Qurilish mashinalari
Qurilish mashinalari – qurilish va ta’mirlash ishlarini bajarish uchun mo’ljallangan mexanizatsiya vositalari. Quriladigan bino va inshootlar o’rnini tayyorlash, yer tekislash va qazish ishlarini bajarish, yo’l qurilishi, yig’ma konstruktsiyalarni montaj qilish, burg’ilash, ustun-qoziq qoqish, armaturalar tayyorlash va ularni payvandlash, beton qorishmasini quyish, tom yopish, pardozlash va boshqa ishlarni bajarish uchun mo’ljallangan texnologik guruhlarga bo’linadi. Bino va inshootlar o’rnini tayyorlash ishlari (gruntni yumshatish, qurilish maydonchasini butalar, daraxtlar, toshlardan tozalash) almashinadigan ish jihozlari o’rnatilgan zanjirli traktorlar negizidagi mashinalar bilan; yer tekislash va qazish ishlari bir va ko’p cho’michli ekskavatorlar, zovur qazigichlar, buldozerlar, skreperlar, avtogreyderlar, bir cho’michli yuklagichlar va boshqalar bilan; yo’l qurilishi ishlari yer qazish mashinalari, maxsus yo’l qurilishi mashinalari bilan; temir yo’l qurilishidagi ishlar relsshpal yotqizish, ballast yoyish, izlarni to’g’rilash mashinalari bilan bajariladi. Qoya gruntlari tayyorlashdagi burg’ilash, ruda bo’lmagan qurilish ashyolarini qazib olish, ustun- qoziq o’rnatish uchun quduq qazish va boshqa ishlar turli burg’ilash mashinalari yordamida qilinadi. Zamin tayyorlash ishlari ustun-qoziq qoqish jihozlari, dizel-bolg’a, bug’-havo bolg’alari, vibrobotirgich bilan bajariladi. Beton va temir-beton ishlari domkratlar, armatura-payvandlash qurilmalari, beton qorgichlar, Avto-betontashigichlar, avtobetonnasoslar, zichlagich (vibrator)lar, beton yotqizgichlar; tom qoplama yopish ishlari tom yopish mashinalari, mastika tashish va uzatish mashinalari; pardozlash ishlari qorishma qorgich, qorishma uzatish nasosi, suvash-silliqlash, koshinlash-silliqlash, parketlash-silliqlash mashinalari, mexanizatsiyalashgan ko’chma bo’yoqchilik stansiyalari, shpaklyovka qurilmalari bilan qilinadi. Qurilishda yuk ko’tarish kranlari, ko’tarish-tashish, ortish-tushirish mashinalari, uzluksiz tashish va boshqa mashinalardan ham foydalaniladi. Qurilish mashinalaridan foydalanish ishlarini kompyuterlashgan robotlar yordamida boshqarish asta-sekin rasm bo’lmoqda. Ad.: Bozorboev N., Xushnazarov B., Qurilish mashinalari, T., 2001.