Tashqi boshqaruv
Tashqi boshqaruv – bankrot bo’lgan korxonada ishni qayta tashkil etish jarayoni. Tashqi boshqaruv xo’jalik sudi tomonidan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan uning to’lov qobiliyatini tiklash maqsadida qarzdorning ishlarini boshqarish vakolatlarini tashqi boshqaruvchiga o’tkazgan holda qo’llaniladigan bankrotlik taomilidir. Qarzdorning to’lov qobiliyatini tiklashning haqiqiy imkoniyati aniqlangan bo’lsa Tashqi boshqaruv kreditorlar yig’ilishining iltimosnomasi, mol-mulkida davlat ulushi bo’lgan korxonalar bo’yicha esa bankrotlik to’g’risidagi ishlar bo’yicha davlat organining arizasi asosida xo’jalik sudi tomonidan joriy etiladi. Tashqi boshqaruvchi Tashqi boshqaruv va boshqa vakolatlarni amalga oshirish uchun arbitraj tomonidan tayinlangan shaxsdir. Uning vazifasiga qarzdorning molmulkini xatlash, Tashqi boshqaruv rejasini ishlab chiqish, moliyaviy, buxgalteriya, statistik hisob va g’isobotni yurgizish va kreditorlar talabini ko’rib chiqish kiradi. Tashqi boshqaruvchi qarzdorning molmulkiga mustaqil egalik qilish, uning nomidan murosali shartnoma tuzish va uning shartnomalarini rad etish huquqiga egadir. Tashqi boshqaruv 12 oydan 24 oygacha muddatga joriy etiladi. Sud sanasiyasi va Tashqi boshqaruvning jami muddati 36 oydan oshmasligi kerak. Tashqi boshqaruv uchun belgilangan muddat kreditorlar yig’ilishining iltimosnomasiga, bankrotlik to’g’risidagi ishlar bo’yicha davlat organining qaroriga yoki tashqi boshqaruvchining arizasiga ko’ra xo’jalik sudi tomonidan 12 yoki 36 oy doirasida qisqartirilishi yoki uzaytirilishi mumkin. Shu muddat ichida korxonaga ayrim imtiyozlar beriladi, xususan, kreditorlarning talabini qondirish bo’yicha ilgari qabul qilingan chora-tadbirlar bekor qilinadi va bu talablarni qondirishga moratoriy (qarzdorning pul majburiyatlari va majburiy to’lovlarni to’lash huquqini to’xtatib qo’yish. Bunda moratoriy tashqi boshqaruv joriy etilmasdan ilgari bajarilish muddati kelgan pul majburiyatlari va majburiy to’lovlarga tadbiq etiladi) belgilanadi. Kreditorlar yig’ilishi tasdiklagan Tashqi boshqaruv rejasida qarzdorning qarzlarni to’lash qobiliyatini qayta tiklash bo’yicha amalga oshiriladigan choratadbirlar nazarda tutilishi kerak. Bu ishlab chiqarish. ni ixtisoslashtirish, qarzlarni uzish, samarasiz ishlab chiqarish.ni tugatish, qarzdorning korxonasini yoki uning bir qismini sotish va boshqalar bo’lishi mumkin. Bankrotlik to’g’risida ish yuritishning tugatilishi yoki xo’jalik sudi tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va qarzdorga nisbatan tugatishga doir ish yuritishni boshlash to’g’risida qaror qabul qilinishi tashqi boshqaruvchining vakolatlari tugashiga olib keladi. Tashqi boshqaruvga oid huquqiy munosabatlar O’zbekiston Respublikasining 1994 yilda 5 mayda (yangi taxrirda 2003 yil 24 aprel)da qabul qilingan. «Bankrotlik to’g’risida» qonuni bilan tartibga solinadi. O’rozmamad Qalandarov.