Onalar va bolalar muhofazasi
Onalar va bolalar muhofazasi — onalar va bolalar salomatligini saqlash va mustahkamlash, sog’lom, jismonan va aqlan barkamol bolalarni tarbiyalashga qaratilgan davlat va ijtimoiy-tibbiy tadbirlar tizimi. O’zbekiston Respublikasida bu tizim ayollar, homiladorlar va emizikli onalar mehnatini muhofaza qilish krnunchiligi, onalar va bolalarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, shuningdek, akusherlik-ginekologiya va pediatriya yordamini ko’rsatadigan Maxsus davolash-profilaktika muassasalari tarmoqlarini yaratishga asoslangan. Mamlakat mustaqillikka erishganidan so’ng Onalar va bolalar muhofazasiga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar ko’zda tutilgan dasturlar ishlab chiqilgan. 1998 yildan Toshkentda «oila» ilmiy-amaliy mar kazi faoliyat ko’rsata boshladi; bu Markazda O’zbekistonda oilani shakllantirish va demografik rivojlantirishga oid muammolar yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi. Davlat tomonidan yosh bolali onalar ish soatlari cheklanadi, ularga to’liqsiz ish kuni, to’liqsiz ish haftasi, shuningdek, zaruriyatdan kelib chiqib o’zlariga qulay soatlarda yoki uyda ishlash imkoniyatlari beriladi. Har bir ona va bola sog’lig’ini kuzatish, ularga malakali tibbiy yordam ko’rsatish ham davlat zimmasida. Sog’lom avlodni tarbiyalash maqsadida davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari tomonidan maktabgacha ta’lim, maktab, Internat maktab, bolalarni sog’lomlashtirish komplekslari kabi xilma-xil tarmoqlar rivojlantirilmoqda. Onalar va bolalar muhofazasi 2 asosiy bo’limni: akusherlik-ginekologiya (tug’ishga yordam berish) va bolalarga davolash-profilaktika yordami ko’rsatishni tashkil qilishni o’z ichiga oladi. Akusherlik-ginekologiya yordamini maxsus muassasalar, xususan, shaharda tug’ruqxonalar, shuningdek, tarkibida ayollar maslahatxonasi bo’lgan tufuqxona komplekslari, kasalxonalarning akusherlik-ginekologiya bo’limlari, akusherlik va ginekologiya ilmiy tadqiqot instituti, tibbiyot institutlari akusherlik-ginekologiya kafedrasi tarkibidagi shu soha bo’limlari, ayollar maslahatxonasi, poliklinika va ishlab chiqarish korxonalari tibbiy-sanitariya qismi qoshidagi akusherlik-ginekologiya kabinetlari amalga oshiradi. Qishloq joylarda ayollarga akusherlik-ginekologiya yordamini viloyat, tuman kasalxonalarining tug’ruqxona bo’limlari, ambulatoriyasi, feldsher-akusherlik punktlari va poliklinikadagi akusherlik-ginekologiya kabinetlari ko’rsatadi. Ayollar maslahatxonasi o’z hududidagi poliklinika, homiladorlarni sog’lomlashtirish muassasalari, «ona va bola skrining» markazi va perinatal markazlar, tibbiy-genetik, shuningdek, «nikoh va oila» maslahatxonalari, oilaviy va bolalar poliklinikalari, ko’p tarmoqli kasalxonalarning ixtisoslashtirilgan bo’limlari bilan uzviy bog’liq holda faoliyat ko’rsatadi. Onalar va bolalar muhofazasi tizimida davolash-profilaktika yordamining bir nechta bosqichlari mavjud: 1-bosqich — yoshlarni jinsiy masalalarga tayyorlash, sog’lom oila qurish, jinsiy hayot genetikasi va jinsiy yo’l orqali yuqadigan kasalliklardan boxabar etish bo’yicha yuqori malakali tibbiy yordam ko’rsatishni «oila va nikoh» ilmiy maslahatxonalari amalga oshiradi. 2-bosqich — homilani antinatal muhofazalash kompleks chora-tadbirlarini amalga oshirish ayollar maslahatxonasi, tug’ruqxona komplekslari va boshqalar faoliyatiga kiradi. 3-bosqich — tug’ishni bekamu-ko’st olib borish uchun homilani intranatal muxrfazalash — bu tug’ruqxonalar zimmasiga yuklatilgan. 4-bosqich — yangi tug’ilgan chaqaloq sog’lig’ini himoya etish, uni emizish, umumiy holati, fiziologik rivojlanishini nazorat qilish va boshqa tug’ruqxonalarning chaqaloqlar bo’limida ko’zdan kechirib boriladi. 5-bosqich — maktabgacha yoshdagi bolalar sog’lig’ini muhofaza qilish. 6-bosqich — maktab yoshidagi bolalar sog’lig’igi himoya qilish. Bularning hammasi O’zbekiston Respublikasida yo’lga qo’yilgan yagona Onalar va bolalar muhofazasi tizimida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Respublikamizda faoliyat ko’rsatayotgan Akusherlik va ginekologiya instituti, Pediatriya ilmiy tadqiqot instituti, «ona va bola» kasalxonasi va markazlari, shuningdek, shu sohaga oid qator davolash-profilaktika muassasalarida Onalar va bolalar muhofazasi bo’yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi.