Qorako’l qo’y zoti
Qorako’l qo’y zoti – mo’ynali terisi uchun boqiladigan dag’al junli dumli qo’y zoti. Bu zot bir necha yuz yillar oldin hozirgi O’zbekiston (Buxoro viloyati Qorako’l tumani) hududida jaydari qo’ylarni xalq selektsiyasi usulida uzoq vaqt tanlash va chatishtirish natijasida yaratilgan. Qorako’l qo’y zoti dunyoning (Avstraliyadan boshqa) barcha qit’alarida 50 dan ortiq mamlakatda urchitiladi (15 million bosh atrofida). Afg’oniston, O’zbekiston, Turkmaniston, Qozog’iston, Eron, Janubiy Afrika Respublikasi eng ko’p Qorako’l qo’y zoti boqiladigan davlatlar hisoblanadi. Qorako’l qo’y zoti dumli qo’ylar turiga man- sub, dumining uch qismida zotga xos ilmoqnamo o’simta mavjud. Jun qoplami dag’al jun turiga mansub. Ko’pchilik Qorako’l qo’y zotilari govkalla, tanasi baquvvat, dumida ko’p yog’ to’planadi. Qo’zilari qora (80%), kulrang, jigarrang, sur va boshqalar tusli. Bir yarim yoshdan keyin tumshug’i, quloqlari va oyoqlaridan boshqa joyidagi qora junlar oqara boshlaydi. Katta yoshli ona qo’ylar shoxsiz, vazni 42-45, qo’chqorlari yirik, burama shoxli, vazni 55-60 kilogramm, yangi tug’ilgan qo’zilarining o’rtacha vazni 4-4,5 kilogramm. Serpushtligi 90-95%. Zotni takomillashtirish borasida asosan qora, ko’k, sur, oq, zarmalla, kumushsimon, tillasimon, olmos, havorang, shamchiroq, po’lati, platina, bronza, qahrabo, antrasit (qora tovlanadigan), mustahkam (g’o’zamoy) Konstitutsiyali, yarim doira qovurg’asimon va yassigul tipli qo’ilar ustida selektsiya-naslchilik ishlari olib borilmoqda. Ko’p yillar davomida olimlar va amaliyotchilar hamkorligida olib borilgan selektsiya-naslchilik ishlari natijasida O’zbekistonda Qorako’l qo’ylarining yuqori irsiy va mahsuldorlik xususiyatlariga ega bo’lgan 27 zavod tipi yaratilgan. Ular Qorako’l qo’y zotining qimmatli irsiy Genofondi hisoblanadi. Qorako’l qo’y zoti boshqa zotlarni yaxshilashda ham foydalaniladi. Ekstremal sharoitli, kam hosilli cho’l yaylovlarida urchitilishi hisobiga zotning ko’pgina biologik va mahsuldorlik xususiyati uzoq yillar davomida tabiiy ravishda muvozanatlashgan.