Ota Valixonto’ra masjidi

Ota Valixonto’ra masjidi Namangandagi me’moriy yodgorlik (20-asr boshlari). Me’mor Mullo Kirg’iz loyihasi asosida qurilgan. Masjid to’g’ri to’rtburchak tarxi (25,6×22,6 metr), o’rtasida xonaqoh (17,31×23,99 metr), uning uch yoniga 11 ta balxi gumbazli hujralar joylashgan. Bosh tarzi sharqka qaragan. Peshtoq darvozasi girih va islimiy naqshlar bilan bezatilgan. Burchaklariga mezanali guldastalar ishlangan. Xonaqoh G’arovli gumbaz (diametri 13,9 metr) bilan qoplangan. Gumbaz og’irligi poygumbaz osti devoriga singib ketgan 8 qirrali burchaklari bo’ylab ko’tarilgan ravoqlarga tushadi. Me’morlar bu uslub bilan bino ichini ortiqcha g’ishtdan holi etib, tashki va ichki qismi g’ishtlari mutano-sib terilgan, bu binoning yaxlitligini ta’minlagan. Poygumbaz sirtidagi darchalar o’rtasida bezakli yozuvlar bor. Koshinkori moviy hoshiyalar xona ichini yanada ko’rkamlashtirgan. G’arbiy devorida chuqur ravoqli mehrob joylashgan. Peshtoq yonlariga 2 tadan 4 ta ravoqli derazalar ishlangan. Ota Valixonto’ra masjidi me’moriy ko’lami va qurilma yechimi, mahobatli qiyofasi bilan o’ziga xosdir.