Qurbonjon Dodxoh

Qurbonjon Dodxoh, Qurmonjon Mamatqizi, olay malikasi (1811 — O’sh yaqinidagi Modi qishlog’i — 1907.1.2) — chor Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olon rahbari. Qo’qon xonligi vaziri Olimbek dodxoh Hasanboy o’g’li (1800-63)ning rafiqasi. Qo’qon xonining harbiy sarkardasi Qashqardan qaytishda unga uylangach (1832), Qurbonjon Dodxohni xon saroyiga olib kelib, Nodirabetimga tanishtiradi (1833). Nodirabegim va Uvaysiy kabi o’zbek shoiralari ta’sirida Qurbonjon Dodxohning dunyoqarashi shakllanadi. Qurbonjon Dodxoh 5 o’g’il va 2 qizning onasi bo’lgan. Olimbek dodxoh hokimiyat uchun kurashlarda saroy fitnasi natijasida o’ldirilgach (1863), Qurbonjon Dodxoh yeri o’rniga ma’lum muddat Andijon hokimi bo’lgan. So’ngra farzandlarini olib, o’z ovuliga jo’nab ketgan. U olay Malikasi sifatida nom chiqargan. Buxoro amiri Muzaffarxon Jasur va dovyurakligi bois Qurbonjonga dodxoh unvonini bergan. Amir yordamida Qo’qon taxtini qayta egallagan Xudoyorxon Qurbonjon Dodxohni olay vohasining hokimi qilib tayinlaydi (1865). Uning katta o’g’li Abdullabek esa O’sh hokimi qilib tayinlangan. Qurbonjon Dodxoh bilan Qashqardagi Yettishahar uyg’ur davlati hukmdori Yoqubbek o’rtasida yaxshi munosabatlar o’rnatilgan. Qo’qonda xon zulmi va chor Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi ko’tarilgan «Po’latxon» qo’zg’olonida Qurbonjon Dodxoh va uning farzandlari — Abdullabek, Mahmudbek, Hasanbek, Botirbek va Qamchibek ham qatnashgan. «Po’latxon» qo’zg’oloni bosti- rilgandan keyin olay vohasidagi aholi Qurbonjon Dodxoh boshchiligida kurashni davom ettirishadi. Qo’zg’olon bostirilgach (1876), Turkiston general-gubernatori K.P. Kaufman tomonidan Qurbonjon Dodxoh avf qilinadi. Olay vohasidagi ichki boshqaruvda Qurbonjon Dodxoh o’z mustaqilligini saqlab qolgan. Olay malikasining dovrug’i hatto Sankt-Peterburgdagi imperator saroyigacha yetib borgan. Qurbonjon Dodxoh Olay vohasida, so’ngra O’sh yaqinidagi qishlog’ida umrining oxirigacha yashagan. Qurbonjon Dodxoh haqida Farg’ona vodiysi aholisi o’rtasida ko’plab qo’shiqlar va rivoyatlar to’qilgan. Modi qishlog’ida uy-muzeyi mavjud. Farg’ona va O’shda ko’chalar, maktablar uning nomiga qo’yilgan. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi. 1-kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida), T., 2000; Chorategin T., Omurbekov T., Qirg’iziston tarixi (XIX asr boshi — 1917 yil), jalolobod, 2000.