Osteomielit

Osteomielit (osteo… va Yunoncha myeolos — mag’iz, ko’mik) — ko’mikning yallig’lanishi. Bunda yallig’lanish jarayoni hech qachon ko’mik bilan cheklanmay, suyakning qattiq (kompakt) qismiga va pardasi (periost)ga tarqaladi. Osteomielit ko’pincha, odam skeleti g’ovak suyaklarining bo’g’imga yaqin joyida uchraydi. Yiringlatuvchi mikroblar (stafilokokk, streptokokk) ko’pincha Osteomielitga (nospesifik Osteomielit) sabab bo’ladi. Mikroblar suyak to’qimasiga uzoqdagi yiring o’chog’idan, masalan, chipqondan, anginada yallig’langan murtak bezlaridan, yangi tug’ilgan bolalarda infektsiya tushgan kindikdan qon oqimi bilan (gematogen yo’l bilan) kelishi mumkin. Osteomielit sil, zaxm kasalliklari oqibatida ham paydo bo’ladi (spesifik Osteomielit). Osteomielitning o’tkir va surunkali turlari bor. O’tkir gematogen Osteomielit, odatda, 8-17 yoshda ro’y beradi. Ko’pincha badan sovqotgach yoki lat egach, to’satdan boshlanadi. Bemor junjib, temperaturasi 39-40° gacha ko’tariladi, pulsi tezlashadi, ko’z oldi qorong’ilashadi, uxlay olmaydi, alahlaydi. So’ngra yallig’langan suyak og’riydi, ustidagi teri shishib, qizaradi. Yiring yorib chiqqanda temperatura pasayadi, bemorning ahvoli yaxshilanadi. Osteomielit oqibatida yiringli artrit rivojlanishi, suyak sinishi, sepsis paydo bo’lishi mumkin. Qonda leykositlar ko’payadi. Surunkali Osteomielit, ko’pincha, o’tkir Osteomielitdan (yiring yorib chiqqandan keyin) rivojlanib, yiring chiqadigan teshik hosil bo’ladi. Yiring bemalol chiqib turganda temperatura normal bo’lib, asosan, kechasi yoki ob-havo o’zgarganda, jismoniy ish vaqtida og’riq seziladi. Yiring teshigi qisqa vaqt berkilib turganda isitma chiqadi, og’riq kuchayadi, yallig’langan suyak ustidagi teri bo’rtadi (Osteomielitning zo’riqishi). So’ngra yiring teshigi yana ochilib qoladi. Osteomielitni vrach davolaydi.