Qizilqum

Qizilqum — O’rta Osiyodagi qumli cho’l. Amudaryo va Sirdaryo oralig’ida (O’zbekiston, Qozog’iston, qisman Turkmaniston hududida) joylashgan. Shimoliy g’arbdan Orol dengizi, Sharqda Tyanshan va Pomir-Olay tog’ tizmalari bilan chegaradosh. Umumiy maydoni 300 ming km2. Hududining ko’p qismi tekislik. Qizilqumda o’rtacha balandlik Janub va Janubi sharqida 300 metr, shimoli g’arbida 53 metr. Qizilqum hududidagi Sulton Uvays tog’i, Bo’kantov, Etimtog’, Tomditov, Quljuqtov va boshqalar past tog’lar yuvilib ketgan Alp antiklinalining o’zagidir. Vaqtinchalik oqar suvlar tog’lardan yuvib tushgan materiallar tog’etaklariga to’planib Nishab prolyuvial tekisliklarni hosil qilgan. Ular tog’lardan uzoqlashgan sari pasaya boradi. Shuningdek, Qizilqum hududida qirlar (Beltov va boshqalar), yassi plitalar, berk botiqlar (Mingbuloq, Oyoqog’itma, Qoraxotin, Mo’lali va boshqalar) hamda qadimiy suvsiz Daryo o’zanlari: Aqchadaryo, Janadaryo, Daryosoy, Quvonchdaryo, Mahandaryo va boshqalar mavjud. Tog’lar va ularni o’rab turgan tog’oldi tekisliklari bir-biridan qum massivlari bilan ajralib turadi. Qum massivlari uchun qator tepa va ko’zanak qumlari xosdir. Q.ning katta qismini qum massivlari: Juranqum, Toshquduq, Yomonqum, Kemirekqum va boshqalar egallagan. Qum massivlarida eol relef shakllari — qum marzalari, do’ng qumlar, barxanlar uchraydi. Qum marzalari ko’proq Meridianal yo’nalishga ega, o’simliklar bilan mustahkamlangan. Ularning. nisbiy balandligi 3— 30 metr, ba’zan 75 metrga yetadi. Qizilqumning Markaziy qismida ko’pincha do’ng qumlar tarqalgan (ular ham o’simliklar bilan mustahkamlangan). Barxanlar nisbatan kam bo’lib, bular aholi yashaydigan joylar va quduqlar atrofida uchraydi. Barxanlarning harakatga kelishi insonning xo’jalik faoliyati bilan bog’liq. Marza qumlar orasidagi past joylarda taqirlar hosil bo’lgan, ular Qizilqumning shimoli g’arbiy va shimoli Sharqiy qismida, ayniqsa, keng tarqalgan. Tektonik jihatdan Qizilqum Turon plitasida joylashgan. Qizilqumdagi past tog’lar paleozoy davriga mansub metamorfizlashgan slanes, rogovik, ohaktosh, marmar, granitlardan tashkil topgan. Tekislik qismida mezokay-nozoy davri gillari, qumtoshlar, konglomeratlar, mergellar, shimol qismida esa Amudaryo va Sirdaryoning qadimiy Daryo yotqiziqlari tarqalgan. Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq, qishi sovuq. Havoning o’rtacha yillik temperaturasi shimoliy qismida 9,8″-10,5°, Janubda 13°-15°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 0° dan -9° gacha, eng past temperatura -30, -31°, ayrim joylarda -34°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 29°, ayrim joylarda 30-31°. Eng yuqori temperatura (iyulda) 46-49°. Qizilqumda yozda yer yuzasi qizib ketadi. Namlik serob va o’simliklarga boy bo’lgan Amudaryoning quyi oqimiga qaraganda Qizilqumda vegetatsiya davrida musbat temperaturalar yig’indisi ancha yuqori, nisbiy namlik esa kunduzi o’rtacha 10-12% past. Havoning nisbiy namligi iyulda kunduz kunlari hech qayerda 20% dan oshmaydi. Qizilqumga yillik temperatura amplitudasining kattaligi xos. Amudaryo etagiga qaraganda bu yerda yog’in kam. Yillik yog’in 80-160 mm, asosan, qish (30%) va bahor (48%) fasllarida yog’adi. Yozda yog’inning faqat 3% tushadi. Yozda havo quruq keladi va t-ra yuqori, tuproq qurg’oqchiligi birmuncha vaqtliroq boshlanadi. Qumli massivlar va qumoq tuproqlardagi o’simlik o’sgan joylarda qumoq va gilli joylarga qaraganda tuproq u qadar kuchli emas. Qizilqumda yil davomida Shimoliy, shimoliy Sharqiy va shimoliy g’arbiy shamollar tezligi o’rtacha (3-4 m/sekund) esib turadi. Ba’zida kuchli bo’ronlar ham bo’ladi. Iqlimi quruq bo’lganidan Qizilqumda doimiy oqar suvlar yo’q. Past tog’lardan boshlanuvchi quruq soylarda faqat bahorgi yog’ingarchilik paytlaridagina suv oqadi. Qizilqum yer osti suv zaxirasiga boy, lekin, ularning ko’p qismi sho’r. Faqat Turon plitasi poydevorida joylashgan karstlashgan ohaktoshlardagi yer yoriqlarida chuchuk suvlar zaxirasi mavjud bo’lib, ular qulay joylarda yer yuzasiga buloqlar sifatida (Tomdibuloq, Irlir va boshqalar) chiqadi. Qizilqumda qumli massivlar va past qirlar katta maydonni egallaydi. Qumli massivlar uchun cho’l qumli tuproqlari, qirlar uchun bo’z qo’ng’ir tuproqlar xos. Taqir, sho’rxok tuproqlar tarqalgan. Bularda chirindi moddalari kam. Qizilqum o’simliklari xilma-xil. Cho’l sharoitida namlikning taqchilligi va havo, tuproq haroratining balandligiga o’simliklar ham moslashgan. O’simlik turi 900 ga yaqin, shundan 226 turi (25%) O’rta Osiyo uchun xos va 34 turi (3,5%) Qizilqumga xos o’simliklardir. Qizilqumda o’simliklar rivoj- lanishining tez yetiluvchanligi (efemerligi), qurg’oqchillikka moslashuvchanligi (kseromorfligi), ba’zi o’simlik ildizlarining tuproqqa chuqur kirib borishi (freatofit), sho’r muhitda ham vegetasiya qilish xususiyatiga ega ekanligi (galofit) bilan ajralib turadi. Oq va qora saksovul, ularga aralash holda o’suvchi cherkez, Qandim, chogon, borjok (qizilcha), shuvoq va boshqalar keng tarqalgan. Oq saksovulzorlar biyurg’un, boyalich, keyreuk sho’ralar bilan, goho yulg’un aralash ham uchraydi. Shuvoqzorlar Qizilqumning katta hududlarini egallagan. Sho’r bosgan tuproqlarda sarsazan, qorasho’ra, shohilak, yulg’un va boshqalar bor. Sutemizuvchilardan jayran, sayg’oq, cho’l mushugi, barxan mushugi, qo’shoyoq, yumronqoziq, qumsichqon, tulki, bo’ri, quyon, olako’zan, uzun quloq tipratikan; sudralib yuruvchilardan qum bo’g’ma iloni, o’qilon, uzun quloqli va taqir dumaloqbosh kaltakesak, Agama, echkemar; kushlardan boyqush, chil, xo’jasavdogar, saksovul to’rg’ayi, cho’l qarg’asi, bulduruq, burgut, boyqush; hasharotlardan chayon, qoraqurt, biy, chigirtka va boshqalar uchraydi. Qizilqumda mayin junli va Qorako’l qo’ylar boqiladi. Artezian havzalardan suv chiqarilib, chorvachilikni rivojlantirish maqsadida kichik vohalar vujudga keltirilmoqda. Qoldiq tog’lardan Marmar, grafit, Feruza, Muruntovdan oltin, uran, shuningdek, fosforit, korund, boksit konlari topilib, qazib olinmoqda. Gazli konidan foydalanilmoqda. Ad.: Fyodorovich B.A., Lik pustshi, M., 1954; Baratov P., O’zbekiston tabi- iy geografiyasi, T., 1996; Baratov P., Mamatqulov M., Rafiqov A., O’rta Osiyo tabiiy geografiyasi, T., 2002. Murod Mamatkulov.