Hamroyev Razzoq
Hamroyev Razzoq (1910.30.11 – Shofirkon tumani, Tezguzar qishlog’i — 1981.5.5, Toshkent) — aktyor, rejissyor, pedagog. O’zbekiston xalq artisti (1951). Xalq artisti (1973). Toshkentdagi o’lka yerlar bilim yurtini (1930), Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1954). Namangan teatri asoschilaridan (1931). Namangan teatrida aktyor, rejissyor, bosh rejissyor, badiiy rahbar (1931-45). 1946 yildan Muqimiy teatrida aktyor, rejissyor, bosh rejissyor (1959-76), 1977 yildan rejissyor. Ayni vaqtda, 1954 yildan Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida dars bergan, professor (1978 yildan). «Tohir va Zuhra» (S. Abdulla)dagi Nozim, «Rustam» (U. Ismoilov)dagi Rustamlar Hamroyevning sahnada yaratgan ilk obrazlaridir. Hamroyev sahna va ekran navoiynomasining shakllanishiga salmoqli hissa qo’shgan. Xurshidning Navoiy dostonlari asosida yaratilgan «Farhod va Shirin» musiqali dramasida Xusrav, Xoqon rollarini, «Navoiy» (Oybek) dramasida Navoiy rolini ijro etgan. Shuningdek, uning teatr sahnasida yaratgan Ferdinand (F.Shiller, «makr va muhabbat»), Pantalone (K.Gossi, «Malikai Turondot»), Arslon (K.Yashin, «tor-mor»), Muqimiy (S.Abdulla, «Muqimiy»), Hamza (K.Yashin, A.Umariy, «Hamza»), Trufaldino, Kavaler (K.Goldoni, «ikki boyga bir malay», «musofirxona bekasi»), Malvolio (U.Shekspir, «o’n ikkinchi kecha»), Melivoy (H. G’ulom, «Toshbolta oshiq») kabi obrazlari ham mashhur. Hamroyev o’zbek kinosida ham chuqur falsafiy, hajviy, mazmunli obrazlar yaratdi: Nozim («Tohir va Zuhra»), Navoiy («Alisher Navoiy»), Xo’ja Nasriddin («Nasriddinning sarguzashtlari»), Beruniy («Abu Ali ibn Sino»), Muqimiy («Furqat»), Mirzakarim qutidor («o’tgan kunlar»), tog’a («yor- yor»), Toshtemir dorboz («dorbozlar»), Ibn Iroq («Abu Rayhon Beruniy»), Ja’farbek («Jayxun»), Rahimjon mirob («Mirzacho’l»), Usmonboy («Xorazm afsonasi»), Nomozov («komandirning qaytishi»), G’ofir («seni kutamiz, Yigit») va boshqalar shular jumlasidan. Aktyor ekranda yaratgan Alisher Navoiy obrazi san’atkor ijodida alohida o’rin tutadi. Navoiyni mutaffakkir shoir, xalqparvar davlat arbobi, sodiq do’st sifatida yorqin gavdalantirdi, uning ichki kechinmalarini tomoshabinga mohirona yetkazdi, davr qarama-qarshiliklarini ifodalashda katta iste’dodini namoyish qildi. 1968 yil Muqimiy teatrida shoirning 525 yilligi munosabat bilan Hamroyev «Navoiy Astrobodda» (I.Maxsumov; Yu.Rajabiy, S.Jalil) musiqali dramasini sahnalashtirib, o’zi bosh rolni ijro etdi. Navoiyning baytu-g’azallarini ajoyib talaffuzda ma’noli, jarangdor, yuksak mahorat bilan va ta’sirchan o’qish bilan obrazning ta’sir kuchini yanada oshirdi. Uning rejissyor sifatida ayniqsa, musiqali drama janri taraqqiyotida xizmatlari alohida. «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Oltin ko’l», «nurxon», «makr va muhabbat», «Muqimiy», «Guli siyoh», «Farg’ona tong otguncha», «Toshbolta oshiq» kabi Hamroyev rejissyorlik qilgan drama, komediya, musiqali drama kabi turli janrdagi spektakllar chuqur hayotiyligi, yuksak ijro saviyasi va teran g’oyaviy mazmuni bilan ajralib turadi. U nafaqat Muqimiy teatrida balki Respublikamizning viloyat teatrlarida ham ko’pgina spektakllar sahnalashtirgan. Davlat mukofoti (1948), Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofotlari (1964, 1970) laureati. Vafotidan so’ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2003). Mohina Ashirova.