Qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash
Qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash — qishloq xo’jaligida insonning jismoniy (qo’l) mehnatini mashina va mexanizmlar bilan bajarish. Qishloq xo’jaligi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda mehnat sharoitlarini yaxshilash ishidagi eng muhim masalalardan biri. Qishloq xo’jaligining mahsuldorligi selektsiya, kimyolashtirish va boshqalar bilan bir qatorda barcha turdagi qishloq xo’jaligi ishlarini mexanizatsiyalash darajasi bilan belgilanadi. Qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalashni tavsiflovchi asosiy ko’rsatkichlardan biri — mehnatning energiya bilan qurollanishi [ishlab chiqarish jarayonida mehnatning barcha turdagi (elektr, mexanik va issiqlik) energiya bilan ta’minlanish darajasini ifodalovchi ko’rsatkich] va texnika bilan qurollanishi darajasidir. Qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash darajasi mehnatni mexanizatsiyalash bosqichi bilan, ya’ni mexanizatsiyalashgan mehnat salmog’ining qishloq xo’jaligi mahsuloti ishlab chiqarishga sarflangan umumiy xarajati bilan baholanadi. 20-asrning 20-yillariga qadar O’zbekiston qishloq xo’jaligi, asosan, mayda ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lib, qishloq xo’jaligida qo’l mehnati va oddiy ish qurollari (ketmon, omoch, ot, xo’kiz va boshqalar) ishlatilgan. 20-yillar o’rtalaridan qishloq xo’jaligi asbob-uskunalarini ijaraga beradigan davlat punktlari, 1924 yil «Traktor markazi» tashkil etildi, chet ellardan sotib olingan traktorlar va boshqa texnika vositalari dastlabki jamoa xo’jaliklari (kolxozlar) ga yetkazib berildi. 1929 yil respublikada 400 dan ortiq traktor, 3611 avtomashina, 3897 plug, 1660 dona otga qo’shib ishlatiladigan ekish seyalkasi, 1244 kultivator, 1262 ochar (okuchnik), 187 molotilka (yanchgich), 87 mingdan ortiq arava, 26 ming brichka (to’rt g’ildirakli mujik arava) va boshqalar ishlatildi. 1930 yilga kelib davlat tomonidan jamoa va davlat qishloq xo’jalik korxonalariga texnik xizmat ko’rsatadigan, o’zining moddiy-texnika resurslari, mexanizator xodimlari, ta’mirlov va ta’minot bazasiga ega bo’lgan mashina-traktor stansiyalari (MTS) tashkil etildi. 1940-yillar boshida respublikada 180 ta MTS ishladi. keyingi yillarda MTSlarning sifat tarkibi o’zgardi, u yangi konstruktsiyadagi mashinalar bilan to’latildi. Xo’jaliklar kuchli quvvatga ega traktorlar, yuqori unumli don kombaynlari, keng va ko’p qatorli mashinalar (masalan, paxta terish mashinalari), shuningdek, bir yurishda bir qancha operatsiyalarni bajaradigan mashinalar bilan qurollantirildi. Yer qaziydigan, meliorasiya mashina va qurollari, zamonaviy yuk avtomobil va traktor pritseplari, maxsus avtotransportlar ishlab chiqarish, ularni qishloq xo’jaligiga yetkazib berish yil sayin ko’payib bordi. 1990-yillar boshiga kelib respublika qishloq xo’jaligida 182 ming traktor, 30,5 ming yuk avtomobili va boshqa qishloq xo’jalik mashinalari ishladi. Qishloq xo’jaligini elektrlashtirish kjsaldi. Chorvachilik va parrandachilikda sanoat tipidagi yirik va ixtisoslashtirilgan fermalar qurilib elektr bilan ishlaydigan mashinalar texnologiyasi joriy qilindi. Elektr energiyasidan sug’orishda (nasos stansiyalari), chorvachilikda, omborxonalar va sovuqxonalarda va boshqa tarmoqlarda tobora ko’proq foydalanilmoqda. Qishloq xo’jaligida asosiy dala ishlari (yer haydash, ekish, kultivatsiya bilan birga o’g’itlash, don ekinlarini yig’ib olish va boshqalar) to’liq, ekin qator oralariga ishlov berish, paxta terish kabi ishlar yuqori darajada mexanizatsiyalashtirildi. 2001-2005 yillarda respublikaga chet ellardan qishloq xo’jalik texnikasi («Keys» g’alla o’rish, paxta terish kombaynlari, traktorlar) keltirildi, qishloq xo’jalik korxonalariga xizmat ko’rsatadigan 184 tuman mashina-traktor parklari (MTP) va dehqon-fermer va boshqa xo’jaliklar uyushmalariga qarashli 1007 muqobil mashina-traktor parklari tashkil etildi. Azimiddin Sirojiddinov.