Nikolay II
Nikolay II (Nikolay Aleksandrovich Romanov) (1868.6. 5, Tsarskoe Selo, hozirgi Pushkin shahri — 1918. 17.6, Yekaterinburg) — Rossiyaning so’nggi imperatori (1894-1917), imperator Aleksandr III ning katta o’g’li. Nikolay II davrida mamlakat sanoat-iqtisodiy jihatdan tez sur’atlarda rivojlangan. Rossiya Yaponiya bilan bo’lgan urush (1904-05)da mag’lubiyatga uchragan, bu esa Rossiyada 1905-07 yillar inqilobiga sabab bo’lgan. Inqilob davrida (1905 yil 17 oktabr) Manifest qabul qilingan. Unga ko’ra, mamlakatda siyosiy partiyalar tuzilishiga va Davlat dumasi ta’sis etilishiga ruxsat etilgan; stolipin agrar islohoti amalga oshirila boshlangan. 1907 yil Rossiya Antanta a’zosi bo’lgan va uning tomonida turib Birinchi jahon urushida qatnashgan. 1915 yil avgustdan oliy bosh qo’mondon. Turkiston va Rossiyaning boshqa mintaqalaridan front va front ortidagi mudofaa inshootlarini qurish uchun kishilarni safarbar qilish to’g’risidagi (1916 yil 25 iyun) farmoni Turkistonda ommaviy qo’zg’olonlar ko’tarilishiga olib kelgan. 1917 yil Fevral inqilobi jarayonida taxtdan voz kechgan [2(25) mart]. Oilasi bilan birga Yekaterinburgda Lenin ko’rsatmasi bilan bolsheviklarning Ural oblast Soveti qarori asosida otib tashlangan.