Naim Said
Naim Said, Saidov Naim (1902, Qo’qon – 1939.2.6, Toshkent) – jurnalist va tarjimon. Qo’qondagi Madrasa, «yangi usul» va «namuna» maktablarida tahsil ko’rgach, Moskvaga borib, dastlab ishchilar fakulteti (1923-24), so’ngra davlat jurnalistika instituti (1925-28) da o’qigan: Toshkentga qaytgach, «qizil O’zbekiston» (1928-30) gazeta muharriri o’rinbosari, so’ng «yangi Farg’ona» gazeta mas’ul muharriri (Qo’qon, 1930-31), O’zdavnashr bosh muharriri (1931 — 33) bulib ishlagan. Naim Said tarjimonlik faoliyatida o’zbek tiliga ruscha so’z va atamalarni olib kirish va o’zbek tilining shu asosda ruslashtirilishiga qarshi ona tilining sofligi uchun kurashgan. Ayni paytda u Arab yozuvidan lotin yozuviga o’tish jarayonida xalq ommasi savodsiz bo’lib qolmasligi uchun «kattalar uchun alifbo», «savodsizlar uchun alifbo», «Chala savodlilar uchun alifbo», «ko’rlar uchun alifbo» (1929-30), «savodsizlar uchun o’qish kitobi» (1936) singari o’quv qo’llanmalarini yaratgan. 20-30-yillar o’zbek matbuotida faol ishtirok etgan. Naim Said «Milliy Ittihod» tashkilotiga a’zo bo’lganlik va yoshlar o’rtasida millatchilik kayfiyatini tarqatganlikda ayblanib hibsga olingan (1938.30.1) va qamoqxonada vafot etgan.