Naflilik

Naflilik — moddiy va ma’naviy ne’matlar, tovarlarning o’z xususiyatlariga ko’ra, ehtiyojlarni qondirish xossasi; tovarlar va xizmatlarni iste’mol qilishdan har bir shaxs oladigan muayyan qoniqish. Iqtisodiy nazariyaning asosiy tushunchalaridan biri. Naflilik darajasi — sub’yektiv tushuncha, u shaxsning manfaati, u yoki bu ne’matga intilishiga bog’liq. Ne’matlarning inson uchun muhimligi va ahamiyati ularning inson uchun nafliligiga — ular qondiradigan ehtiyojlarning ehtiyojlar tartibidagi o’rniga, darajasi va ahamiyatiga bog’liq. Har qanday ne’matlarning Naflilik darajasi uning tabiiy xossalariga, sifatiga bog’liq. Mahsulot nafliligi o’sishi uchun uning tabiiy va sun’iy yaratilgan xossalari sifatini yaxshilash lozim. Masalan, buyumning sifati yaxshilanib xizmat qilish muddati 2 marta ortsa, uning nafliligi 2 marta ortib, oldingisiga nisbatan 2 marta ko’proq ehtiyojni qondiradi. Shuning uchun xam iqtisodiy o’sishning muhim omili mahsulot sifati va uning Naflilik darajasini oshirishdir. Ayrim tovarlardan qoniqish yakka qoniqishdir, ammo tovarlarni iste’mol etishda umumiy qoniqish ham paydo bo’ladi. Umumiy Naflilik — iste’mol qilinadigan boyliklarning barcha tarkibiy qismlari bo’yicha nafliligidir. Umumiy Naflilik tovarlar guruhiga daxldor va kishilar talabini tez o’zgartiradi. Umuman, tovarlar xilma-xil bo’lganda Naflilik pasayishga moyil bo’ladi. Tovarlarning naf keltirish xususiyati — iste’mol etish jarayonida iste’molchida qoniqish hosil eta olishi, ya’ni xaridorning individual didiga qarab ehtiyojni qondira olishidir. Tovarning naf keltirishi qanchalik yuqori bo’lsa, shunchalik narxning qiymatdan hol kam uchraydi, chunki tovarlar g’oyat ko’p bo’lganidan ayrim tovarlar nafliligi o’ta yuqori bo’lmaydi, o’rinbosar tovarlardagi Naflilik uni tutib turadi. Narxning tovar nafliligiga monand oshib borishi cheksiz emas. Chunki naf keltirish me’yorining ham eng oxirgi chegarasi bo’ladi. Shu chegaradan o’tgach, tovarning nafligi pasaya boradi. Shundan so’ng, xarid etilgan va iste’mol qilingan tovar nafligi pasayadi. Chunki, xarid narxining cheklanganligi tufayli xaridor o’z qo’lidagi puliga yuksak qoniqish hosil qiladigan tovarlarni oladi. Bu Naflilikning yuqori nuqtasi (Maksimizatsiyasi) deyiladi. Bozor sharoitida iste’mol tanlovining asosiy chegaralari tovarning narxi va iste’molchining daromadi hisoblanadi. Shu sababli, nafaqat tovarning nafliligi, balki Naflilikning mazkur tovar narxi bilan nisbati ham ahamiyatga ega. Bunday nisbat chamalangan (hisobga olingan) me’yoriy Naflilik deyiladi. Jamiyat rivojlanishida moddiy va ma’naviy ne’matlarning Naflilik juda muhim masala bo’lganidan iqtisodiy tafakkur tarixida ob’yektiv va sub’yektiv nuqtai nazarlarda turadigan bir qancha Naflilik nazariyalari paydo bo’ldi. Naflilik muammosiga siyosiy iqtisoddagi Avstriya maktabi vakillari E. Byom-Baverk, F. Vizer, K. Menger, shuningdek, G.Gossen va boshqalar katta e’tibor berganlar. Ularning fikricha, kishilar ne’matlarni Naflilikga ega bo’lgani uchungina qadrlaydilar, iste’molchi nazarida qadrli bo’lgan narsagina qadr-qimmatga egadir. Kishilar muayyan tovarlarni qadrlaganlarida uning faqat ob’yektiv Naflilikni yoki sub’yektiv Naflilikni (uni iste’mol etishdan olinadigan qoniqishni, nafni) hisobga olish bilan cheklanmasdan, uning mehnat natijasi ekanligi, ijtimoiy mehnatning mujassam ekanligini, ya’ni muayyan ijtimoiy qiymatga ega ekanligini ham hisobga oladilar, tovarni ob’yektiv Naflilik va ijtimoiy qiymat birligidan iborat mahsulot sifatida qadrlaydilar. Ne’matning su’ektiv qadr-qimmati uning ob’ektiv qadr-qimmatining, ob’yektiv Nafliliki va ijtimoiy qiymati birligining insoniy ehtiyoj, farovonlik nuqtai nazaridan qadrlanadigan sub’yektiv ahamiyatidir. Ad.: Samuelson P.A., Nordxauss V.D., Ekonomika, M., 2000. Erlis Aliqulov