Nazrullayev Lutfulla

Nazrullayev Lutfulla (1903.15.7, Buxoro — 1962.27.12, Toshkent) — teatr aktyori. O’zbekiston xalq artisti (1945). Moskva o’zbek drama studiyasida o’qigan (1924-27). Dastlab Buxoro teatrida ishlagan (1921 -24). 1927 yildan Hamza teatrida ishlagan. Xolmat («boy ila xizmatchi»), Husayn Boyqaro («Alisher Navoiy»), Dadavoy («Navbahor»), Rahimjon («Shohi so’zana»), poloniy («Gamlet»), Egor («Egor Bulichyov va boshqalar»), Estevan («Qo’zibuloq qishlogi»), Gornostaev («Lyubov Yarovaya») kabi rang-barang va to’laqonli sahnaviy obrazlar yaratib, o’zbek aktyorlik maktabining shakllanishiga munosib hissa qo’shdi. Nazrullayev o’zbek teatrida birinchi bo’lib, Husayn Boyqaro siymosini butun murakkabligi bilan gavdalantirgan. «Alisher Navoiy» filmida esa usta Jaloliddin obrazini yaratdi. Qanday rol o’ynamasin, Nazrullayev ovozi, yuz ifodalari, tana harakatlaridan unumli foydalanib, o’z qahramonlarining avvalambor insoniy mohiyatini, fe’l- atvorini, kayfiyatini ifoda qilishga intilgan. U, ayniqsa, kulgili va hajviy obrazlar ustasi bo’lgan.