AFRIKA

AFRIKA — qit’a. Kattaligi jihatidan Osiyodan keyin 2-o’rinda. Maydoni 29,6 million kilometr kvadrat, orollari bilan 30,3 million kilometr kvadrat. Aholisi 720 million kishi (1995). Deyarli o’rta qismidan ekvator chizig’i o’tgan. Shimoldan Janubga tomon qariyb 8 ming kilometrga cho’zilgan. Shimoliy qismining eni 7500 kilometr (almadi bo’rnidan Xafun bo’rnigacha). Janubiy qismining eni 3100 kilometr. Shimolda O’rta dengiz, g’arbda Atlantika okeani, Sharqda Hind okeani va qizil dengiz bilan o’ralgan. 120 kilometrli Suvaysh bo’yni orqali Osiyo bilan tutashgan. Yevropadan Afrikani Gibraltar bo’g’ozi ajratib turadi (eng tor joyi 13 kilometr). Afrikaga bir necha orollar kiradi: sharqda Madagaskar, Zanjibar, Sokotra, Mafiya, Pemba, Komor, Maskaren, Amirant va Seyshel orollari; g’arbda Madeyra, Kanar, Yashil burun orollari; Gvineya qo’ltig’ida Pagalu, San-Tome, prinsipi, Bioko va uzoqroqdagi Voznesenie, Santa-Yelena, Tristanda-Kunya orollari va boshqalar. Qirg’oqlari uzilmali, kam parchalangan, ko’pincha tog’lardan iborat. Qirg’oq yaqinida pasttekisliklar bor. Qo’ltiqlari keng va ochiq, eng yiriklari — Gvineya va sidra (Katta Sirt). Kulay buxtalari kam. Eng yirik yarim oroli — Somali. Geologik tuzilishi va relyefi. Afrikaning ko’proq qismi kembriydan oldin burmalangan platformadan iborat bo’lib, ustini paleozoy, mezozoy va uchlamchi hamda to’rtlamchi davr jinslari qoplab yotadi. Qadimgi kristall jinsli zamin Markaziy Sahroi Kabir, Serraleone, Sharqiy Sudan balandliklarida (anteklizalar), Kongo botig’i atroflarida va ayniqsa, Sharqiy hamda Janubiy Afrikada yer yuzasiga chiqib yotadi. Platformaning shimoliy qismida (Sahroi Kabir, Sudan) zamin juda chuqur joylashgan (Sahroi Kabir — Arabiston platosi), Janubiy qismida keng maydonlarda esa yer yuzasiga chiqib qolgan (Janubiy Afrika qalqoni). Janubiy va shimoliy-g’arbda kembriydan oldingi platformaga zamini burmalangan platforma tuzilmalarining ayrim qismilari kelib qo’shilgan. Bu tuzilmalar kap tog’larida va Atlas toglarining ichki rayonlarida yer yuzasiga chiqib qolgan. Alp burmalanishi davrida Afrikada Atlas tog’larining shimoliy sohil bo’yi tizmalarigina ko’tarilgan. Kristall jinslardan iborat qadimgi peneplenlarning keng tarqalishi va cho’kindi jins qoplamalarining kam burmalanganligi natijasida materik relefi yassidir. Afrikada plato va tog’liklar ko’p. Ularni tektonik yoriqlar bo’lib-bo’lib yuborgan. Qirlar hamda platolar ustida qoldiq cho’qqilar va vulkan tog’lari ko’tarilib turadi. Afrikaning eng baland nuqtasi — Kilimanjaro tog’idagi Kibo cho’qqisi (5895 metr). Afrika ko’p qismining dengiz sathidan balandligi 1000 metrdan oshmaydi. Olimlar Afrika quyi paleozoy burmalanishi davrida Janubiy Amerika va Hindiston (Gondvana materigi) bilan quruqlik orqali birlashib turgan deb hisoblaydilar. Paleozoyda Sahroi Kabir — Arabiston platformasining ayrim qismlari dengizlar tagida qolgan. Afrikaning qolgan qismi relefi uzoq, davr davomida yemirilib tekislangan. Geologik tuzilishi va turli iqlim zonalarida tashki omillarning relefga turlicha ta’sir etishi natijasida materikda bir qancha geomorfologik oblastlar paydo bo’lgan: 1. O’rtacha balandlikdagi Atlas burma tog’lari. 2. Sahroi Kabir. Qumli cho’llar Sahroi Kabirning 1/4—1/8 qismini egallaydi. 3. Sudan tekisliklari o’lkasi. Bu yerda Orol shaklidagi tog’lar ko’p. 4. Yuqori Gvineya balandligi. Uning g’arbida kristall jinsli qoldiq tog’lar va sharqida asosan qumtoshli platolar uchraydi. 5. Kongo botig’i. 6. Habashiston tog’ligi. 7. Somali zinapoyali platosi. 8. Uzilmalar va grabenlar bilan o’yilgan Sharqiy Afrika tog’ligi. Bu toglikning ba’zi joylari lava bilan to’lgan va vulqonlar ko’tarilib turadi. 9. Janubiy Afrika Kalaxari botig’ini va uning atrofidagi balandliklarni hamda Kap tog’larini o’z ichiga oladi. Foydali qazilmalari. Afrikada xilma-xil foydali qazilmalar bor. Bulardan ko’plari dunyodagi eng katta konlardir. Foydali qazilma konlari turli geologik davrlar yotqiziklarida uchraydi. Afrikaning asosiy mineral boyliklari kembriydan oldin va kembriy davrida hosil bo’lgan. Marganes rudalari, boksit, oltin, qalay, niobiy va asbest konlari kembriydan oldingi jinslar tarkibida uchraydi. JAR, Svazilend va Zimbabveda xrizotil-asbest konlari, JARda surma va korund konlari, dunyodagi uran aralash eng boy oltin konlari, Zimbabveda xromit va oltin konlari, Gvineyada boksit konlari, Ganada marganes rudasi, boksit va oltin konlari, Kongoda kumush, Nigeriyada kumush va kolumbit, Madagaskar orolida grafit bor. Markaziy Afrikaning mis mintaqasi kembriy davrida hosil bo’lgan jinslar orasida Zambiyada ko’p uchraydi. Bu yerda mis bilan birgalikda kobalt, uran, rux, namibiyada vanadiy, berilliy va litiy konlari, Marokashda kobalt va polimetall konlari bor. Janubiy Afrikadagi kumush, xromit, marganes, temir rudalari, titanmagnetit va flyuorit konlari quyi paleozoyda hosil bo’lgan. JAR va Kongo demokratik Respublikasidagi tub olmos, JAR va Zimbabvedagi kumir konlari, Sahroi Kabirning Jazoirga qarashli qismidagi neft konlari, Misrdagi marganes konlari mezozoy (yura va bo’r davrlari) da hosil bo’lgan. Atlantika sohilidan Misrgacha cho’zilgan keng maydonda fosforit, Marokashda marganes rudasi, Marokash, Jazoir va Tunisda temir, qo’rg’oshin, rux konlari mavjud. Iqlimi. Ekvator chizig’i materikni teng ikki qismga bo’lib turganidan Afrikaning ekvatordan shimol va Janubiy tomondagi qismlari bir xil iqlim mintaqalariga ega: ekvator iqlimi zonasidan keyin ekvator musson iqlimi, tropik va subtropik iqlim zonalari keladi. Ekvatordan shimol va Janub tomonda yil fasllari bir-biriga teskaridir, ya’ni shimolda yoz bo’lganida Janubda qish bo’ladi va aksincha, Janub yarim sharda yozda oylik o’rtacha temperatura 30° dan ortiq bo’lganda, shimol qismida pasayib 10°, 25°ga tushadi. Yozda Afrikaning shimoliy yarmida o’rtacha oylik temperatura 25°, 30° (Sahroi Kabirda), Janubiy yarmida esa 25°, eng Janubda 12° bo’ladi. Afrikadagi Tripoli shahri (Liviya) yaqinida yer yuzida eng yuqori temperatura (58°) qayd qilingan. Kongo botig’i va Gvineya qo’ltig’ining shimol sohilida juda ko’p (yiliga 1500-2000 millimetr) yog’in tushadi. Afrikada eng seryog’in joy Debunja (Kamerun tog’i etagi) da, yiliga 9655 millimetr yog’in tushadi. Yog’in miqdori, Sudanda Janubdan shimolga tomon kamayib boradi. Qolgan rayonlarda ekvatorga hamda Hind okeaniga yaqinlashgan sari ortadi (200 millimetrdan 1500 millimetrgacha); Sahroi Kabirda, Kalaxarining Janubiy-g’arbida va Namib cho’lida, iqlimni sovitib yuboradigan Bengela oqimi ta’siri natijasida ahyon-ahyondagina bir oz yomgir (100-200 millimetr) yog’adi. Afrikaning shimol va Janub chekkalarida yomg’ir qishda (yiliga 600-700 millimetr) yog’adi. Suvlari. Afrikada daryolarning geografik taqsimlanishi ham, sersuvligi ham turlicha. Atlantika okeaniga Kongo (Afrikadagi eng sersuv va uzunligi jihatidan ikkinchi o’rindagi daryo — 4370 kilometr), Niger, Oranj daryolari quyiladi. Hind okeaniga quyiladigan daryolardan eng kattasi Zambezi (2660 kilometr). O’rta dengizga asosan Nil (Afrikadagi eng uzun daryo — 6671 kilometr) quyiladi. Afrika maydonining 1/3 qismidan ko’prog’i ichki suv havzalaridir. Bu yerlarda sernam mavsumlardagina suv oqadi (Sahroi Kabir, Kalaxari, Sharqiy Afrikaning bir qismi). Katta daryolar turli xil iqlimli o’lkalardan oqib o’tadi va rejimi juda murakkab. Daryo o’zanlarida ostonalar va sharsharalar ko’p (Nil ostonalari, Zambezidagi Viktoriya sharsharasi, Kongodagi Stenli va Livingston sharsharalari). Afrikadagi eng yirik ko’llar tektonik yo’l bilan hosil bo’lgan: Sharqiy Afrikadagi Albert, Eduard, Kivu, Tanganika (chuqurligi 1435 metr — chuqurligi jihatidan dunyoda Baykal ko’lidan keyin 2-o’rinda), Nyasa, Rudolf ko’llari ana shulardandir. Afrikadagi eng yirik ko’l — Viktoriya ko’li. Efiopiya tog’ligida tana ko’li bor, chala cho’l o’lkalarida oqmaydigan sho’r ko’l ko’p (Chad, Ngami). Tuproq va o’simliklari. Afrikada tuproq o’simlik qoplami zona-zona bo’lib joylashgan. Gvineya qo’ltig’ining shimoliy sohili va Kongo botig’i sernam bo’lganidan podzollashgan laterit tuproqlarda doim yashil sernam ekvatorial o’rmonlar o’sadi. Bu o’rmonlar qalin, yarusli bo’lib, daraxt turlari nihoyatda ko’p, liana (chirmoviq) lar va epifitlarga boy. Yozda yog’in yog’adigan rayonlarda siyrak o’rmonlar — savannalar (tropik o’rmonli dashtlar), tikanli butazorlar uchraydi. Savannalarda g’allagulli o’tlar yilning quruq faslida qovjirab qoladi. Daraxtlar barg tashlaydi. Savannalarda daraxtlardan palma, baobab, akasiya va boshqalarlar o’sadi. Savannalarda qizil va qizil-qo’ng’ir tuproqlar, savanna o’rmonlarida qizil-jigarrang to’proqlar tarqalgan. Savannalarning ancha qismi haydab yuborilgan yoki yaylovga aylantirilgan. Chullarda (Sahroi Kabir, Namib) o’simlik siyrak, turlari kam. Sahroi Kabirda kserofitlar — yantoq, bargsiz retam butasi, lekanora lishaynigi, quruq o’zanlar bo’ylab yulg’un, akasiya o’sadi, suv bor joylarda (vohalarda) xurmo ekiladi. Kalaxari cho’lining Janubiy-g’arbida sukkulentlar, Namib cho’lida velvichiyalar o’sadi. Afrikaning shim. subtropik yerlarida hamda Janub chekkalarida doim yashil butazorlar tipik o’simliklardir; tog’yon bag’irlari o’rmonlar bilan qoplangan. Afrikada 40000 dan ortiq gulli o’simlik turlari bor. Afrikaning katta qismi Paleotropik oblastga kiradi. Sahroi Kabir va Afrikaning Shimoliy sohili Golarktika oblasti tarkibidadir. Qit’aning eng janubiy-g’arbiy chekkasi kap oblastini hosil qiladi. Afrika hayvonot dunyosi boy va xilma-xil. Shimoliy Afrika va Sahroi Kabir Palearktika oblastiga kiradi. Bu yerlarda Janubiy Yevropa hayvon turlari bilan birga efiopiya zoogeografik oblasti turlari uchraydi. Afrikaning qolgan hududi Efiopiya oblastiga kiradi. Sirtlon, viverra, dumsiz maymunlar, quyon, tuvaloq (Atlas tog’larida), mendasa va bubala jayranlari, oddiy g’izol, fenek tulkisi va boshqalar (Sahroi Kabirda), Janubiy Yevropa hayvonlari, ko’zoynakli ilon, daman, tuyaqush Efiopiya oblasti hayvonlaridir. Sahroi Kabirda bir o’rkachli tuya boqiladi. Efiopiya oblasti qalin o’rmonlarida maymunlar, fillar, buyvollar (suv sigiri), mitti suv ayg’irlari, qushlardan aksari o’rmalab chiquvchilar (qizilishton, sassiqpopishak, kulrang to’tiqush) uchraydi. Qo’ng’iz, kapalaklar juda ko’p. Savanna, chala cho’l va cho’llarda o’txo’r hayvonlar: jayranlar (40 ga yaqin turi bor), zebra, jirafa, karkidon, begemot, buyvol, fillar; yirtqichlardan Arslon, qoplon, gepard, silovsin va sirtlonlar: hasharotlardan termitlar va tsese pashshasi ko’p. Noyob hayvonlar qo’riqlanadi. Tabiat rayonlari. Afrika tabiiy sharoitiga ko’ra quyidagi rayonlarga bo’linadi: Shimoliy Afrika — ichki plato atrofini o’rab olgan Atlas tog’lari oblasti; Sahroi Kabir — dunyoda eng katta tropik cho’l; Sudan — savannalar va siyrak o’rmonlar oblasti; Afrikaning qolgan hududi geologik tuzilishi va relyefiga, iqlimi hamda tuproq-o’simlik qoplami xususiyatlariga kura Markaziy Afrika (Kongo botig’i va uning atrofidagi balandliklar), Somali yarim oroli, Sharqiy Afrika va Janubiy Afrikaga bo’linadi. O’rganilish tarixi. Shimoliy Afrika qirg’oqlari miloddan avvalgi 2-asrdan boshlab misrliklarga ma’lum edi. Milodgacha bo’lgan 6 asrda materik qirg’oqlari bo’ylab finikiyaliklar suzib chiqqanlar. Milod boshlarida indoneziyaliklar Madagaskar orolini kashf etib, uning Sharqiy qirg’oqlarini egalladilar. Arablar o’rta asrda shimoliy Afrikani egallab bo’lgach, uning Sharqiy qismiga borganlar. Afrikaning g’arbiy qirg’oqlari portugallarning Hindistonga boruvchi dengiz yo’llarini qidirish vaqtlaridan ma’lum bo’lgan. 1443-44 yillarda N. Trishtan Mavritaniya qirg’oqlarini kashf etdi. Shu davrdan boshlab qul sotish ishlari boshlandi. 15-asrdagi B. Diash, Vasko da Gamalarning Afrikaga sayohatlari ma’lum. 16-a.srda materik qiyofasi ma’lum bo’lgan edi. Materik ichki qismlarini 16-18-asrlarda portug’allar, ingliz va frantsuzlar o’rgana boshladilar. 19-asrdan boshlab materik ichki rayonlari yanada mukammal o’rganila boshladi (D. Livingston, G. Bart, J. Spik, G. M. Stenli, R. Kays va boshqa ekspeditsiyalari). Afrika tabiatini o’rganishda rus sayohatshunoslari — E. P. Kovalevskiy va V. V. Yunker xizmatlari bor. Aholisi. Afrika — antropogenez markazlaridan biri. Bu haqda 20-asrning 50-70- yillaridagi topilmalar ko’rsatgan. Minglab yillar davomida Afrikada aholining turli etnik guruhlari tarkib topgan. Hozirgi vaqtda Afrikada dunyo aholisining qariyb 1/10 qismi yashaydi. Irqiy tarkibi juda xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Negroidlarning turli tiplari Afrika hududida Sahroi Kabirdan Janubga qarab tarqalgan. Janubiy Afrikada bushmen va gottentot irq guruhlari mavjud. Shimoliy Afrikani yevropoidlarning Janubga xos xalqlari egallagan. Negroid va yevropoidlarning qadimdan bir-birlari bilan aloqasi natijasida Efiopiya irq tiplari ham tashkil topgan. Madagaskar orolida mongoloidlar irqiga mansub aholi yashaydi. Afrika aholisi juda ko’plab qabila va millatlardan tarkib topgan. Mustamlaka tuzumi aholi rivojlanishini to’xtatib qo’ygan. Mustamlakachilikka qarshi kurash, davlat mustaqilligiga erishish, milliy ongning o’sishi, madaniyat markazlarini tashkil etish — hammasi etnik birlashuvni tezlashishiga olib keldi. Buning natijasida Afrikada yangi xalq va millatlar tarkib topdi. Afrikaning ko’plab xalqlari hali yaxshi o’rganilmagan. Afrikada 4 ta lingvistik oila: afroosiyo, kongokordofan, Nil-Sahroi Kabir va koysan til sinflari mavjud. Yevropoid irqiga taalluqli — ingliz, frantsuz, ispan, Italiya, Portugal va boshqa xalqlar Afrika aholisining 3% ni tashkil qiladi. Afrikada aholining 42% musulmon, 22% xristian, 36% mahalliy an’anaviy dinlarga e’tiqod qiladi. Siyosiy bo’linishi. Ikkinchi jahon urushidan keyin mustamlaka tuzumining yemirilib borishi va milliy ozodlik harakatlarining kuchayishi natijasida hozirgi zamon Afrika siyosiy xaritasi mutlaqo o’zgarib ketgan. Avvalgi Yevropa davlatlari mustamlaka tizimida bo’lgan bir qancha davlatlar o’z erkinligiga erishgan va o’nlab yangi davlatlar tashkil topgan. Hozirgi vaqtda Afrikada 53 ta davlat va Ispaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya mulki bo’lgan davlatlar joylashgan.