Ramz Bobojon
Ramz Bobojon (taxallusi; asl ism-sharifi Bobojonov ramz, 1921. 2.12, Toshkent) — shoir va dramaturg. O’zbekiston xalq shoiri (1981). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1971). Toshkent pedagogika instituti (1944) va shu institut aspiranturasi (1955)ni tugatgan. «Lenin uchquni» (hozirgi «Tong yulduzi») gazetada bo’lim mudiri, muharrir, Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi (1949-59), Yozuvchilar uyushmasi pravleniesi kotibi (1960-63; 1968-80), badiiy adabiyot nashriyoti direktori (1963— 67), O’zbekiston «Vatan» jamiyati pravleniesi raisi (1981-86) lavozimlarida xizmat qilgan. Ijodi 1936 yildan boshlangan. «She’rlar» (1939), «hadya» (1940), «Oltin Kamalak», «vodiyni kezganda» (1949), «Tanlangan asarlar» (1958), «Sevgi sirlari» (1963), «she’rlar» (1965), «senga, sevgilim» (1969), «Muhabbatga ta’zim» (1980), «sening mehring» (1997), «Surayyo yulduzidan shu’lalar» (2001) she’riy kitoblar muallifi. Ramz Bobojon doston janrida ham ijod etib, «Qadrdon do’stlar» (1948), «birinchi parvoz» (1955), «bobom bilan suhbat» (1967), «Obi hayot» (1969), «Hindiston onasi» (1972), «bahs» (1973) singari liroepik asarlar yaratgan. «Tog’a-jiyanlar» (1961), «insu jins yoki tirik murdalar» (1972), «Zuhraning maktublari» (1975) komediyalari, shuningdek, «Yusuf va Zulayho» musiqali dramasi (1981) respublika teatrlari sahnalarida qo’yilgan. «Zuhraning maktublari» komediyasi «Lo’lini aldab bo’lmaydi» nomi bilan Moskvadagi «Romen» teatrida sahnalashtirilgan. «Yusuf va Zulayho» musiqali dramasi asosida esa 5 seriyali televizion film yaratilgan. Ramz Bobojon G. Ibsen («Arvoxlar»), A. T.Tvardovskiy («Vasiliy Tyorkin»), M.I.Aliger («Zoya»), Nabi Hizriy («Sevgim, sevgilim») va boshqa adiblarning asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (2003). As: Saylanma [3 j.li], 1—3-j.lar, T., 1983-1985. Ad.: Nasirov E., Ramz Babadjan, T., 1974.