Obliterasiyalovchi endarteriit

Obliterasiyalovchi endarteriit (Yunoncha endon — ichidagi va arteriyalar), vinivarter kasalligi — oyoq arteriyalarining yallig’lanishi bilan kechadigan surunkali kasallik. Bunda tomirlar asta-sekin torayib, bora-bora butunlay bekilib qoladi, uning qon bilan ta’minlanishi izdan chiqadi. Oyoqni sovuq oldirish, lat yeyish, miya shikastlanishi, chekish, intoksikatsiya, hayajonlanish, toliqish, periferik nervlar kasalligi, turli infektsiyalar va boshqalar sabab bo’ladi. 20-40 yoshdagi erkaklarda ko’proq uchraydi. Obliterasiyalovchi endarteriitda oyoq tez toliqadi, tomir tortishadi, keyinchalik oqsaydigan bo’lib qoladi, et uvishishi, paresteziyalar, qattiq og’riq kuzatiladi. To’qimalar qon bilan ta’minlanishining buzilishiga qarab kasallikning 4 darajasi farqlanadi. 1-darajada oyoq barmoqlari sovuq qotadi, uvishadi, tez toliqadi, oyoq terisi oqaradi, sal uzoqroq yurganda og’riq paydo bo’ladi. 2-darajada yurganda oyoq og’riydi, oyoq tirnoklari mo’rt bo’lib, tez sinadi. Oyoq arteriyalarida puls sustlashadi. 3-darajada bemor 20-30 qadam yurganda oyoqda og’riq zo’rayadi, oyoq terisi oqaradi, sovuq bo’ladi. Oyoq muskullari atrofiyasi, ko’pincha trofik yaralar kuzatiladi. 4-darajada oyoqlarda doimiy og’riq, shish paydo bo’ladi, trofik yaralar, barmoqlar gangrenasi tez rivojlanadi, kasallik zo’rayganda butun oyoq panjasi gangrenaga uchraydi. Kasallikning kechishiga qarab chegaralangan vatarqalgan shakllari tafovut qilinadi. Chekish, ichish endarteriit kechishini og’irlashtiradi, shuning uchun kasallikni davolashda zararli odatlardan voz kechish, fizioterapiya va konservativ davo buyuriladi. Bular naf bermasa, operasiya qilinadi (tomirlar tiklanadi yoki oyoq kesib tashlanadi).