Oliy qisqichbaqasimonlar
Oliy qisqichbaqasimonlar (Malacostraca) — qisqichbaqasimonlar kenja sinfi. Bosh, ko’krak va qorin bo’g’imlarining soni doimiy, qorin oyoqlari rivojlangan. Bosh va ko’krak bo’g’imlari qo’shilib, boshko’krakni hosil qiladi. Boshida bir juft fasetkali ko’zlari, uzun va kalta mo’ylovlari, 3 juft (bir juft yuqori va 2 juft pastki) jag’lari bo’ladi. Qorin bo’g’imlari ba’zan o’zaro yoki telson (dum plastinkasi) bilan qo’shilib ketadi. Nafas olish va qon aylanish sistemasi yaxshi rivojlangan. Oshqozoni chaynovchi va filtrlovchi bo’limlardan iborat; hazm bezi murakkab tuzilgan. O’zgarishsiz yoki metamorfoz orqali rivojlanadi. «Oliy qisqichbaqasimonlar» nomi bu hayvonlar uchun uncha mos kelmaydi. Chunki ularning murakkab tuzilish belgilari bilan bir qatorda tuban belgilari (masalan, ikki shoxli qorin oyoqlari) ham bo’ladi. 13 taga yaqin turkumga bo’linadi. 19,5 ming turi ma’lum. Juda keng tarqalgan; asosan, dengiz bentosida yashovchi va pela-gik hayvonlar. Chuchuk suvlarda daryo qisqichbaqalari, suv xo’tiklari, yonlab suzarlar tarqalgan. Ayrim turlari (zahkashlar) parazit va quruqlikda yashaydi. Oziq-ovqat sifatida sanoat miqyosida ovlanadi (krevetkalar, langustlar, omarlar, kamchatka krabi).