Olamning geosentrik sistemasi
Olamning geosentrik sistemasi — olamning markazi yer bo’lib, uning atrofida boshka barcha osmon jismlari harakatlanadi, degan qadimgi dunyoqarash. Olamning geosentrik sistemasi haqidagi ta’limotni dastlab Aristotel miloddan avvalgi 4-asrda ishlab chiqqan. Uning fikricha, yer qo’zg’almas oy, Merkuriy, Venera, Quyosh, Mars, Yupiter va Saturnga tegishli yettita osmon bilan o’ralgan. Sakkizinchi osmon qo’zg’almas yulduzlarga tegishli. To’qqizinchi osmonda esa barcha osmon sferalarini harakatlantiruvchi «ruh» joylashgan, deb tushuntiradi. Ana shu ta’limotni Ptolemey (milodiy 2-asr) «Almagest» asarida quyidagi 4 farazga asoslanib keltirgan: 1) yer koinotning Markazi; 2) yer qo’zg’almaydi; 3) barcha osmon jismlari yer atrofida aylana bo’ylab harakatlanadi; 4) osmon jismlari tekis bir tezlikda harakatlanadi. Olamning geosentrik sistemasiga asosan barcha sayyoralar, oy, Quyosh va yulduzlar yer atrofida bir sutkada tekis aylanib chiqadi, sayyoralar episikllar bo’ylab, episikllarning markazi esa deferent deb atalgan aylana bo’ylab harakatlanadi. Oy va Quyosh esa faqat deferentlarda harakat qiladi. Olamning geosentrik sistemasi ta’limoti to 16-asrgacha hukmron bo’lib keldi. 16-asrdan Olamning geosentrik sistemasi o’rnini geliosentrik sistema egalladi.