ASALARI MUMI

ASALARI MUMI — ishchi asalarilar mum bezlarida ishlab chiqaradigan yog’simon suyuqlik. Asalari mumi mum oynachalarida joylashgan mayda teshikchalar orqali tashqariga chiqib, havo ta’sirida qotadi va och sariq plastinka ko’rinishga keladi. Mumni faqat yosh arilar (10 — 20 kungacha bo’lgan yoshdagi) ishlab chiqaradi. Mavsum davomida bitta oila 0,8 — 2 kilogrammgacha mum ishlab chiqarishii mumkin. Mum tarkibida 300 dan oshiq elementlar bo’lgan murakkab aralashma bo’lib, ular murakkab efirlar aralashmasi (75% gacha), yog’ kislotalari, uglevodorodlar va boshqalardan iborat. Mum vitaminga boy (asalari uyasidan olingan 100 gramm mumda 4096 ME A vitamini bor). Solishtirma massasi 0,956 — 0,969. 62 — 72° da eriydi. Suvda erimaydi, efir, xloroform, benzol, benzin, skipidar moyida oson eriydi. Mumdan yangi asalari oilalari uchun mumparda tayyorlanadi, asosan, kosmetikada, oziq-ovqat sanoatida, tibbiyotda va texnikada ishlatiladi.