Nazarov Baxtiyor Muhammadjonovich

Nazarov Baxtiyor Muhammadjonovich (1942.2.5, Namangan viloyati Nanay qishlog’i) — kino rassomi; O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi (2000). Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti (1965) va Moskva kino san’ati instituti (1971)ni tugatgan. «O’zbekfilm» kinostudiyasida bosh rassom (1983-90); ayni bir paytda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida teatr va kino dekorasiyasi kafedrasi mudiri (1983-90). Nazarov «Seni kutamiz, yigit» (1971), «Shum bola» (1976), «Oltin mo’yna» (1980), «hayot mazmuni» (1985), «Sharif — Ma’rif» (1992), «Sharshara sehri» (ijrochi prodyusser, 2003) va boshqa badiiy filmlar, teatr spektakllari uchun sahna bezaklari yaratdi. Nazarov xorijiy mamlakatlar filmlariga ham dekoratsiyalar yaratgan: «Buyuk Pyotr» (AQSh, 1983), «Shaxrizodaning so’nggi ertagi» (1983— 84), «uch qirolning urushi» (Marokash- Italiya-Ispaniya, 1989), «o, muhabbat» (Hindiston, 2001) va boshqalar. Nazarov, shuningdek, dastgoh rangtasvirida ham ijod qiladi: «Olim Xo’jayev» (1973), «Lutfixonim Sarimsoqova» (1974), «Malik Qayumov» (1977) kabi portretlar; «O’zbekiston yoshlari», «Hindiston ayollari», «kelinchak», «ona» kabi turkum asarlari va boshqalar.