Payrov

Payrov — askiya san’atining eng ommaviy shakli, ijro uslubi. Unda ikki guruh ijrochi kelishilgan muayyan mavzu bo’yicha so’z to’qib, o’zaro tortishadi; mavzuning ma’nolari oxirigacha echilishi va ijrochilar mavzu doirasidan tashqariga chiqmasligi talab etiladi, bir-biriga javob qaytarganlarida fikr rivoji sezilib turishi lozim. Shiddat bilan, mazmunli qochirimli javob bergan tomon yutadi, sustkashlik qilgan, mavzudan tashqariga chiqqan yoki pala-partish, qo’pol javob qilgan tomon yutqazadi. Askiya ishqibozlarining qizg’in qahqahasi bilan g’olib kelgan tomon olqishlanadi. Payrov mavzulari son-sanoqsiz: inson qayoti, xulq-atvori, o’zaro munosabatlar, tabiat va jamiyat hodisalari, hayvonot va o’simlik dunyosi, mehnat turlari, kasb-hunar, qishloq xo’jaligi va sanoat ko’rinishlari, ta’lim, tibbiyot, ilm-fan, san’at va adabiyot, bola tarbiyasi va boshqalar. Payrov askiyachidan ham bilim, ham badihago’ylik, ham moqir ijrochilik talab qiladi. Payrov, asosan, og’zaki ijod mahsuli. Tajribali askiyachilar muayyan mavzularni oldindan mashq qilib, pishitib yuradilar. Payrov, asosan, Farg’ona vodiysi va Toshkentda 18-asrdan tarqalgan va kundan-kunga rivoj topib, ommalashib bormoqda. Dehqon yuzboshi, G’oyib ota Toshmatov, Jo’raxon Sultanov, G’anijon Toshmatov, G’ulomjon Ro’ziboyev, Abdulhay Qozoqov kabi Payrov va askiya ustalari tanilgan. Ularning Payrovdagi tajribasi, an’analarini aka-uka Zaynobiddin va Madamin Yusupovlar, Jo’raxon Po’latov, Mamasiddiq Shiraev, Hasanboy Sultonov, Yo’ldoshxon Nosirov, Ne’matjon Toshmatov, Mansurjon Oxunov, Muhiddin qizik Darveshov va boshqalar davom ettirib keldilar. Payrov katta kontsert dasturlaridan, O’zbekiston mustaqilligi va Navro’z bayramiga bag’ishlangan maydon tomoshalaridan o’rin olib, eng yaxshi namunalari radio va televideniye orqali targ’ib etilmoqda. Ad.: Muhammadiev R., Askiya, T., 1962; Qodirov M., Tomosha san’ati o’tmishidan lavhalar, T., 1993. Muhsin Qodirov.