Obruchev Vladimir Afanasevich
Obruchev Vladimir Afanasevich (1863. 10.10, hozirgi Tver viloyati — 1956, 19. 6, Moskva) — rus geologi va geografi, akademik (1929), Peterburg konchilik institutini tugatgan (1886), Tomsk texnologiya institutida (1919-21), Simferopol universitetida (1918-21) va Moskva konchilik akademiyasida (1921-29) professor. Abadiy to’ngliklarni o’rganish komissiyasi raisi (1930-39), Fanlar Akademiyasi To’nglikshunoslik instituti direktori (1939-56), Fanlar Akademiyasi geologiya- geografiya bo’limining akademik-kotibi (1942-46). Obruchev Sibir, Markaziy va O’rta Osiyo geologiyasini tadqiq etgan. Neogen-to’rtlamchi davrda yer po’stining vertikal harakati ahamiyatini asoslagan. Tyanshan tog’larining geologiyasini atroflicha o’rgangan. 1886-88 yillarda Qoraqumda ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan va qumli releflarni 4 tur (barxanli, egri-bugri, jo’yakli va cho’l)ga ajratgan. Jung’ariya Olatovida bir qancha neft, oltin va boshqa konlarni ochgan. Ilmiy ishlari rudali konlar geologiyasi, geomorfologiya, geografiyaga bag’ishlangan. Obruchev nomiga Rossiya Fanlar Akademiyasi To’nglikshunoslik instituti, Kyaxta shahrida o’lkashunoslik muzeyi, ko’pgina geografik ob’yektlar, muzlik, tog’, mineral buloqlar, Xitoydagi bir qancha toshqotgan jinslar va boshqalar qo’yilgan. Fanlar Akademiyasi Sibir geologiyasi bo’yicha olib borilgan ishlarga V.A.Obruchev nomidagi mukofot ta’sis etgan. As: Geologiya Sibiri, M., 1935-38; rudnie mestorojdeniya, M., 1935; Istoriya geologicheskogo issledovaniya Sibiri, M., 1931-49; Po goram i pustinyam Azii, M., 1948; Izbrannie Raboti po geografii Azii, M., 1951. Ad.: Mirzaev E., Vladimir Afanasevich Obruchev, T., 1964.