Naycha

Naycha — 1) chakka (soch)ga taqiladigan ayollar taqinchog’i; bosma usulida gullar bilan bezatilgan yupqa metall yaproqcha o’rami (nay shakli) dan iborat; o’rta qismiga Feruza ko’zli yirik dumaloq munchoq o’rnatilgan, Naychaning 2 cheti Feruza ko’zlar qatori bilan hoshiyalangan; atrofi va o’rtasidan shokila (marjon, yaproqcha, ba’zan tanga)lar osilgan. Naychadan chakkadagi soch tolalarini qistirib qo’yish uchun foydalaniladi; 2) zargarlikda soch-popukka. Taqiladigan kumushdan yasalgan naysimon bo’lak; Naycha yuzasi bosma islimiy naqshlar bilan bezatilgan, yuqori qismi qubbali, qubba atrofi emal yoki Feruza ko’zlar bilan o’ralgan; quyi qismi kengayib borib 4 ta bo’lak (parrak)ga ajraladi. Naycha orasidan o’rilgan (eshilgan) qora iplar (soch) tutami o’tkaziladi; 3) chakka va boshga taqiladigan taqinchoqlarning pat, ukpar o’rnatish uchun kilingan qismlari ham Naycha deb ataladi.