Qurilish konstruktsiyalari

Qurilish konstruktsiyalari — bino va inshootlarning asosiy qismlari. Ko’taruvchi, to’suvchi, ko’taruvchi-to’suvchi va yopuvchi kabi turlarga bo’linadi. Arka, ferma va rama shartli ravishda ko’taruvchi; devor va yopmalarning panellari, gumbaz va boshqalar to’suvchi, ko’taruvchi va yopuvchi Qurilish konstruktsiyalari hisoblanadi. Qurilish konstruktsiyalarining tekis (balka, ferma, rama) va fazoviy (gumbaz va boshqalar) xillari bor. Qurilish konstruktsiyalari beton va temir-beton, metall, plastmassa, yog’och va g’ishtdan ishlanadi. Qurilishda beton va temir-beton konstruktsiyalar keng tarqalgan. Gidrotexnika inshootlari, yo’llar, aerodromlar, rezervuarlar qurishda yaxlit temir-beton ishlatiladi. Maxsus beton va temir- beton yuqori va past temperaturalar yoki kimyoviy agressiv muhitlar ta’sirida bo’ladigan inshootlarni qurishda qo’llaniladi. Metall konstruktsiyalar, asosan, ko’p qavatli bino va inshootlarning sinchlari, tsexlar, katta hajmli rezervuarlar, ko’priklar qurishda ishlatiladi. G’isht, tabiiy tosh, mayda bloklar va boshqa konstruktsiyalar yirik panellarga qaraganda kamroq ishlatiladi. Yog’och konstruktsiyalardan foydalanishning asosiy yo’nalishi elimlangan yog’och konstruktsiyalarga o’tishdir. Qurilishda ko’taruvchi va to’suvchi konstruktsiyalar uchun yelimlangan yog’och keng qo’llaniladi. Industrial konstruktsiyalardan asbest-tsement pnevmatik konstruktsiyalar; yengil qotishmalar va plastik massalar ishlatiladigan konstruktsiyalar keng tarqalgan. Qurilish konstruktsiyalariga qo’yiladigan asosiy talablar: tayyorlashni industrlashtirish ko’lami (zavod sharoitida tayyorlanishi), samaradorligi (materiallar sarfi va qiymati bo’yicha), tashish va montaj qilishning qulayligi. O’zbekiston me’morchiligida qadimdan arka, gumbaz, ravoq kabi Qurilish konstruktsiyalarida asosan pishiq g’isht va ganch ishlatilgan. 20-asr 40-yillaridan temir-beton va quyma beton konstruktsiyalar keng rasm bo’ldi. Qurilishda ishlatiladigan temir-beton konstruktsiyalar asosan 2 usulda: qurilish ob’yektining o’zida va zavod yoki tajriba maydonlarida tayyorlanadi. 20-asr 90-yillaridan plastmassa va alyuminiy Qurilish konstruktsiyalari (ayniqsa, rama, terrasa, deraza va eshiklar uchun) keng qo’llanilmoqda.