Nadimiy

Nadimiy (taxallusi; asl nomi Boltaniyoz Qurbonniyoz o’g’li) (? — Xiva — 1938) — shoir, xattot. Akasi Muhammad Yoqub Harrot devondan husnixat qoidalarini o’rgangan. Nadimiy umrining oxirigacha Xivadagi idoralarda turli lavozimlarda ishlagan. Sharq shoirlarining asarlarini mutolaa qilib, ularning ta’sirida she’rlar yozgan. 1908 yilda ko’chirgan mukammal devonida o’zbek mumtoz she’riyatining turli janrlarida yozilgan asarlar bor. She’rlarida insoniy muhabbatni ulug’laydi, kishilarni oliy fazilatlar egasi bo’lishga chaqiradi. Nadimiy kitobat qilgan Abdulvohid ibn al-muftiyning «ajoyib ul-qisas» asari tarjimasi (1907, inv. № 874), zamondosh shoirlardan Shinosiy devoni (1908, inv. №1145), Tabibiyning 2 devoni (1909, inv. №927, 1910, inv. № 257) va o’zi tarjima qilgan «Vomiq va Uzro» dostoni (1910, inv. № 2057) va o’zining 3 devoni O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida (№ 901, 902, 906) saqlanmoqda. Nadimiy asarlari bayozlardaham uchraydi (O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondi, inv. inv. № 6771, 6939, 6969).