Nazariya

Nazariya — bilimning biror sohasiga oid asosiy g’oyalar tizimi; voqelik qonuniyatlari va undagi muhim aloqalar haqida bir butun tasavvur beradigan bilim shakli. Nazariya borliqning muayyan sohasiga oid bo’lgan tajribalardan umumlashtirilgan ma’lumotlar asosida kelib chiqadi. Ilmiy bilishda Nazariyaning asosiy vazifasi tajribalar bergan dalillarni izohlash, shu bilan birga, narsa va hodisalarning mohiyatiga chuqurroq kirib borish, yuzaga keladigan yangi narsa va hodisalarni oldindan ko’ra olishdan iborat. Har qanday Nazariya ilmiy bilishning natijasi sifatidagi bilish shakli bo’lsada, lekin uni tugallangan, o’zgarmas, mutlaq bilim deb qaramaslik kerak. Nazariya bilish jarayonidabiz to’plagan bilimlarning natijasigina emas, balki yangi bilimlar hosil qilish yo’lidagi boshlang’ich asosdir. Nazariya hamma vaqt amaliyot bilan uzviy bog’liq bo’ladi va shundagina u harakat va rivojlanishning quroliga aylanadi. Nazariyaning boshlang’ich shakli gipotezalar. Amaliyotda gipotezaning to’g’ri, haqiqat ekanligi isbotlansa, shu asosda yangi Nazariya yuzaga kelishi mumkin. Ilmiy bilish jarayonida kishilarning ilmiy Nazariyalar bilan qurollanganligi unga ilmiy oldindan ko’rish — ilmiy bashorat qilish imkoniyatini beradi. Bu esa, o’z navbatida, yangi qonuniyat va yangi Nazariyalarning shakllanishiga olib keladi.