Qonuniy vakillar

Qonuniy vakillar – muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatli bo’lsa-da, jismoniy (qariligi, kasalligi va boshqalar) holati tufayli shaxsan o’z huquqlarini amalga oshira olmaydigan va burchlarini bajara olmaydigan fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini hamma muassasalarda, jumladan, sudda alohida vakolatsiz, qonunga binoan himoya qiluvchi shaxslar. Qonuniy vakillar qonunda belgilangan huquq doirasida o’zlari vakolatini olganlar nomidan ular manfaatini ko’zlab bitim tuzadi hamda ularning huquq va manfaatlarini boshqa shaxslar tomonidan Sui-iste’mol qilinishidan himoya etadi. O’zbekiston Respublikasining FPKga ko’ra, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquqchari va qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini sudda ularning Qonuniy vakillari (ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar, vasiylar yoki homiylar) himoya qiladilar. Qonuniy vakil sudda ish olib borishni vakil sifatida o’zi tanlagan boshqa shaxsga topshirish huquqiga ega (FPK, 51-modda). Jinoyat prosessida, qonuniy vakil ishda ishtirok etishga voyaga yetmagan yoxud belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun jalb qilinadi. Ishda Qonuniy vakillar sifatida ota- onalar, farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar, voyaga yetmaganga yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan ishtirokchiga homiylik qiluvchi muassasalar va tashkilotlarning vakillari qatnashishlari mumkin. Qonuniy vakillarning huquq va majburiyatlari O’zbekiston Respublikasi JPK da belgilangan (61-modda).