Qipchoqlar

Qipchoqlar (rus manbalarida — poloveslar, Vizantiya manbalarida — Kumanlar) — turkiy xalqlarning eng yirik qabilalaridan biri; o’zbek xalqi etnik tarkibidagi asosiy komponentlardan biri. Qipchoqlar nafaqat o’zbek xalqi entogenezida, balki qator boshqa turkiy xalqlar — qozoqlar, qirgizlar, qoraqalpoqlar, turkmanlar, tatarlar, boshqirdlar, oltoyliklar va shimoliy Kavkazdagi ayrim xalqlar (no’g’oylar, qo’miqlar, qorachoylar va boshqalar) shakllanishida muhim rol o’ynagan. Qipchoqlarga xos etnik belgilar Usmonli turklar, vengerlar va boshqa qator xalqlar tarkibida ham mavjud. Qipchoqlar miloddan avvalgi 3-asr — milodiy 4-asrda shimoliy-G’arbiy Oltoyda yashaganlar. Qipchoqlarning ilk ajdodlaridan bir qismi 6-asrda G’arbiy Oltoydan chiqib, hozirgi Mo’g’uliston va Tuva yerlariga kelib o’rnashadilar. 2-qismi esa Irtish daryosi yaqinidagi dashtlarga ko’chib o’tib, kimaklarga tobe bo’lgan. 8-12-asrlarga kelib Qipchoqlar Dashti Qipchoq cho’llarida yashagan paytlarida ularning tarkibiga til jihatdan qarindosh bo’lgan ko’plab etnik guruhlar kelib qo’shilgan. 8-9-asrlarda O’rta Osiyo va Qozog’istonning siyosiy va etnik xaritasida jiddiy o’zgarishlar yuz bergan. 10-asrning oxiri — 11-asr boshlarida g’arbiy qipchoqlar, kimaklar Markaziy va G’arbiy Qozog’iston hududidagi boshqa qabilalarni hamda Uralbo’yi va Volganing o’rta oqimidagi turkiylashgan ugor-fin qabilalarini ham o’zlarining tarkibiga kiritganlar. Shunday qilib, g’arbiy qipchoqlar 11-asrda Ural va Volganing o’rta oqimida yashovchi yirik etnosiyosiy uyushmaga aylandi. 13 —14-asrlarda Dashti Qipchoqdan ko’plab qipchoq qabila va urug’larining ko’chib ketishlariga qaramay qipchoqlarning asosiy qismi bu erda qolib, Oltin O’rda aholisining asosiy qismini tashkil qilgan. Ular madaniy taraqqiyoti darajasiga ko’ra o’zlarining hukmdorlari hisoblangan mo’g’ullardan yuqori darajada bo’lgan. Oltin O’rda xonlarining boshqaruv tizimida qipchoq-O’guz lahjasiga asoslangan adabiy til etakchi mavqeni egallar edi. 15-asrning 1-yarmi—16-asrda ko’plab turkiy xalqlar singari g’arbiy qipchoqlarning asosiy qismi no’g’aylar uyushmasi tarkibiga kirgan. Qipchoqlarning Movarounnahr madaniy mintaqalariga yalpi ko’chib kelishi Shayboniyxon davrida 16-asrda va keyinchalik 17-asrda Ashtarxoniylar davrida yuz bergan. Shuningdek, Qipchoqlar 16-asrning 2-yarmi — 18-asrning boshlarida, jung’arlarning Qozog’istonning Janubiy hududlariga bostirib kirishi jarayonida ham Zarafshon vohasi va Farg’ona vodiysiga ko’chib kelganlar. Qoraqalpoqlar, qozoqlar bilan birga Qipchoqlarning O’rta Osiyo hududlariga kirib kelishi 2 yo’nalishda bo’lib, ularning bir qismi Sirdaryoning yuqori oqimi bo’ylab Toshkent vohasi va Mirzacho’l zonalarida joylashgan. Qipchoqlarning ikkinchi qismi esa O’rta Zarafshon bo’ylab ketgan. 18-asrning 20-30-yillarida Qipchoqlar Shimoliy Farg’onaning tog’oldi mintaqalariga kelib o’rnashganlar. Faqatgina ma’lum miqdordagi Qipchoqlargina Toshkent vohasida qolgan. Bu davrda Qipchoqlar 4 ta asosiy guruhga: qora qipchoq, sariq qipchoq, Xitoy qipchoq va qulon qipchoqlarga bo’lingan. Ularning har biri, o’z navbatida, mayda guruhlarga bo’lingan. Qipchoqlarning ayrim guruhlari 20-asr boshlarigacha o’zlarining urug’-qabilaviy bo’linishlarini saqlab qolganlar. Qipchoqlar 20-asr boshlariga qadar yarim o’troq holda yashab, o’zlari uchun an’anaviy bo’lgan chorvachilikni dehqonchilik bilan qo’shib olib borganlar. Statistik materiallardan Qipchoqlarning o’zbek va qirg’izlar bilan qo’shilib ketishi 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida ancha jadal kechganligi ma’lum. Masalan, agar 19-asrning 90-yillarida Farg’ona vodiysidagi Qipchoqlar soni 70 ming nafarga, 1917 yilga kelib, 44 ming nafarga teng bo’lsa, 1926 yilga kelib esa ularning vodiydagi soni 33,6 ming nafarga tushib qolgan. Farg’ona Qipchoqlarining asosiy qismi Andijon uezdida, Andijonsoy, Norin daryosining quyi qismi, Moylisuv va Qoradaryo atrofidagi qishloqlarda yashagan. Ularning ma’lum qismi Namangan uezdi Kosonsoy, Sumsar, Chodak, Podsho-ota, Norin, G’ova kabi daryo va soy qavzalarida hamda Yangiariq kanali atrofidagi manzilgohlarda joylashgan. Farg’ona uezdi hududidagi Shahonsoy va Aravonsoy, Qo’qon uezdidagi So’x va Isfara daryosi o’zanlarida ham bir necha qipchoq qishloqlari mavjud bo’lgan. 19-20-asr boshlarida vodiy hududida yashayotgan Qipchoqlar K.Sh. Shoniyozovning fikricha, 4 ta katta guruhga bo’lingan. Bular Qipchoqlar (yoki toza qipchoqlar), qirg’iz- qipchoqlar, Xitoy-qipchoqlar va sartqipchoqlar. O’z navbatida, yuqorida sanab o’tilgan qipchoq guruhlari bir qancha urug’larga bo’linganlar. Qo’g’ay, bug’och, Kumushoy, o’lmas, yashiq, jaydoq, Puchug’oy, Elatan, bo’g’oz, og’im, toz, sirmoq, ettiqashqa, qutluqsaid, Cherek, ko’kmo’yin, To’rtayg’ir (yoki 4 og’ayni), to’rttoy, to- vuldi, chang’roqchi, Chiyal, ko’lon, Oqbo’yra, qorabovur, boshqirt, tikan, Qoratikan, sari-qipchoq, qoramoyun kabi urug’lari Farg’ona vodiysida qayd etilgan. Q.ning ko’pchiligi asta-sekin o’troqlashib, dehqonchilik bilan shug’ullangan. Ayrim guruhlari 20-asr boshlarigacha yarim o’troq holda yashab, dehqonchilik va chorvachilik bilan mashg’ul bo’lganlar. 20-asrning 1-choragida O’zbekiston chegarasida yashovchi Qipchoqlarning umumiy soni 127 ming kishi bo’lib, shundan 52 ming kishi Zarafshon vodiysida, 42,2 ming kishi Farg’ona vodiysida yashagan. Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm vohalarida ham Qipchoqlarning ayrim guruhlari bo’lgan. Ad.: Shoniyozov K., O’zbek xalqining shakllanish jarasni, T., 2001; Shaniyazov K., Ketnicheskoy istorii uzbekskogo naroda T» 1974. Adhamjon Ashirov.