Orf (Orf) Karl
Orf (Orf) Karl (1895.10.7 – Myunxen — 1982.29.3) — nemis kompozitori, pedagog, dramaturg. Myunxendagi Musiqa san’ati akademiyasida ta’lim olgan (1913-14). Bavariya san’at akademiyasi (1950), Rimdagi «Santa-Chechiliya» akademiyasi (1957) va boshqalar. Akademiyalar a’zosi. Zalsburg (Avstriya) dagi xalqaro Musiqiy tarbiya instituti (hozirgi Orf instituti) asoschisi va birinchi rahbarlaridan (1962 yildan). Zamonaviy drama teatri, misteriya (O’rta asr diniy teatri) shakllari, marionetkalar, teatri, karnaval va boshqalarning ifodaviy vositalaridan foydalanib, musiqali spektaklning yangi turlarini yaratgan (masalan, «sahnaviy kantata», «sahnaviy kontsert» va boshqalar). «Karmina Burana» (1936), «Katulli Karmina» (1942), «Afrodita triumfi» (1951), «Antigona» (1949), «Shoh Edip» (1959), «Prometey»(1967) va boshqa asarlari mashhur. Orf 1930-yillarda kashf etgan bolalar musiqiy tarbiya tizimi, shuningdek, bolalar uchun maxsus ishlab chiqqan musiqa cholg’ulari (sozshunos K. Zaks hamda cholg’ular ustasi K. Mendler bilan birgalikda) ko’pgina mamlakatlarda keng joriy etilgan. Germaniya milliy mukofoti bilan taqdirlangan (1979).