Qobulova Saodat

Qobulova Saodat (1925.15.12, Marg’ilon) — ashulachi, opera xonandasi (lirik-koloraturali soprano). O’zbekiston xalq artisti (1957). 1959 yil SSSR xalq artisti unvoniga sazovor bo’lgan. Moskvadagi O’zbek opera studiyasi (1954) hamda Toshkent konservatoriyasini (1969) tugatgan. Qobulova milliy xonandalik san’ati va musiqa merosi namunalarini, asosan, J. Sultonov, T. Jalilov, X. To’xtasinov, E.Barayevlardan o’zlashtirgan. Qobulova go’zal tembrli, yorqin va shirador, jilodor va ta’sirchan ovozga ega; o’zbek xonadalik san’atida yangi davr boshlab berganlardan — uning ijro uslubida Yevropa xonandalik xususiyatlari milliy ashulachilik yo’llari bilan uyg’unlashib ketgan. Qobulova san’atdagi faoliyatini Marg’ilon kolxoz—sovxoz teatridan boshlagan (1939). Muqimiy teatrida (1941-48) Qamar, Mohim, Nurxon (S.Abdulla; T. Jalilov musiqasi, «Tohir va Zuhra»; K.Yashin, «Nurxon») rollarini ijro et- gan; asosan, kontsert ijrochiligi bilan shug’ullangan. 2-jahon urushi yillarida harbiy qismlar, gospitallarda madaniy xizmat qilgan. 1954-86 yillarda Navoiy teatri yakkaxon xonandasi. Qobulova ijodi ko’proq o’zbek operalarida yaratgan Jamila, Layli (T.Sodiqov, R.Glier, «Layli va Majnun»), Zuhra (T.Jalilov, B.Brovsin, «Tohir va Zuhra»), Asal (T. Sodiqov, R.Glier, «Gulsara»), Huri (T.Sodiqov, B.Zeydman, Yu.Rajabiy, D.Zokirov, «Zaynab va omon»), Dilorom (M.Ashrafiy, «Dilorom»), Oyxon (S.Yudakov, «Maysaraning ishi»), Sanobar (S.Boboev, «Hamza»), Gulnor (R.Hamroev, «zulmatdan ziyo») kabi obrazlarida namoyon bo’ldi. Bular ichida Huri, Oyxon, ayniqsa, Dilorom partiyalari Qobulova ijodining cho’qqisi bo’lib, ham sahnaviy, ham vokal ijrosi jihatidan mukammalligi bilan ajralib turadi. U o’zbek opera xonandalaridan birinchilar qatori chet el mumtoz operalarida Leyla (J.Bize, «Marvarid izlovchilar»; o’zbek va rus tilida), Violetta, jilda (J.Verdi, «Traviata», «Rigoletto»), Madam Batterflyay (J.Puchchini, «Chio- Chiosan»), Rozina (J.Rossini, «Sevilya sartaroshi»), Mimi (J. Puchchini, «Bogema») va boshqa partiyalarning mohir ijrochisi sifatida ham tanilgan. Kontsert ijrochiligi Qobulova ijodiy faoliyatining ajralmas qismini tashkil qiladi. Uning repertuaridan xalq ashulalari, o’zbek mumtoz musiqa namunalari («Galdir», «Navro’z», «Bayot-1, 2, 3, 4, 5», «Saraxbori Oromijon», «Talqini Bayot», «Samarqand Ushshog’i», «Buxo- ro irog’i», «Dugoh»), o’zbek kompozitorlarining asarlari («Dugonalar», «Davra qo’shig’i», S.Yudakov; «Bahor», T. Sodiqov; «kelsa nogoh», M.Burhonov; «Kashmirda», M.Ashrafiy va boshqalar) asosiy o’rin olgan. Qobulova D.Zokirovning «Ko’rmadim», «Ey sabo», «bulbul», X.To’xtasinovning «qora ko’zlar», «aylagach», G’.Toshmatovning «karvon keldi» va boshqa asarlarning birinchi ijrochisi. U, shuningdek, chet el klassik kompozitorlarining romanslari, Yevropa va Osiyo xalqlari (rus, ukrain, Chex, tojik, ozarbayjon, arman, mo’g’ul, tay, hind va boshqalar) ning qo’shiqlarini ham ijro etgan. Qobulova 1972 yildan hozirgi O’zbekiston davlat konservatoriyasida vokal sinfi pedagogi, professor (1986), kafedra mudiri (1988— 97) sifatida ko’plab shogirdlar tarbiyalagan. Jahon yoshlari festivali (Moskva)ning laureati (1957). Ijrolari 2 gramplastinka, o’zbek radiosi fonotekasiga yozilgan, «O’zbektelefilm» studiyasi tomonidan Qobulova ijodiga bag’ishlangan 2 film ishlangan («Saodat», «Saodat Qobulova kuylaydi», 1991). Osiyo, Yevropa, Amerika mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. «Do’stlik» (1998), «Buyuk xizmatlari uchun» (2001) ordenlari bilan mukofotlangan.