AFROSIYOB
AFROSIYOB — mifologik obraz. 1) Avestoda Frangxrasyan deb atalgan. Avestoda Afrosiyob shohlik ilohiy martabasi — farn (Xvarno)ni qo’lga kiritish uchun mifologik Vorukasha dengizi tubiga tushishga ahd qiladi va bunda Anaxitadan yordam so’raydi. Lekin u bu iltimosni rad etadi. Frangxrasyan ust-boshini yechib dengiz tubiga 3 marta sho’ng’iydi, ammo harakati zoye ketadi. Avestoda u samarasiz harakat qilayotgan afsonaviy obraz sifatida namoyon bo’ladi. Bu mavzu Avestodan «Shohnoma»ga ham o’tgan. Lekin Afrosiyobning Eron podshohlari bilan jangga kirishuvi — ya’ni Eron bilan Turonning mifologik raqobati g’oyasi Avestoda yo’q. Afrosiyobni Eron shohlarining dushmani qilib ko’rsatish g’oyasi yozma adabiyotga birinchi bo’lib Firdavsiy «Shohnomasi» orqali kirgan. U Faridun (Traetaona)ning Tur ismli o’g’lidan tarqalgan shajaraga mansub. Otasining ismi — Pashang. Bu talqinda Firdavsiy zamoni uchun muhim bo’lgan turk davlatchiligi va eroniy davlatlar o’rtasida tarixiy yuzma-yuz turish — harbiy siyosiy muxoliflik o’z aksini topgan. Shu bilan Afrosiyobning ilohiy oliy baxt, hokimiyat ramzi — farn ilinjidagi mifologik shaxs qiyofasi tarixiylik kasb etgan. Mifologik tasavvurdan o’sib chiqqan adabiy an’ana, ya’ni Afrosiyob Turon podshohi degan tushuncha tufayli xalq orasida Samarqandning qadimiy qo’rg’oni, Toshkentdagi Mingo’rik xarobalari, Buxorodagi Romitan qo’rg’oni kabi yodgorliklarni uning nomi bilan bog’lash hanuz saqlangan. 2) turkiy yozma yodgorliklarda Afrosiyob epik qahramon To’nga Alp Er (Yusuf Xos Hojibda), Alp Er To’nga (Mahmud Koshg’ariyda) bilan bir shaxs qilib ko’rsatilgan. Bu qiyoslanish har ikki obrazni Turon bilan bog’liqligi tufayli yuzaga kelgan. Ba’zi olimlar (A. Abdurahmonov) Afrosiyobni tarixiy shaxs deb hisoblaydilar. Aslida Afrosiyob va Alp er To’nga miflari orasida katta tarixiymadaniy tafovut va anaxronizm mavjud. Afrosiyob ibtidoiy tafakkurning mifologik hosilasi, Alp er tunga esa Turk davlatchiligi davrlarining umumlashmasi sifatida alohida o’rganilishi lozim. 3) Turkiy xalqlar bobokaloni, turkiylar podshosi, Bahodir, Jahongir yo’lboshchi. Qoraxoniylar va Saljuqiylar o’z shajaralarini Afrosiyob dan boshlaganlar. Turli yozma manbalarda Afrosiyob haqidagi ma’lumot turlicha. Masalan, «Buxoro tarixi» (Narshaxiy)da Afrosiyob 2000 yil yashagan afsungar, kuyovi Siyovushning qotili, Romitan qal’asi bunyodkori va, nihoyat, Siyovush qasosi uchun o’g’li Kayxusrav tomonidan o’ldirilgan deb ko’rsatiladi. Mirsodiq Ishoqov.
AFROSIYOB — Samarqandning qadimgi xarobasi. Bu nom tarixiy manbalarda qadimgi Samarqandga nisbatan faqat 17-asrdan boshlab uchraydi. Qadimgi Samarqand Sug’d manbalarida Smarakanve deb atalgan. Miloddan avvalgi 4-asrda Samarqand Aleksandr Maqduniy qo’shinlari tomonidan istilo etilgach, yunon mualliflari kundaliklarida Marokanda sifatida eslatiladi. Marokanda Smarakanvening yunoncha tarjimasi. Movarounnahrda Somoniylar hokimiyat tepasiga kelgach, qadimgi Smarakanve 9-asrdan boshlab Samarqand deb atala boshlandi. 11-15-asrlarda turkiy tilda bitilgan adabiyotlarda Samarqand Semizkent sifatida uchraydi. 15-asrdan forsiy va turkiy tillardagi manbalarda bir xilda Samarqand nomi ishlatiladigan bo’ldi. Afrosiyob hozirgi Samarqandning shimoliy chegarasiga tutashgan keng bo’sh tepaliklar bo’lib, uning maydoni 219 gektar. Tepalikning shimoliy Siyob arig’i bilan chegaralangan. Janubiy tomondan «Eski shahar» deb atalgan Samarqandga qo’shilib ketgan. Shaharning dastlabki tarixi haqida yozma manbalarda ma’lumotlar juda kam uchraydi. Ko’hna shaharda o’tkazilgan arxeologik qazishlar esa bunday ma’lumotlarni ko’proq bermoqda. Arxeologik qazishmalar bir necha metr qalinlikdagi madaniy qatlamlar qanday bo’lganligini ko’rishga, boylar va kambag’allarning uylarini, hunarmandlarning ustaxonalarini, savdogarlarning do’konlarini, ko’cha va maydonlarni, shohona saroylar va ibodatxona, masjid va madrasalarni, mudofaa inshootlarini, shaharning suv bilan ta’minlash tizimi va hokazolarni aniqlashga yordam beradi. Afrosiyob va uning topilmalariga qiziqish 1868 yilda Chor Rossiyasi tomonidan Samarqand bosib olingandan keyin boshlandi. Afrosiyobda dastlabki qazish ishlari bilan mayor Borzenkov (1874), podpolkovnik V. V. Krestovskiy (1883), sharqshunos olimlar N. I. Veselovskiy (1884-85, 1895), V. V. Bartold (1904) va V. L. Vyatkin (1905; 1912-13) lar shug’ullanishdi. 1919 yilda M. E. Masson, V. L. Vyatkin tadqiqot boshlagan joylarda qazish ishlarini davom ettirib, Somoniylar saroyi (9- asr) xarobalarini ochdi. 1925, 1929-30 yillarda V. L. Vyatkin Afrosiyobda qazish ishlarini davom ettiradi va uning turli davrdagi tarixiga oid ko’plab materiallar to’playdi. Ammo 1930 yillarga qadar Afrosiyobda olib borilgan arxeologik qazishmalar qadimgi Samarqand tarixiga doir juda kam materiallar bergan. Urushdan keyin O’zbekiston faning Tarix va arxeologiya instituti olimlaridan A. I. Terenojkin tomonidan Afrosiyobda jiddiy dala tadqiqotlari o’tkazildi. Natijada uning eng pastki qatlamidan miloddan avvalgi 6-5-asrlarga taalluqli buyumlar, uy-joy xarobalari topildi. V. A. Shishkin (1958-66) va ya. G’. G’ulomov (1967-70)lar rahbarligida olib borilgan keng ko’lamli arxeologik qazishlar natijasida qadimgi madaniy qatlam materiallari Afrosiyobning boshqa joylaridan ham topildi. 1966 y.il 13 iyulda Afrosiyobni arxeologik jihatdan kompleks o’rganishni tashkil etish maqsadida Respublika hukumatining maxsus qarori qabul qilindi. Unga ko’ra, Afrosiyob «Arxeologik qo’riqxona» deb e’lon qilinib, uni o’rganish ishiga Toshkent va Samarqand davlat universitetlari hamda Madaniyat vazirligining San’atshunoslik instituti ham safarbar etildi. Aniq ilmiy rejalar asosida boshlangan arxeologik tadqiqotlar tufayli nafaqat shaharning ko’p asrlik yoshi, balki uning har xil davrlardagi tarixiy topografiyasi, shahar tarkibi, shahar hayotining rivojlanish bosqichlari, bosqinlar tufayli yuz bergan buhronlar davri aniqlandi. Samarqand ixshidlarining shohona saroyi ochildi. Afrosiyobda topilgan arxeologik materiallar Samarqand miloddan avvalgi 8-5-asrlarda Sug’diyonaning Markaziy shahri sifatida vujudga kelganligini ko’rsatadi. Miloddan avvalgi 329 yilda shahar Aleksandr Maqduniy qo’shinlari tomonidan vayron etilgan, uning izlari hozirgacha shahar mudofaa inshootlarida yaxshi saqlangan. Miloddan avvalgi 3— 1-asrlarda, Kushonlar saltanati davrida shahar hayotida yuksalishlar yuz bergan. Miloddan avvalgi 3-asrda shahar qo’shaloq mudofaa devori bilan o’rab olingan. U davrlarning qalin madaniy qatlami Afrosiyobning shimolida, uning arki a’losi joylashgan qismida yaxshi saqlangan. Arxeologik materiallar va yozma manbalarda ta’kidlanishicha, bu zamonda Samarqand orqali Buyuk ipak yo’li o’tgan, ichki va tashqi savdo, hunarmandchilik rivoj topgan. Ilk o’rta asrlarda Samarqand Sug’diyonaniig bosh shahri sifatida nufuzli mavqega ega bo’lib, shahar ijtimoiy va iqtisodiy xayotida tub o’zgarishlar yuz berdi. Badavlat dehqon xo’jaliklari kuchaydi, xuddi shu kezlarda ularning qasrlari joylashgan Afrosiyobning shim. qismi mudofaa devori bilan o’rab olindi. Bu holat Movarounnahr va unga qo’shni viloyatlarda ham yuz berdi. Bu davrda Samarqand hukmdorlari «Ixshid», Buxoro hukmdorlari esa «Buxorxudot» deb atalgan. 712 yilda arablar fotihi Qutayba ibn Muslim qo’shin tortib kelganda, Samarqandning mudofaa devorlari mustahkam bo’lib, atrofida suv to’la xandaq bor edi. Qutayba Samarqandga Farg’ona, Shosh va turklardan yordamga kelgan lashkarlarni yenggach, ko’maksiz qolgan Sug’d hokimi G’urak noiloj u bilan sulh tuzdi, shaharning ichki qismi (Shahriston)ni arablarga bo’shatib berishga majbur bo’ldi. Arxeologik topilmalar Islomga zid bo’lgan haykal va devoriy rasmlarning ataylab qilich bilan chopilganini isbotlaydi. 9-asrning ikkinchi choragidan Movarounnahrda hokimiyat Somoniylar qo’liga o’tdi. Buxoro ularning markaziga aylandi. Shu davrda Samarqand iqtisodiy va madaniy jihatdan tez rivojlandi. Afrosiyobda Somoniylar davrida o’ymakor ganch naqshlar bilan bezatilgan saroylar, badavlat dehqon xonadonlari, masjid va madrasalar, hammom va kanalizasiyalar, tosh ko’chalar topilmoqda. Shaharni suv bilan ta’minlash og’irligidan aholining ehtiyojini qondirish uchun shahar hayotining dastlabki yillaridayoq Darg’om tomonidan kanal qazib, suv keltirilgan. Ana shu kanal izlari hozirgi shahar xiyobonining Janubda, Alisher Navoiy haykali qad ko’tarib turgan maskanda ochib o’rganildi. Bu kanal Registon maydoni orqali Hazrati Xizr masjidi tomon yo’l olgan. Tarixiy manbalarga ko’ra Afrosiyobga Janubdan kiraverishda shahar xandaqi ustiga pishiq g’ishtlardan ravoqpi suvayirg’ich qurilib, uning tepasidan katta ariq o’tkazilgan. Bu ariqni «Juyi arziz» («Qo’rg’oshin ariq») deb ataganlar. Ariq shu yerda uchga bo’lingan va shahar oralab Siyob arig’i bo’yiga borgan. 10-asrning oxirida Movarounnahrda hokimiyat Qoraxoniylar qo’liga o’tganida ham Samarqandda savdo, hunarmandchilik, shahar obodonchilik ishlari davom etadi. Shaharning hunarmandchilik qiyofasi kuchayib, zodagon dehqon qasrlari endi shahar tashqarisida, ularning dala hovlilarida markazlashadi. 1220 yilda Chingizxon qo’shinlari «Juyi arziz» to’g’onini buzib, shaharni suvsiz qoldirdi. Shahar mudofaachilari tengsiz jangda taslim bo’ldilar. Bosqinchilar shaharning devor va darvozalarini vayron qilib saroy, masjid va madrasalarga, aholi xonadonlariga o’t qo’ydilar. Aholining katta qismi jangda qirildi, hunarmandlar Mo’g’ulistonga haydab ketildi. Shaharni so’nggi mudofaachilari jome masjidiga yashirinib, qarshilikni davom ettirdilar. Ularning olovda yongan tanalari jang kiyimida bizgacha yetib kelib, arxeologik qazish vaqtida topildi. «Qo’rg’oshin ariq» qayta tiklanmadi. Afrosiyobda suvsiz qolgan aholi Siyobdan charxpalakda suv chiqarib, kun ko’rgan, so’ng aholi bora-bora Afrosiyobni butunlay tashlab ketgan. Kimsasiz xarobaga aylangan qadimgi Samarqand avvallari «Hisori ko’hna», «Qal’ai Hisor» atalib, 17-asrdan boshlab aholi orasida «Qal’ai Afrosiyob» yoki «Af-rosiyob» deb atala boshlangan. Afrosiyobda qazishma ishlari ayniqsa Samarqandda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti tashkil topgach, keng ko’lamda kuchaydi. Ya. G’. G’ulomovdan so’ng Afrosiyobdagi arxeologik qazishmalarga G. V. Shishkina, Sh. Toshxo’jayevlar rahbarlik qildi. Keyingi yillarda (1989 yildan) Afrosiyobni arxeologik jihatdan tadqiq etish ishiga frantsuz arxeologlari — Pol Bernar, Frans Grene va boshqalar jalb etilgan. Frantsuz arxeologik missiyasi O’zbekiston arxeologlari bilan (M. Isomiddinov va boshqalar) hamkorliqda Afrosiyobni o’rganishda qatnashmoqda. O’zbek va frantsuz olimlarining hamkorlikda olib borgan tadqiqot natijalari qadimgi Samarqand tarixiga oid qator masalalarga aniqlik kiritdi, ya’ni miloddan avvalgi 6-5-asrlarga taalluqli shahar mudofaa devorlari ostidan guvalakdan qurilgan yanada qadimgi devor qoldiqlari ochilib, Samarqandning yoshi miloddan avvalgi 8-asr o’rtalariga oid ekanligi isbotlandi; shaharning arki a’lo qismidan milodiy 8-asrga oid murabba (70×70) shaklidagi Samarqand ixshidlarining mahobatli saroyi qoldiqlari ochildi. Afrosiyobda arxeologik tadqiqot ishlari davom etmoqda. Ad.: Vyatkin V. L., Goroditshe Bilogo Samarqanda, Samarqand, 1926; Shishkin V. A., Afrosiyob — qadimiy madaniyat xazinasi, T., 1966; Afrasiyab, Sbornik, VIP. 1, T., 1969; Bernar P., Grene F., Isomiddinov M., Osnovnie rezultati raskopok Uzbeksko-frantsuzskoy ekspeditsii 1990-1992 gg., Onu, № 3-4, 1994; Isomiddinov M., O date osnovaniya Samarkanda, Onu, № 5, 1997. Ahmadali Asqarov.
«AFROSIYOB» — 4 yulduzli mehmonxona. Samarqand shahridagi teatr maydonida (Registon ko’chasida) joylashgan. Milliy va eng zamonaviy me’moriy uslubda qurilgan (1994, bosh me’mori M. X. Vohidov, bosh muxandis L. A. Muxamedshin). 9 qavatli, 278 xonasi (jami 500 o’rinli) bor, shundan 1 xonali, 2 o’rinli xona 206 ta, 2 kishiga mo’ljallangan 2 xonali lyuks xonalar 13 ta, 1 xonali, 1 o’rinli 56 ta, 4 xonali, 2 o’rinli 3 ta. Bosh vestibyuli va qavatlarida dam oladigan joy (Xoll), choyxona (80 o’rinli), restoran (450 o’rinli), banket zali (80 o’rinli), vestibyuldagi bar (52 o’rinli), kechki klub (104 o’rinli), ikki qahvaxona barlari (48 o’rinli), «Ekspress» bari (20 o’rinli), tomosha zali (301 o’rinli), konferentsiya zali (26 kvadrat metr), sauna, «Sog’lomlashtirish» klubi, basseyn (maydoni 240 kvadrat metr) mavjud. «Afrosiyob» binosi murakkab bo’rtma (qavariq) shaklda, bir necha qavati 20 metrgacha pastlikka tushgan. Maishiy xizmat, restoran, choyxona va boshqa pastki qavatlarda joylashgan. Bezaklarida marmar, granit kabi mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan. Angliyadan keltirilgan eng yangi texnika bilan jihozlangan. Habibulla Qayumov.