Hazrati Imom mayin (MUIN) majmuasi
Hazrati Imom mayin (MUIN) majmuasi — Qashqadaryodagi me’moriy yodgorlik (11 —19-asrlar). Hazrati Imom mayin maqbarasi atrofida bunyod etilgan. Maqbara oldi ayvonli, naqshinkor 6 ustunga tayangan. Majmua devor bilan o’ralgan kichik (tashqi) va katta hovlidagi turli davrlarda qurilgan binolardan tashkil topgan. 11 — 14-asrlarda maqbara (tarhi 5×5 metr), ziyoratxona va masjid (7×7 metr) qurilgan, maqbara hovlisida murabba tarhli (10×10 metr) hovuz bor, hovuzning sharqida quduq mavjud. Maqbara 16 qirrali kulohiy gumbaz bilan yopilgan, yog’och sag’ana o’yma naqshlar bilan ziynatlangan. Masjid gumbazli xonaqoh va 2 tomonli ayvondan iborat, ayvon shifti va ustunlari naqshlar bilan bezatilgan; masjid yonida chillaxona joylashgan. 19-20-asrlarda xonaqohga tutash 2 xona qurilgan. 2004 yilda ta’mirlangan.