Nalbandyan Mikayel Lazarevich

Nalbandyan Mikayel Lazarevich [1829.2(14). 11, Rostov-don tumani — 1866.31.3.(12.4), Kamishin shahri] — arman yozuvchisi, faylasuf. Yangi arman adabiy tilining asoschilaridan biri. 1855-58 yillar Moskva universitetining tibbiyot fakultetida tahsil olgan, so’ng shu yerda arman tilida nashr etiladigan «Yusisapayl» («Shimol yog’dusi») jurnalida ishlagan (1858-60). «Kolokol» va «Sovremennik» jurnallarining ta’sirida inqilobiy demokratizm tomoniga o’tgan. Nalbandyan 1860-62 yillarda Turkiya, Hindiston va G’arbiy Yevropa mamlakatlariga sayohati davomida A. I. Gersen va N. P. Ogaryovlar bilan tanishgan. Keyinroq «Megu» («Asalari») jurnal qoshida yashirin inqilobiy tashkilot tuzgan, jamiyatni keskin tanqid etuvchi asarlari uchun qamoqqa olingan va keyinchalik surgunda vafot etgan. Nalbandyan falsafa, iqtisod, pedagogika, tilshunoslik bilan shug’ullangan, Feyerbax va Chernishevskiy fikrlarini rivojlantirgan. Nalbandyan falsafasi arman xalqi ijtimoiy tafakkuri rivojida muhim bosqich hisoblanadi. Asosiy publitsistik asari «Dehqonchilik haq yo’l» (1862). «Birovga so’z, boshqaga kelin» (1858), «kundalik» (1858-60) romanlari bilan arman tanqidiy realizmiga asos solgan. Adabiy-estetik qarashlari «Arman yozuvi haqida so’z» (1854-55), «tanqid» (1858) asarlarida o’z ifodasini topgan.