Qo’rg’ontepa

Qo’rg’ontepa – Tojikiston Respublikasidagi shahar. Xatlon viloyati markazi. Vaxsh vodiysida, Vaxsh daryosining chap sohilida, o’rtacha 428 metr balandlikda. Dushanba shahridan 99 kilometr Janubda joylashgan. Temir yo’l stantsiyasi (Qo’rg’ontepa orqali Termiz — Yovon temir yo’l o’tgan). Aholisi 60,5 ming kishidan ziyod (2001). Yozma manbalar va arxeologik topilmalar tasdiqlashicha Qo’rg’ontepa Kushonlar davrida (1— 4-asrlar) vujudga kelgan va o’sha paytda Levakand deb yuritilgan. Arablar istilosigacha shahar obod bo’lgan. Pul zarb qilingan. 7-8-asrlarda shahar xalifalik tarkibida, 13-asrdan mo’g’ullar, so’ng Temuriylar va shayboniylar tasarrufida bo’lgan. 16-asrda shahar ancha ravnaq topdi. Qo’rg’ontepaning hozirgi nomi tarixiy manbalarda ilk bor 17-asrdan uchraydi. Shahar yonidagi baland tepalik Kushonlar davridan qolgan qo’rg’on xarobasi deb taxmin qilinadi. Transformator ta’mirlash, mexanika, paxta tozalash, g’isht, sut, pivo, meva-sabzavot konserva, yog’-moy zavodlari, non, go’sht, don mahsulotlari ishlab chiqarish, maishiy xizmat ko’rsatish kombinatlari, «Tojikatlas» korxonasi, tikuvchilik ishlab chiqarish birlashmasi ishlab turibdi. Pedagogika universiteti, energetika texnikumi, hunar-texnika bilim yurtlari, tibbiyot va pedagogika o’rta maxsus bilim yurtlari. 12 umumiy ta’lim, musiqa maktablari bor. Shahar markazida Ismoil Somoniyga haykal o’rnatilgan.