Qurolli kuchlar
Qurolli kuchlar – harbiy harakatlar (hujum yoki mudofaa) olib borish hamda davlat xavfsizligini ta’minlash maqsadida davlat tomonidan ta’minlanuvchi qurollangan kishilarning uyushgan birlashmasi; siyosiy hokimiyatning muhim tarmog’i. Qurolli kuchlarning vujudga kelishi jamiyatning sinflarga ajralishi va davlat paydo bo’lishi bilan bog’liq. Quldorlik davlatlarining qo’shinlari, asosan, harbiy yo’lboshchilar yoki shohlarning drujinalaridan, erkin xalq lashkarlaridan iborat bo’lgan. Misr, Yunoniston, Rim va boshqa davlatlarda harbiy-dengiz floti tuzilgan. Mulkchilik munosabatlari rivojlana borgan sari vassalliklar lashkarlari Qurolli kuchlarning asosini tashkil etgan. Har bir mulkdor mohir jangchi bo’lib, o’z qurolli otryadiga ega bo’lgan. G’arbiy Yevropada piyoda askarlar ahamiyatini yo’qotib, og’ir qurollangan otliq risarlar asosiy kuchga aylangan. Sharqda arablar, turklar, mo’g’ullar va boshqalarning davlatlarida Qurolli kuchlar, asosan, og’ir va yengil qurollangan otliq askarlardan iborat bo’lgan. 18-asr oxirida Yevropa davlatlari (Frantsiya va boshqalar)da umumiy harbiy xizmat majburiyati joriy etildi. 19-asr oxirlariga kelib rivojlangan davlatlar Qurolli kuchlari soni keskin ko’paydi. 20-asr boshlarida yangi jangovar texnika paydo bo’ldi, transportning rivojlanishi kadr printsipi asosida tuzilgan armiya va harbiy-dengiz floti yaratilishiga olib keldi. Keyinchalik qurollanish poygasi avj oldi va yirik davlatlar qurolli kuchlari jadal ko’paya boshladi. Fan va texnikaning eng yangi yutuqlaridan harbiy maqsadlarda foydalanish keng yo’lga qo’yildi. Yangicha qo’shin turlari vujudga keldi. Ikkinchi jahon urushi davrida Qurolli kuchlar ham miqdor, ham sifat jihatdan o’sdi. Qo’shinlar mexanizatsiyalashtirildi va motorlashtirildi, artilleriya va tanklar soni ortdi, reaktiv artilleriya va ballistik hamda qanotli raketalarning dastlabki namunalari paydo bo’ldi. Harbiy-havo kuchlari va harbiy-dengiz floti rivojlandi. Operativ birlashmalar (quruqlikdagi qo’shinlarda — front yoki armiyalar guruhi, harbiy-dengiz flotida — flot) vujudga keldi. 1945 yil AQShda, 1949 yil sobiq SSSRda, keyinroq Buyuk Britaniya, Frantsiya va Xitoyda atom quroli paydo bo’ldi. Qurolli kuchlar turlariga quyidagilar kiradi: quruqlikdagi qo’shinlar, strategik maqsaddagi raketa qo’shinlari, mamlakatni havo hujumidan mudofaa qilish qo’shinlari, harbiy-havo kuchlari, harbiy-dengiz floti. Qurolli kuchlar turlari bo’linma, qism, qo’shilma, shuningdek, birlashma (asosan, urush davrida)larga uyushgan qo’shin turlari va maxsus qo’shinlardan tashkil topadi. Qurolli kuchlarda yagona tashkiliy tizim, shaxsiy tarkibni o’qitish va tarbiyalashning, komandir kadrlarni tayyorlashning, xizmatni o’tashning umumiy tartibi mavjud. Taraqqiy etgan davlatlarning zamonaviy Qurolli kuchlari eng yangi Jangovar texnika, shuningdek, raketa-yadro quroli bilan ta’minlangan bo’lib, yuksak tayyorgarlikka, keng jangovar imkoniyatlarga ega.