARI KASALLIKLARI — asalarilarda uchraydigan kasalliklar. Asosan infektsion, invazion (yuqumli) va yuqumsiz kasalliklarga bo’linadi. Infektsion kasalliklardan Amerika chirish kasalligi (g’umbakda) va Yevropa chirish kasalligi (lichinkalarda) ko’p uchraydi. Romlardagi kataklarga qo’yilgan urug’lar chirib ketishi bilan kuzatiladi. Kasallikni zamburug’lar qo’zg’atadi. Davolash va kurash choralari: uyadagi zararlangan romlar dezinfektsiya qilinadi, shifobaxsh qiyom (2 kilogramm shakar, 1 litr suv) ga penisilin, norsulfazol, streptomisin kabi antibiotiklardan biri (1 litr qiyomga 1 gramm hisobida) qo’shib beriladi. Yuqumli kasalliklardan nozematoz kasalligi asalarilarning o’rta ichaklarini zararlab, kuchli ich ketish bilan kuzatiladi. Nozema Apis zamburug’lari sporalari qo’zg’atadi. Kasallangan arilar romlarda emas, uya devorlariga yopishib turadi. Davolash: shifobaxsh qiyom (2 kilogramm shakar, 1 litr suv) ga fumaglin (1 lirtga 50 — 100 gramm) qo’shib beriladi. Davolash 5 — 7 kun oraliq bilan 2 — 3 marta takrorlanadi. Yuqumli kasalliklardan yana biri kanalar qo’zg’atadigan varroatoz kasalligidir. O’rta Osiyoda keng tarqalgan. Kanalar asalarilarning choti, qanoti osti va qorin qismlarida parazitlik qiladi. Kurash choralari: asalari romlari ostiga vazelin surilgan tunuka qoplama qo’yiladi. Fenotiazin preparati tutatilib, uya 30 — 40 minut dimlanadi (tutun ta’sirida kanalar vazelin surtilgan tunuka qoplamaga to’kilib, yopishib qoladi). Uya ochilib shamollatiladi va kanalar yig’ib olinib kuydiriladi. Yuqumsiz kasalliklardan zaharli va zararli o’simliklardan olingan nektar, gulchang, shuningdek turli kimyoviy moddalardan zaharlanish ko’proq uchraydi. Davolash: kasallik belgilari aniqlanishi bilan kechqurun asalarilarga iliq suv yoki 20% li shakar qiyomi beriladi. Asalarizorni boshqa joyga ko’chirish yaxshi natija beradi. Ibrohim Jo’rayev.