Ob-havo xizmati

Ob-havo xizmati — xalq xo’jaligini yoki uning biror tarmog’ini, shuningdek, Vatan mudofaasini kundalik ob-havo va ob-havo prognozlariga tegishli ma’lumotlar bilan ta’minlash vazifasini o’taydigan tashkilot. Bu tashkilot ishi meteorologiya va aerologiya kuzatish stansiyalari ma’lumotlariga asoslanadi. Ob-havo xizmati barcha davlatlarda mavjud. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maqkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi bu ishlarga rahbarlik qiladi. Bevosita ob-havo muammolari bilan Gidrometeorologiya markazi shug’ullanadi. Bundan tashqari, har bir viloyatda Gidrometeorologiya boshqarmasi mavjud bo’lib, ular zimmasiga, boshqa ishlar qatori Ob-havo xizmati ham yuklatilgan. Umuman, Jahon meteorologiya tashkiloti tashabbusi bilan 3 ta (Moskva, Melburn, Vashington) jahon, 34 ta regional va 185 ta milliy meteorologiya markazlari tashkil etilgan. Ana shu 34 ta regional markazlardan biri Toshkentda joylashgan. Jahon ob-havo xizmati tarmog’i har kuni quruqlikda joylashgan 10 000 ta meteorologik, 1000 ta aerologik, 7300 ta suzuvchi kemalar, daryo va okeanlarning sayoz yerlarini ko’rsatuvchi 600 ta ko’chma nishonlar, shuningdek, 70000 ga yaqin qo’shimcha ma’lumotlarni beradigan va 3000 ta havo kemalaridan axborot oladi. Xalqaro kelishuvga binoan, har bir davlatdagi Ob-havo xizmati quyidagi ishlarni bajaradi: barcha meteorologiya kuzatish stansiyalari (quruqlikda, dengiz va tog’larda) bir xil muddatga ob-havoni kuzatish; aerologiya stansiyalarida radiozond, samolyot, aerostat va uchar sharlar yordamida har xil balandliklardagi meteorologik elementlar — havo temperaturasi, bosimi va namligi, shamol tezligi va yo’nalishi, bulutlar va boshqalarni bir vaqtda kuzatish; meteorologik va aerologik kuzatish natijalari har xil uzatish vositalari yordamida Markaziy tashkilot va gidro-meteorologiya markazlariga yuborish; gidrometeorologiya markazlarida tuzilgan sinoptik va aerologik xaritalar, vertikal qirqim va grafiklar taxlil qilinib ob-havo xizmati holati, uning rivoji, bo’lajak ob-havo sharoitlari aniqlanib tegishli muassasalarga yuboriladi.